Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
IZLAGAN IMKON TOPAR: ASALNING TOTLI DAROMADI
2024-05-01 09:33:52 416
Qo‘shtepa tumanidagi Loyson mahallasida yashovchi Abdurashid Azimov yoshligida sinfdoshi Shaxriyordan asalari hikoyasini ko‘p eshitardi. Chunki Shaxriyorlarning uyida asalari parvarishlanar edi-da.
Abdurashid o‘rtog‘ining uyidagi asalarilarga qiziqib, darsdan keyin tez-tez ularnikiga boradigan bo‘lib qoldi. Shaxriyorning dadasi Nasrullo aka esa undagi qiziqishni payqab, “Agar darsdan bo‘sh vaqtingda kelsang, bu ishni senga ham o‘rgataman. Mehnati kam, lekin daromadi juda yaxshi. O’rganib olsang, uyingdagilar bilan qarayverasan” dedi.
O’z xohishi va uyidagilarning roziligi bilan asalari parvarishlashni o‘rganishga kirishgan Abdurashid o‘shanda 13 yoshda edi. Bolakayning qiziqishi kundan kun ortib bordi. Asalarichilikka mehrini berib, sabr-toqat bilan hech erinmay ustozi Nasrullo Xoshimovdan ko‘p narsani o‘rgandi.
Abdurashiddagi asalarichilikka bo‘lgan qiziqishni ko‘rgan ota-onasi 2018 yilga kelib, o‘zlariga 5 ta yashikda 15 ta asalari oilasini sotib olishdi. Abdurashid bundan juda hursand bo‘ldi. Lekin ota-onasining shartiga ko‘ra asalarilarga qarash bilan birga maktabdagi darslarni qoldirmay, a’lo baholarga o‘qishi kerak edi. 15 yoshli bolakay so‘zida turib maktabda ham juda yaxshi o‘qidi. Darsdan keyin vaqtini behuda o‘tkazmay asalari parvarishlash bilan shug‘ullandi.
Mana, oradan bir necha yil o‘tib, Abdurashid Azimov 21 yoshga to‘ldi. Lekin yosh bo‘lishiga qaramay asalarichilikda anchagina tajriba orttirdi. Parvarishlayotgan asalari oilasi esa 120 taga yetdi. Hozirda u nafaqat asalarichilik mahsulotlari yetishtirmoqda, balki tajribali ustozi yordamida asalari paketlarini sotish bilan ham shug‘ullanib,
yiliga 40 million so‘mdan ortiq daromad topadi. Qolaversa shu sohada bilimini oshirish maqsadida Farg‘ona davlat universitetining Agrar qo‘shma fakultetida Zooinjeneriya: asalarichilik mutaxassisligi bo‘yicha 3-kursda tahsil olmoqda.
Suhbatimiz chog‘ida yoshgina bo‘la turib, yaxshigina daromad topayotgan yigitning saraf-harajatlariga qiziqib ko‘rdik.
– Ota-onamga yordam bo‘lsin deb uch yildirki o‘qishimni to‘lov-shartonomasini topayotgan daromadimdan to‘layman. Ortganini esa ro‘zg‘orni kam-ko‘stiga ishlatamiz, – deydi Abdurashid.
Asalarini bejiz yetti xazinaning biri deyishmas ekan. Abdurashid bilan suhbatlashib biz bunga amin bo‘ldik.
– Asalari juda mehnatkash va intizomli hasharot bo‘ladi, – deydi o‘z tajribaliarini biz bilan o‘rtoqlashgan yosh asalarichi. – Ularni tomosha qilishning o‘zi maroqli. Har biri o‘z vazifasi, ishini yaxshi biladi va undan og‘ishmaydi. Ishchisi ishlaydi, qo‘riqchisi qo‘riqlaydi, ona asalari ko‘payish jarayoni markazida bo‘ladi. Bilasizmi, ular tozalikni juda yaxshi ko‘radi va shunga qat’iy rioya qiladi. Har bir quti ichida o‘zining maxsus tozalovchi arilari bo‘ladi. Uyadagi barcha chiqit, keraksiz narsalarni yig‘ib, quti ichining bir chetiga uyib qo‘yishadi. Biz esa ularni olib tashlaymiz. Yana qiziq tomoni, qanot chiqarib ucha boshlagan ishchi arilar bir kun oldin tinmay quti atrofida aylanib uchadi va uzoqqa ketmaydi. Ertasidan esa, qolganlariga o‘xshab, ishga chiqib ketishadi. Ishchi asalari 40 kuncha umr ko‘rsa, ona asalari ikki yilcha yashaydi. Mahsuldorligi pasaya boshlaganda yosh ona asalarilariga almashtiriladi.
Abdurashid yana bizga asalari parvarishlash murakkab ish emasligini, buning uchun odamda xohish va istak bo‘lishi kerakligini so‘zlab, undan olinadigan daromadni ham hisoblab berdi. Suhbatdan shuni angladikki, bu foydali hasharotni parvarishlash juda barakali ekan.
Yosh bo‘lishiga qaramay asalari parvarishlashda 8 yillik tajribaga ega bo‘lgan Abdurashid Azimov oliygohda tahsil olayotganligi uchun asalarilarini qo‘shni viloyatlardagi tog‘li hududlarga olib bora olmas ekan. Shuning uchun ularni uylariga yaqin bog‘larda, jiyda gulida cho‘l hududlarida, paxta gulida esa dala maydonlariga yaqin joylarda parvarishlaydi. Uning maqsadi o‘qishni tugatgach asalarichilik sohasini rivojlantirish yo‘lida ilmiy ish bilan shug‘ullanish va faoliyatni yanada kengaytirish.
Ba’zan yoshlarni “yaxshi ish yo‘q”, deya nolishi tez-tez quloqqa chalinadi. Lekin, oramizda Abdurashid Azimov singari chekka qishloqdagi kichik imkoniyatlardan foydalanib, katta tadbirkorlikka qo‘l urganlar ham talaygina. Albatta, yon-atrofimizdagi nafaqat yoshlarga, balki “qanday ish qilsam ekan” deb bosh qotirib yurganlarga ham mana shu zahmatkash yigitdek o‘z maqsadi yo‘lida bir ishni boshini tutib harakat qilishlarini tavsiya qilgan bo‘lar edik.