Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Iyul 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
1234567
891011121314
15161718192021
22232425262728
293031    

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 141 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

YANGI O’ZBEKISTON – YASHIL MAKONDA BIRGA YASHAYLIK!

×

 2023-10-18 19:16:03    492

PDF yuklash
Chop etish



Qo‘shtepa tumani mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar, xotin-qizlar va yoshlar vakillarining tumanimiz aholisiga MUROJAATI

Aziz qo‘shtepaliklar!

Muhtaram Prezidentimizning alohida e’tiborlari hamda tashabbuslari bilan mamlakatimiz shahar va qishloqlarini ko‘kalamzorlashtirish, daraxt va butalarni muhofaza qilish hamda yashil maydonlarni kengaytirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

“Avlodlarimiz bizdan keyin ham munosib tabiiy muhitda yashashi kerak” degan g‘oyani ilgari surgan Davlatimiz rahbari, tabiatga e’tibor berishni, bu masalada faqat bugunni emas, yaqin va uzoq kelajakni o‘ylab ish olib borishni, yosh avlod qalbida ona tabiatga daxldorlik hissini tarbiyalashni ta’kidlab kelmoqdalar.

Ikki yil avval yurtimizda boshlangan “Yashil makon” umummilliy loyihasi ham ana shu ezgu maqsadlar yo‘lidagi say’-harakatlarimizning katta bo‘lagidir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 11 oktyabrda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham mazkur masala bo‘yicha bir qator muhim takliflar bildirib, ustuvor vazifalarni belgilab berdilar. Jumladan, 25 oktyabrdan 1 dekabrga qadar yurtimizda “kuzgi daraxt ekish mavsumi” e’lon qilindi.

Joriy yilning bahor mavsumida “Yashil makon” loyihasi doirasida tumanimiz bo‘ylab jami 550 ming dona manzarali va mevali ko‘chatlar hamda qalamchalar ekilgan bo‘lsa, kuz mavsumida 6 turdagi 386 ming dona manzarali, mevali daraxt va buta ko‘chatlari hamda qalamchalar ekish belgilangan.

Qo‘shtepaliklar azaldan dehqonchilikda mirishkor sanalgan. Ona zamin va tabiatni qadrlash, har bir qarich yerdan unumli foydalanish hamda bog‘u-bo‘ston yaratib, shirindan-shakar meva va sabzavotlar yetishtirish bilimlari bizga ajdodlarimizdan o‘tib kelayotgan merosdir.

Qo‘shtepaning hech bir ko‘chasi, hech bir xonadoni yo‘qki, u yerda dov-daraxtlar, mevali va manzalari ko‘chatlar, sabazavot ekinlari parvarishlanmaydigan bo‘lsa.

Qo‘shtepaliklar yer bilan tillashib, ekin bilan gaplashib, qachon qanday dehqonchilik qilish kerak, qaysi nixolga qanaqa parvarish zarurligini juda yaxshi biladilar.

Barcha qo‘shtepaliklarni “Yangi O’zbekiston – yashil makonda birga yashaylik!” degan olijanob g‘oyani qo‘llab-quvvatlashga, bu umummilliy harakatning natijasini har bir mahalla va xonadonda ko‘rsatib, havas bilan bu savobli ishda ishtirok etishga chaqiramiz. Barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, fidoyilik bilan harakat qilsak, eng avvalo Prezidentimiz boshlagan ezgu tashabbusni tumanimizda Respublikamiz hududlari orasida eng namunali qilib bajaramiz, qolaversa, yurtimizning ekologik tozaligiga, yashilligiga o‘zimizning munosib hissamizni qo‘shamiz.

Bunda barcha darajadagi rahbarlarni, mahalla faollarini, ziyolilarni, jamoat arboblarini, nuroniylarni, san’atkor va sportchilarni, jurnalist va blogerlarni alohida o‘rnak ko‘rsatishga chorlab qolamiz. 

Qadrli mahalla faollari, ko‘chaboshi va mahalla oqsoqollari!

Ayni vaqtda, ayrim mahallalarda, ko‘cha va guzarlarda bo‘sh turgan, daraxt ekilmagan joylar ham bor. Endigi vazifamiz ushbu joylarni bog‘-rog‘larga aylantirishda mahalla ahlining hamjihatligini kuchaytirish, hudud obodligi va aholi farovonligiga xizmat qiladigan loyihalarni kengaytirishdan iboratdir. Buning uchun har bir mahallada “mahalla bog‘lari”ni yaratishimiz, yashil hududlarni ko‘paytirishimiz, shaxsiy namuna sifatida dastlab o‘z xonadonimiz va ko‘chamizni obod qilishimiz, “Yashil makon” umummilliy loyihasiga o‘z hissamizni qo‘shishimiz zarur.

Ekilgan har bir niholni parvarishlash va saqlashda mahalla faollari, barcha mas’ullar jonbozlik ko‘rsatishi lozim. Buning uchun “mahalla yettiligi”, ko‘chaboshi va mahalla oqsaqollari hamda xonadon egalarining vazifasi muhim sanaladi.

Muhtaram nuroniy otaxonlar!

Sizlarning hayotiy tajribangiz, duo va tilaklaringiz xalqimiz uchun hamisha katta tayanch va suyanch bo‘lib kelmoqda.

Tumanimizdagi 19 mingga yaqin nuroniylardan mahallalarda “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda, aholi tomonidan ko‘chat ekish ishlarini namunali tashkillashtirishda yanada faollik va tashabbus kutib qolamiz. Sizlarning shaxsiy namunangiz, pandu-nasihat, tavsiya va ko‘rsatmalaringiz biz uchun muhim.

Nuroniylarimizning har biri 1 tupdan ko‘chat eksa, 19 ming yangi daraxt paydo bo‘ladi. Yoki har biri o‘z yoniga farzand-nabiralarini jalb qilsa, bu raqam bir necha barobarga oshadi.

Mo‘’tabar onalar, aziz opa-singillar!

Xonadonimiz, mahallamiz fayzu tarovati siz bilan go‘zaldir!

Tabiat ham ona kabi muqaddas! Ona va tabiat tushunchalari bir-biriga hamohangdir. Onani qanday e’zozlasak, tabiatni ham shunday qadrlashni farzandlarimiz ongu shuuriga chuqur singdiraylik!

Toki, zurriyodlarimiz ota-bobolarimiz singari bog‘u bo‘stonlar yaratuvchisi, ona tabiat himoyachisi bo‘lsin! Shundagina tabiatni asl holidek saqlab, uni kelajak avlodga bezavol yetkazishga erishamiz.

Ayni vaqtda, “Onalar – yashil makon uchun” g‘oyasining an’anaga aylanib borayotgani, mahallalarda “Onalar bog‘i” tashkil etilayotgani quvonarlidir. Bu ishlarda mahallalardagi “Oqila ayollar” harakatining ham munosib o‘rni bor. Galdagi vazifamiz – ushbu xayrli tadbirlarni xalqimiz orasida keng yoyishdan iborat.

Hurmatli dehqon va fermerlar, tomorqa yer egalari!

Erga mehr berish, uning har bir qarichidan unumli foydalanish, ko‘chat ekib, bog‘ yaratishda sizlarning ulushingiz katta.

Qo‘shtepada 38 mingdan ortiq xonadonlar mavjud. Bu savobli ishlarni davom ettirish uchun har bir xonadon egasi o‘z tomorqasiga, mahalla guzari va ko‘chasiga 10 tupdan ko‘chat eksa, tumanimiz bo‘ylab o‘rtacha 380 mingdan ziyod daraxt bunyod bo‘ladi.

Fermerlarimiz “Bir dala – bir mahsulot” tamoyili asosida o‘z hududiga tut, tok, terak va boshqa ko‘chatlarni eksa, har bir qarich yerimiz bog‘-rog‘larga aylanadi.

Qadrli ziyolilar, fan, adabiyot, san’at namoyandalari va sportchilar!

Jonajon Vatanimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda sizlarning faol ishtirokingiz muhimdir.

Siz kabi el tanigan ijod ahliga, ziyolilar hamda sport yulduzlariga Qo‘shtepa yoshlari o‘zgacha havas bilan qaraydi.

Shunday ekan, tumanimizda amalga oshirilayotgan kuzgi daraxt ekish mavsumida sizlardan yangi-yangi tashabbuslar, amaliy harakatlar hamda shaxsiy namuna kutib qolamiz!

Aziz yoshlar!

Sizlar Yangi O’zbekistonning bunyodkor kuchisiz! Xalqimiz ko‘zlayotgan yuksak marralarga erishishda aql-zakovatingiz, g‘ayrat-shijoatingiz, ona Vatanga bo‘lgan sadoqatingiz beqiyosdir.

Ona zaminimizga mehr bering! Nurli kelajak uchun bugundan boshlab o‘z xonadoningiz, ko‘changiz, mahallangizda niholingizni eking, hududda “Yoshlar bog‘i”ni tashkil etishda tashabbus ko‘rsating!

Aslo unutmang, siz O’zbekiston farzandisiz, sizning hissangiz – bu ota-onangiz, mahallangiz, Qo‘shtepamiz va butun xalqimizning farovonligi uchun xizmat qiladi.

Qadrli qo‘shtepaliklar!

Butun mamlakatimiz bo‘ylab davom etayotgan “Yashil makon”  umummilliy loyihasida faol bo‘laylik!

Daraxt ekish va uni parvarishlash, o‘zimiz yashayotgan maskanni yashil makon,   bog‘u-bo‘stonga aylantirishdek xayrli ishga bosh qo‘shaylik!

Zero, Siz va bizning bugun ekkan nixolimiz o‘zimizning ertangi kunimizga, farzandlarimizning porloq kelajagiga bo‘lgan mustahkam ishonchimizning belgisi bo‘ladi.





Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook, Telegram