Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
YUZ BILAN YUZLASHGANLAR
2024-03-05 17:03:08 365
Sektor rahbarlari 100 yosh bilan yuzlashgan piru badavlat onaxonlarning holidan xabar olishdi
8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami arafasida Qo‘shtepa tumani hokimi Anvarjon Abdullayev va sektor rahbarlari Xalqobod mahallasida yashovchi 100 yosh bilan yuzlashgan kayvoni onaxonlar holidan xabar olishdi.
101 yoshli Iboxon ona Qosimovaning umri mehnatda o‘tdi. Onaxon bilan dildan suhbat qursangiz, hayot yo‘llaridagi qiziq voqealar, pandu nasihatlarini tinglaysiz.
Onaxonning tilidan shukronalik tushmaydi. U o‘tgan hayotini, boshidan o‘tkazgan qiyinchiliklarini, turmush o‘rtog‘i Ashurali tog‘i bilan yetti nafar farzandlarini oyoqqa turgazguncha chekkan azoblarini, navqiron paytlarida tong sahardan kech oqshomgacha dalada tuproq kechib, g‘o‘za chopganlarini ertakday so‘zlab beradi.
– Iboxon ona nafaqat farzandlari, oilasi, balki mahallamizning ham ko‘rki, – deyishadi mahalladoshlari.
98 yoshni qarshilagan Surmaxon ona Millajonova esa uzoq yillar pillachilik bilan shug‘ullangan. Kayvoni onaxon hozir ham bardam.
Bugun u farzanlari, nabira-yu evaralarining ardog‘ida umrguzaronlik qilmoqda.
Tuman hokimi Anvarjon Abdullayev va sektor rahbarlari har ikki mo‘’tabar onaxonning xonadonida bo‘lib, ularning duosini olishdi.
Sektor rahbarlari onaxonlar bilan suhbatda uzoq yillik xizmatlarini e’tirof etishdi. Umrlari yanada uzoq, sog‘liklari esa mustahkam bo‘lishini tilab, sovg‘a-salomlar ulashdilar.
Yo‘qlovdan mamnun bo‘lgan tabarruk onaxonlar ham o‘z navbatida yurtga tinchlik, elga omonlik so‘rab duoga qo‘l ochdilar.