Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING JORIY YIL 11-12 IYUL KUNLARI FARG‘ONA VILOYATIGA TASHRIFI DAVOMIDA BERILGAN TOPSHIRIQLARI IJROSINI TA’MINLASH YUZASIDAN TUMAN HOKIMI ANVARJON ABDULLAYEVNING QO‘SHTEPA FAOLLARI, TADBIRKORLARIGA MUROJAATI
2024-07-22 16:29:07 261
ASSALOMU ALAYKUM, AZIZ TUMANDOShLAR!
Davlatimiz rahbarining joriy yilning 11-12 iyul kunlari Farg‘ona viloyati sanoati va infratuzilmasining rivojlanishi, mahallalarda olib borilayotgan yirik bunyodkorlik ishlari bilan tanishish, yangi yirik loyihalarga start berish maqsadida amalga oshirgan tashrifi bizga yangi imkoniyatlar eshigini ochib berdi.
Faollar yig‘ilishida davlatimiz rahbari viloyatimiz iqtisodiy taraqqiyoti ahvolini chuqur tahlil etib, har bir tuman va shahar, jumladan, Qo‘shtepani har tomonlama rivojlantirish manbaalarini, foydalanishimiz zarur bo‘lgan ichki imkoniyatlarni birma-bir sanab o‘tdilar va biz, hokimlar, sektor rahbarlari, tadbirkorlar, iqtisodiy taraqqiyotga mas’ul bo‘lgan mutasaddilar, butun faollar oldiga bugunni ertaga qo‘ymay amalga oshira- digan vazifalarni ilgari surdilar.
TUMANIMIZNING ShIJOATLI IShBILARMON VA TADBIRKORLARI!
Prezidentimizning yurtimiz taraqqiyotini bundan buyon tadbirkorlar harakati belgilab berishi haqidagi gaplari Sizlarga davlatimiz rahbari nechog‘li ishonayotganini va mehnatkash xalqimiz turmush darajasini ko‘ta- rishda chinakam vatanparvarlik va xalqparvarlik bilan ish olib bori- shingiz zarurligini ko‘rsatib turibdi.
Viloyatimizda, jumladan, tumani- mizda aholi soni yildan-yilga ortib borayotgani, hozirda bu ko‘rsatkich Qo‘shtepamizda 211 mingga yaqinlashganini inobatga oladigan bo‘lsak, mehnatga layoqatli odamlarga ish o‘rni yaratish, ularning yetarli daromadga ega, hayotidan rozi bo‘lishiga erishish Sizu bizdan, kerak bo‘lsa, tunu kun fidoyilik bilan ish yuritish zarurligini taqozo etmoqda.
Tumanda salohiyatli tadbirkorlar ko‘pligi, imkoniyat ham, sharoit ham keragidan ortiqligi, agar to‘g‘ri yondashuv va tizimli ishlar tashkil etilsa, investitsiya, ishlab chiqarish, ish o‘rini va eksportni bir necha barobar oshirish mumkinligi barchamizga birday ayon.
Ushbu ishlarni izchil amalga oshirish uchun ma’ruzadan kelib chiqib, mutasaddilar bilan hamkorlikda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ichki imkoniyatlarni qayta ko‘rib chiqib, maxsus dastur ishlab chiqdik. Unga ko‘ra, Sizu biz quyidagi maqsadlarni ro‘yobga chiqarish uchun astoydil bel bog‘lashimiz kerak:
Birinchidan, “Toshkent-Osh” A-373 magistral avtomobil yo‘lining Qo‘shtepa tumani hududidan o‘tgan qismida 10 ta xizmat ko‘rsatish va servis loyihalarini amalga oshirish orqali 50 ta yangi ish o‘rinlari yaratamiz;
Ikkinchidan, 9 gektar yer maydonlarida Sarmozor kichik sanoat zonasi tashkil etiladi. Ushbu yer maydonlariga Xitoy davlatidan jalb etiladigan investor tomonidan 30,0 mln.dollar investitsiyalar jalb etilib, charm-poyabzal va savdo logistikasi tashkil etilishi natijasida 1200 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi;
Uchinchidan, tumanda qo‘shimcha 48 gektar yer maydonlarida kichik sanoat zonasi tashkil etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu sanoat zonasiga mahalliy sanoat loyihalari joylashtiriladi. Natijada 60,0 mln.dollar xorijiy investitsiyalar jalb etilishi natijasida 5,0 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi;
To‘rtinchidan, “Eshonguzar” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 11,9 gektar yer maydonida mebel ishlab chiqarish korxonalari uchun kichik sanoat zonasi tashkil etib, 1000 ta yangi ish o‘rni yaratamiz. Ayni paytda mebel mahsulotlari eksporti hajmini 15 million dollarga yetkazamiz.
Beshinchidan, “Xumdon” mahallasi hududidagi 9 gektar yer maydonidagi “Agrologistika markazi” ishini barqarorlashtirish orqali 30,0 million dollar investitsiya kiritish hisobiga eksport hajmini bosqichma-bosqich 20 million dollarga yetkazamiz;
Oltinchidan, tumanni iqtisodiy rivojlantirish maqsadida Prezidentimiz belgilab bergan yangicha tizim asosida ish olib borib, Sizlar bilan yaqindan muloqotlar olib borib, mavjud muammolarni hal etish, qo‘shimcha imkoniyatlarni ishga solish orqali joriy yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 2,94 trillion so‘mga yetkazib, o‘sish hajmini 1,1 barobarga oshiramiz;
Ettinchidan, dunyodagi hozirgi o‘ta murakkab sharoitda Davlatimiz rahbari tomonidan jahon bozorlariga yangi yo‘l ochish, xorijiy investitsiya olib kelish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berdilar. Shundan kelib chiqib, xorijiy investitsiyaning umumiy qiymati 101 million dollarlik 5 ta loyihani shakllantirib oldik va ularni Sizlar bilan birgalikda yil yakuniga qadar to‘liq ishga tushirilishini ta’minlaymiz.
Prezidentimiz o‘z ma’ruzalarida eksportyor korxonalarni qo‘llab-quvvatlashga ham alohida urg‘u berdilar. Tumanimiz ishbilarmon va tadbirkorlari 2023 yilda 86,3 million dollar miqdoridagi mahsulotni eksport qilgan bo‘lsalar, bu boradagi topshiriqqa amaliy javob berib, Sizlarning samarali harakatlaringiz bilan joriy yil yakunida bu ko‘rsatkichni 122,0 million dollarga yetkazib, o‘tgan yilga nisbatan 141 foizga o‘sishga erishiladi.
TUMANIMIZ FAOLLARI!
Aholi turmush darajasi ishga yaroqli fuqarolarning daromadli ish o‘rniga ega bo‘lishiga bog‘liq ekanligini yaxshi bilasiz. Hozirda ishsizlar soni 1690 nafarni tashkil etib, bundan tashqari yangi mehnat bozoriga 4500 nafar (Migratsiyadan kaytadigan 1918 nafar hamda 2582 nafar bitiruvchi yoshlar) fuqarolar qo‘shilmoqda, yil yakuniga qadar 6190 nafar fuqarolarning bandligini ta’minlashimiz zarur bo‘ladi. Shuning uchun ham tegishli mutasaddilar bilan bamaslahat ilgari surilgan ustuvor vazifalar ijrosiga qaratilgan dasturda aholi daromadla- rini oshirish, kambag‘allikni qisqar- tirish maqsadida yil yakuniga qadar tumanda 17 ming 344 nafar aholi bandligini ta’minlanlashni belgilab oldik. Jumladan:
-investitsiyalar, tashqi savdo va mahalliy sanoatni rivojlantirish yo‘nalishida – 1048 ta;
-moliya-iqtisod, tadbirkorlik va kambag‘allikni qisqartirish yo‘nalishida aholini doimiy, vaqtinchalik va mavsumiy ishlarda band qilish yo‘nalishida – 5300 ta;
-qishloq, suv va o‘rmon xo‘jaligida doimiy, vaqtinchalik va mavsumiy ishlarda band qilish orqali – 10380 ta;
-qurilish, transport va kommunal sohalarida aholini doimiy ishlarda band qilish va korxonalarda norasmiy ishlayotgan xodimlarni vaqtinchalik prognoz ko‘rsatkichlari bo‘yicha – 616 ta ish o‘rinlari yaratiladi.
Bu, albatta, odamlarni rozi qilish uchun Prezidentimiz ta’birlari bilan aytganda, o‘z halovatimizdan kechib, barcha imkoniyatdan samarali foydalanib ish yuritishimizni talab qilmoqda.
Aholini kambag‘allikdan chiqarish va daromadini oshirish maqsadida quyidagi ishlarni amalga oshiramiz, jumladan:
Prezidentimiz belgilab bergan loyihaga ko‘ra, tumanimiz ekin maydonlarining 1000 gektarida bog‘ va tokzorlar tashkil etishga kirishiladi; mahallalarda qiymati 60,1 milliard so‘m bo‘lgan 510 ta kichik ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish mikroloyihalarini ishga tushirish hisobiga ikkinchi yarim yillikda 1352 nafar aholi band qilinadi;
aholining 3500 nafari o‘zini-o‘zi band qilishi, 265 nafari yakka tartibdagi tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun imkoniyat yaratiladi, 175 ta yangi korxonalar va 1327 ta dehqon xo‘jaliklari tashkil etiladi;
mahallalarda tomorqa va uy xo‘jaligida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish doirasida yil yakuniga qadar 1560 nafar aholi bandligi ta’minlanadi, ushbu maqsadlarga jami 19,7 milliard so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari yo‘naltiriladi;
bank mijozlari bilan uchrashuvlar tashkil etib, ularning muammolarini hal qilish orqali 1560 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Prezidentimiz bugungi kunda migratsiyada yurgan, kam daromad olayotgan fuqarolarni o‘z yurtimizga qaytarib, ularni doimiy daromadga ega, kafolatlangan ish o‘rni bilan ta’minlash oldimizdagi eng dolzarb vazifa ekanligini ta’kidlab, bunga jiddiy yondashishimizni uqtirdilar. Hozirda tumanimiz aholisining 3989 nafari migrant hisoblanadi. Hisob-kitob qilsak, tumanimiz fuqarolarining 1972 nafari kam daromadga ega bo‘lgan migrantlar hisoblanib, ularni yurtga qaytarish chorasini ko‘rish hamda bilim va ko‘nikmalaridan kelib chiqib, ishlab chiqarish korxonalariga joylashtirish choralarini ko‘rishimiz shart.
Shuningdek, ularni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitib, subsidiya hamda imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan tadbirkorlikka yo‘naltirishimiz talab qilinyapti.
Aholining tomorqadan foydalanish madaniyatini yanada oshirib, bu yo‘nalishda tumanimizda boshlangan Sayxunobod va Uychi tajribalarini keng yoyishga mahalla mutasaddilari, ayniqsa, hokim yordamchilari o‘ta mas’uliyat bilan yondoshishlari zarur. Unutmang, bu tajriba oilalar daromadini oshirishning eng sinalgan, har bir xonadondagi inson omili va boshqa resurslardan samarali foydalanish, odamlarni mehnatga, yaxshi yashashga intilishini oshirish manbaidir.
Davlatimiz rahbarining bergan vazifa va topshiriqlaridan tegishli xulosa chiqargan holda men, Qo‘shtepaning iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyoti, xalqining hayotdan rozi bo‘lib, to‘q va farovon yashashiga birinchi darajali mas’ul sifatida Siz, azizlarning fidoyiligingizga, tumanimiz, viloyatimiz, shu aziz Vatanimiz umidli ertasiga daxldorlik hissini teran anglashingizga ishonaman.
Prezidentimiz da’vati va topshirig‘iga ko‘ra, shu mehnatkash qo‘shtepaliklar hayotini yanada farovonlashtirishdek olijanob ishga Alloh bergan kuch-g‘ayratimiz, bor salohiyatimizni bag‘ishlaylik. Bu yo‘lda barchamizga Yaratganning O’zi madadkor bo‘lsin!
Qadrli hamyurtlar!
Muhtaram piru badavlat otaxon va onaxonlar!
Aziz farzandlarimiz!
Avvalo, Yaratganga behisob shukrlar bo‘lsinki, bugun biz sizlar bilan birgalikda tinchlik-osoyishtalikda, xalqimiz farovonligi, mahalla va oilalarimiz obodligi yo‘lida ulkan islohotlar amalga oshirilayotgan bir davrda yashab, umrguzaronlik qilmoqdamiz. Mamlakatimizda inson qadrini yuksaltirish, yoshlar kelajagini ta’minlash, ayniqsa, biz – keksa avlod vakillariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish borasida olib borilayotgan tizimli islohotlar har birimizning hayotimizni yanada fayzli va mazmunli etmoqda. Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mahalla va oilalarda o‘zaro hamjihatlik, ahillik muhitini asrash, yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy qadriyatlarimiz, an’analarimizga hurmat ruhida, zamonaviy bilim va kasb-hunarlar egasi etib tarbiyalash, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yanada kuchaytirishda biz – keksa avlod vakillariga yuksak ishonch bilan qaramoqdalar.
Albatta, hayotning achchiq-chuchugini tatib ko‘rgan, oq-qorani ajrata oladigan, katta tajribaga ega bo‘lgan sizdek muhtaram otaxon va onaxonlar bizning bebaho boyligimizdir. Sizlarning foydali o‘git va nasihatlaringiz yoshlarimiz uchun doimo ibrat maktabi bo‘lib xizmat qiladi.
Dunyoda turli notinchliklar, ziddiyat va to‘qnashuvlar kuchayib borayotgan bugungi g‘oyat murakkab zamonda kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlarimizning tarbiyasi borasida zimmamizda qanday mas’uliyatli vazifalar turganini albatta, barchamiz yaxshi tushunamiz.
Afsuski, mana shunday tahlikali vaziyatda inson qalbini egallash, uni ruhiy-ma’naviy muvozanatdan chiqarishga qaratilgan tahdid va xatarlar bizning hayotimizga ham xavf solmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlardagi axborot xurujlari, kiberjinoyat va zararli diniy oqimlar yoshlarimiz ongini zaharlashga urinmoqda. Bunday sharoitda farzandlarimizning yurish-turishidan doimo xabardor bo‘lib, hushyorlik va ogohlik bilan yashashni zamonning o‘zi talab etmoqda.
Avvalo, jondan aziz farzand va nevaralarimiz bilan do‘stona muloqot qilib, ularning eng yaqin sirdoshiga aylansak, ularning qalbini, ongini ezgulik, ilm-ma’rifat, ota-ona, mahalla va Vatanga mehr-muhabbat bilan to‘ldirsak, hech shubhasiz, tarbiya masalasida jilovni mahkam qo‘lga olgan bo‘lamiz.
Har bir oilani ko‘z qorachig‘idek asrash – bizning ota-ona sifatidagi muqaddas burchimizdir. Zero, bitta oilaning parokanda bo‘lishi begunoh farzandlarning kelajagiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, xonadonlardagi notinchliklar jamiyat uchun katta ijtimoiy muammolarni keltirib chiqaradi! Qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlar oqibatida nogiron va xasta farzandlar tug‘ilishi, milliy genofondimizga katta zarar yetishi ham hammamizga ayon haqiqat. Bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun har bir yosh oila, xonadonga kirib borib, ular bilan manzilli ish yuritishimiz zarur.
Azizlar, oilaviy zo‘ravonliklar, notinchliklar yoshlarimiz hayotida, jamiyatimizda tuzatib bo‘lmas muammolarni paydo qilishiga yo‘l qo‘ymaylik!
Mahallalardagi nogironligi bo‘lgan, og‘ir turmush sharoitida yashayotgan hamyurtlarimiz, qo‘ni-qo‘shnilarimiz holidan xabardor bo‘lib, ularni hech qachon mehr va e’tibordan chetda qoldirmaylik!
Mehnat migratsiyasi bilan xorijga ketgan hamyurtlarimiz ham bizning jigarbandlarimiz. Ularning oilasi, ota-onasi bilan suhbatlashib, kasb-hunarsiz, til bilmaslik oqibatida sarson-sargardon bo‘lib yurganlarni yurtimizga qaytarib, “mahalla yettiligi” orqali ularni ish bilan ta’minlash choralarini ko‘raylik!
O’zbekiston Prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tuzilgani, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boshqarmalari, tuman hamda shaharlarda esa “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tashkil etilgani natijasida o‘zgalar ko‘magiga muhtoj, qalbi o‘ksik insonlarning muammolariga yechim topilmoqda. Ana shunday hamyurtlarimizga pul va ehsonlar berish bilan birga, ularni qurbi yetadigan, sog‘ligi ko‘taradigan hunarga o‘rgatib, shu asosda bandligini ta’minlab, ularda o‘z kuchi va imkoniyatiga ishonchni shakllantirishga ham e’tibor qarataylik!
Har bir oilaning ichki imkoniyatlarini yuzaga chiqarish, ayniqsa, tomorqachilikni rivojlantirish, turli kasb-hunarlar orqali aholimizning daromad topishiga ko‘maklashish ham dolzarb vazifamiz.
Tomorqa — beqiyos xazina ekanini yosh oilalar hayotiga singdirish uchun bu borada “ustoz – shogird” an’analarini hayotga keng tatbiq etaylik! Har bir xonadonda kattami, kichikmi issiqxonalar tashkil etib, pomidor, bodring, ko‘kat va limonlar parvarishlashni yoshlarga o‘rgataylik! Mehnat ortidan keladigan qut-baraka, baxtli va fayzli hayot qadrini joylarda turli yig‘in va ma’rakalarda, ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ib etaylik!
Ko‘zimiz nuri, dilimiz g‘ururi bo‘lgan aziz yoshlar!
Muhtaram Prezidentimiz yaqinda Yoshlar kuni munosabati bilan sizlarga yo‘llagan tabrigida “Yangi O’zbekiston yoshlari” degan sharafli nomga har tomonlama munosib bo‘lgan yigit-qizlar bizning bebaho boyligimiz, oltin fondimizdir”, deb, alohida ta’kidladi. Mehr va e’tiborga to‘la bunday so‘zlar zamirida sizlarga bo‘lgan katta ishonch mujassam. Bu ishonchni oqlash yo‘lida sizlar doimo oldinga intilib, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni, xorijiy tillarni, raqamli texnologiyalarni puxta egallab, yoshlikni g‘animat bilib, vaqtni qadrlab, el-yurtimizga astoydil xizmat qilishga hozirdan tayyor bo‘ling!
Hech qachon unutmang, haqiqiy baxt, avvalo, ona yurtga chin dildan xizmat qilib, uning mehrini, e’tiborini qozonishda namoyon bo‘ladi.
Yoshlar uchun bugungidek mislsiz sharoitlar ilgari hech qachon bo‘lmagan! Yurtimizda hech qaysi avlod davlat rahbarining bunchalik mehri va e’tiborini his qilib yashamagan! Bularning qadriga yeting!
Birgina yoshlarning daromadlarini oshirish maqsadida yer berish bo‘yicha joriy etilgan yangi tizim orqali bu yil 156 ming yoshga 60 ming gektar yer maydoni 30 yil muddatga ijaraga berildi. Azmu shijoatli yoshlarimiz ana shu imkoniyatlardan unumli foydalanib, yaxshi natijalarga erishmoqda. Afsuski, bu imkoniyatlardan yetarlicha foydalana olmayotgan yoshlar ham yo‘q emas. Ularda zarur bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishda muhtaram nuroniylarimizning beg‘araz yordami juda muhim. Siz, aziz yoshlar, o‘zingizga ustozlik qilayotgan mo‘’tabar keksalarning maslahatlariga amal qilsangiz, hech qachon kam bo‘lmaysiz. Chunki hayotda ne-ne sinov va mashaqqatlarni ko‘rgan mehnat faxriylari, ustozlaringiz, bobo va momolaringizning tajribasi, ilmi va nasihatlari – o‘ziga xos akademiyadir.
Qadrli ota-onalar, usta-hunarmandlar, bog‘bon va dehqonlar!
Er bilan tillashishda, suvdan tejab-tergab foydalanishda yoshlarning maslahatchisi bo‘lib, yonida turib, ularga oltindan qimmat o‘gitlaringizni darig‘ tutmang! Ko‘zlari chaqnab turgan dilbandlarimizning milliy an’analarimizga, ona tuprog‘imizga mehr bog‘lashida, o‘ziga ishonchi, e’tiqodi mustahkamlanishida kamarbasta bo‘ling!
Yoshlarni biz yetaklamasak, shubhasiz, boshqalar yetaklaydi. Ularni biz o‘qitmasak, boshqalar o‘qitadi. Farzandlarimizga Yangi O’zbekistonning taraqqiyot g‘oyalarini, qadimiy tariximiz, boy madaniyatimizni aniq dasturlar asosida, hayotiy misollar bilan singdirmas ekanmiz, ularga boshqalar o‘z mafkurasini tiqishtiradi. Bu – aniq.
Muhtaram otaxon va ona- xonlar, mahalla faollari
Bugungi dunyo – shafqatsiz raqobat dunyosi. Yovuz kuchlar internet orqali milliy ma’naviyatimizga, qadriyatlarimizga, sharqona odob-axloqimizga mutlaqo yot bo‘lgan “madaniyat”larini yoshlarimiz ongiga sindirishga urinmoqda. Ularga o‘zbekona madaniyat, o‘zbekona ma’rifiy hayot, o‘zbekona hamjihatlik qanday bo‘lishini amaliy ishlarimiz bilan ko‘rsatib qo‘yaylik! Toki, ular bu yurtda g‘oyaviy-ma’rifiy sohaning chinakam mard va bahodirlari borligini bilsin va bundan xulosa qilsin!
Bugungi nurli, fayzli hayotimiz, farzandlarimizning baxtiyor nigohlariga qarab, cheksiz shukronalar aytar ekanmiz, har birimizning qalbimizda yoshlik yillarimizdan qolgan mashaqqatlar og‘rig‘i, tabiiyki, bot-bot o‘zini sezdirib turadi. Bizning bolalik yillarimiz yoz chillasidagi jazirama issiqlar, kuzning izg‘irinli shamollari, dekabrning qahraton sovuqlarida paxta dalalarida o‘tmadimi? Soxta va balandparvoz shiorlarga aldanib, sovuqda tars yorilgan qo‘llari bilan ko‘sak chuvib yurgan o‘quvchi va talabalar yoshlik zavqidan bebahra bo‘lmadimi? Mana, bugun o‘sha azoblar ortda qolib, tarixga aylandi. Yurtimiz obod bo‘lib, yoshlarimizga beqiyos imkoniyat eshiklari ochilmoqda. Ularning qalbida bugungi tinch va erkin hayotimiz uchun, xohlagan ilm va hunarni o‘rganib, kamol topishlariga, yaratilayotgan barcha imkoniyatlar uchun shukronalik hissini kuchaytiraylik! Zero, bugungi kunni qadrlagan inson ertaga bundan ham yorug‘ va baxtli hayotga erishish uchun intilib yashaydi.
Shu bois, mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni mustahkamlash borasidagi ishlarimizni kuchaytirib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlarining samarasini oshiraylik! Oila — mahalla — ta’lim muassasasi hamkorligida, yoshlar masalalari bo‘yicha “mahalla yettiligi” yordamida bu boradagi faoliyatimizni yangi bosqichga olib chiqaylik! Yoshlarimiz bilan uch avlod vakillarining uchrashuv va jonli muloqotlarini yanada ko‘proq tashkil etaylik!
Yangi O’zbekistonga har tomonlama munosib bo‘lgan yosh avlodni tarbiyalash bo‘yicha bir tanu bir jon bo‘lib ish olib boraylik! Bu borada muhtaram Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan ulkan sa’y-harakatlarga kamarbasta bo‘laylik!
Doimo yodda tutaylik: yoshlarimiz — nafaqat umrimiz, ayni paytda bugun biz amalga oshirayotgan ulkan ishlarning ham davomchilaridir. Yoshlarimiz — bizning qanday buyuk xalq ekanimizni jahon maydonida yaqqol namoyon etadigan tengsiz kuch, tengsiz qudratdir. Yoshlarimiz — sha’nimiz g‘ururimizdir. Binobarin, bunday buyuk boylikni doimo asrab-avaylab, bugun va kelajak uchun ishlaydigan bebaho insoniy resursga aylantirish barchamizning muqaddas burchimiz va vazifamizdir. Bizning taqdirimiz va kelajagimiz, Vatanimizning obro‘-e’tibori ana shu vazifani qanchalik samarali hal etishimizga bog‘liq.
Aynan ana shunday ulug‘ ishlar xalqimizni yanada birlashtirib, kuchli va qudratli qiladi, ko‘ksimizni tog‘dek ko‘tarib, umrimizni yanada mazmunli etadi.
Siz, azizlar ana shunday ezgu va olijanob harakatda bor kuch-g‘ayratingiz, bilim va tajribangiz bilan faol ishtirok etasiz, deb ishonamiz.