Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
ALIMENT HAQIDA NIMALARNI BILASIZ?
2023-06-09 12:58:40 193
1. Aliment qanday tartibda undiriladi?
Voyaga yetmagan bolaga aliment to‘lash tartibini ota-ona o‘zaro kelishgan holda belgilashga haqli. Ushbu majburiyat ixtiyoriy ravishda bajarilmasa ota (ona)dan sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga asosan aliment undiriladi.
2. Aliment to‘lash asosan otaning majburiyatiga kiradimi?
Yo‘q. Voyaga yetmagan bolalariga aliment to‘lash va ularga ta’minot berishda ota-onaning majburiyatlari tengdir.
3. Aliment qachondan undirila boshlaydi?
Aliment sudga murojaat etilgan paytdan boshlab undiriladi. Agar ta’minot uchun mablag‘ olish choralari sudga murojaat qilingunga qadar ko‘rilganligi, ammo aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning uni to‘lashdan bosh tortganligi oqibatida aliment olinmaganligi sud tomonidan aniqlansa, o‘tgan davr uchun aliment sudga murojaat etilgan paytdan boshlab uch yillik muddat doirasida undirib olinishi mumkin.
4. Aliment qachongacha undiriladi?
Voyaga yetmagan bolaga aliment u voyaga yetgunga qadar to‘lanadi.
5. Voyaga yetgan bolaga ham aliment to‘lanadimi?
Ota-ona voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga ta’minot berishi shart. Bunda ta’minot berish ota-onaning kelishuviga ko‘ra amalga oshiriladi. Kelishuvga erishilmagan taqdirda nizo sud tartibida hal qilinadi.
6. Aliment qancha miqdorda undiriladi?
Agar voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmasa, aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining bir bola uchun — 1/4 qismi; ikki bola uchun — 1/3 qismi; uch va undan ortiq bola uchun — ½ qismi miqdorida undiriladi.
Voyaga yetgan bolaga alimentning miqdori sud tomonidan har oyda pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada belgilanadi.
7. Aliment to‘lovchi hech qayerda ishlamasachi?
Agar aliment to‘lovchi ishlamasa aliment o‘rtacha oylik ish haqi miqdori bo‘yicha hisoblab chiqiladi.
8. Bola kasal bo‘lganda va boshqa holatlarda qo‘shimcha moddiy ta’minot olinadimi?
Bolaning og‘ir shikastlanishi, kasal bo‘lishi va boshqalar tufayli kelib chiqqan, bolaning ta’minoti uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha xarajatlarda ota-ona ishtirok etishi shart.
9. Alimentni birato‘la oldindan to‘lash mumkinmi?
Xa. Voyaga yetmagan bolalar ta’minoti uchun alimentlar bola voyaga yetguniga qadar bo‘lgan davr uchun, shu jumladan ko‘chmas yoki ko‘char mulk yoxud boshqa qimmatli ashyoni berish yo‘li bilan oldindan to‘lanishi mumkin.
10. Aliment miqdorini kamaytirish yoki aliment to‘lashdan ozod etish mumkinmi?
Ha mumkin. Aliment to‘lovchining boshqa voyaga yetmagan bolalari bo‘lib, undan aliment undirilganda o‘sha bolalar aliment olayotgan bolalarga nisbatan kamroq ta’minlanib qoladigan bo‘lsa, shuningdek qonunchilikda belgilangan boshqa bir qator hollarda aliment miqdori sud tomonidan kamaytirilishi mumkin.
Agar voyaga yetmagan bola davlat yoki nodavlat muassasalarining to‘liq ta’minotida bo‘lsa, sud to‘lanayotgan aliment miqdorini kamaytirish yoki uni aliment to‘lashdan ozod qilishi mumkin.
Aliment undirish va to‘lash tartibi haqidagi savollarga MIB Qo‘shtepa tumani bo‘limi mutaxassislari tomonidan javob berildi.