Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
18 NOYABR - O’ZBEKISTON DAVLAT BAYROG‘I QABUL QILINGAN KUN
2023-11-18 07:27:01 368
O’z mustaqilligini qo‘lga kiritgan har bir yurt bayrog‘ining Birlashgan millatlar tashkiloti bosh qarorgohi maydonida muzaffar hilpirashini istaydi. Chunki bu dunyoda o‘z o‘rni, o‘z ovoziga ega ekanining tasdig‘i, mustaqilligining tan olingani ifodasidir.
1991 yil 18 noyabrda O’zbekiston deb atalmish osoyishta, erkin va farovon yurtning ona tabiatdan andoza olib ishlangan davlat bayrog‘i qabul qilingan edi. Shundan bunyon bu muqaddas tug‘ eng oliy sahnalar, eng yuqori marralarda, zafarli qo‘llarda baland ko‘tarilmoqda, shavqu zavq bilan ko‘zlarga surtilib, lablarga bosilmoqda.
Bugun bu bayroq faqatgina O’zbekiston Respublikasi davlat ramzi emas, u shu yurtda tug‘ilib, shu zaminning mehridan qonib yashayotgan barcha el-elatlarning tinchlik va ahillik timsoliga, qalblarni qalblarga yaqinlashtiradigan, dillarni dillarga ulaydigan vositaga aylangan. Dunyoning qaysi burchida bo‘lmang, bu bayroq ona yurt nafasini dimoqqa uradi, qadrdon Vatanni yodga soladi.
Qo‘shtepa tumani hokimligi barcha yurtdoshlarimizni ushbu sana bilan qizg‘in muborakbod etadi. Ona yurtimizdagi tinchlik va osudalik hech qachon bizni tark etmasin, bayrog‘imiz baland-balandlarda O’zbekiston deb atalmish jannatmakon yurt sha’ni, shonu shavkatidan darak berib hilpirayversin!