Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Noyabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930 

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 29 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

“O’ZBEKISTON RESPUBLIKASINING SAYLOV KODEKSINI TASDIQLASH TO’G’RISIDA”GI QONUNNING MOHIYATI VA AHAMIYATI

×

 2021-05-26 00:10:35    365

PDF yuklash
Chop etish



2019 yilning 25 iyunida “O’zbekiston Respublikasining Saylov kodeksini tasdiqlash to’g’risida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi.

Saylov kodeksi Prezident, Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat a'zolari, mahalliy kengashlar deputatlari saylovlariga tayyorgarlik ko’rish va ularni o’tkazish tartibini belgilaydi.

Ilgari mazkur saylovlarni o’tkazish tartibi alohida-alohida normativ huquqiy-hujjatlar bilan tartibga solingan edi.

Saylovlarda har bir fuqaro bir ovozga ega.

Saylovda ERKIN VA YaShIRIN OVOZ BERILADI. Saylovchilarning xohish-irodasini nazorat qilishga yo’l qo’yilmaydi.

Saylovga tayyorgarlik ko’rish hamda uni o’tkazish OChIQ VA OShKORA amalga oshiriladi.

Saylov kodeksi bilan saylov okruglari va uchastkalarini tuzish, saylov komissiyalari faoliyatini tashkil etish tartibi belgilandi.

Unga muvofiq, Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o’tkazish uchun 150 TA HUDUDIY SAYLOV OKRUGI tuziladi.

Ilgari 135 ta okrug tuzilgan va 15 nafar deputat O’zbekiston ekologik harakatidan saylangan. Endilikda O’zbekiston ekologik partiyasi tashkil etilganligi bois, mazkur partiya deputatlikka o’z nomzodlarini umumiy saylovlarga qo’ygan holda Qonunchilik palatasidan o’rin egallashi mumkin.

Endilikda SAYLOVChILARNING YaGONA ELEKTRON RO’YXATI shakllantiriladi.

Unga ko’ra saylovchilar Markaziy saylov komissiyasining rasmiy

veb-saytida saylovchilarning ro’yxati to’g’risidagi o’zi uchun kerakli ma'lumotlarni olish imkoniyatiga ega bo’ladi.

Saylovchilarning ro’yxatlari saylovga 15 kun qolganida, chet davlatlardagi vakolatxonalarda, sanatoriylar va dam olish uylarida, kasalxonalar va boshqa statsionar davolash muassasalarida, olis va borish qiyin bo’lgan yerlarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan saylov uchastkalarida esa saylovga 7 kun qolganida hamma tanishib chiqishi uchun taqdim qilinadi.

Kodeks bilan kuzatuvchilarning, siyosiy partiyalar vakolatli vakillarining, ommaviy axborot vositalari vakillarining huquq va majburiyatlari belgilandi.

Jumladan, ommaviy axborot vositalarining vakillari saylov jarayonini yoritish, ovoz berish binolarida, shu jumladan ovozlarni sanab chiqish chog’ida hozir bo’lish huquqiga ega.

Prezident saylovi, Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi bo’yicha SAYLOV KAMPANIYaSI boshlanganligi ularning vakolatlari tugashidan kamida 3 OY OLDIN E'LON QILINADI.

Kodeksda uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolarning jihozlanishiga oid talablar o’z aksini topdi.

Xususan, saylov komissiyalari joylashgan binolarda saylov uchastkasining xaritasi, zarur mebel, ofis texnika vositalari (telefon, printer, Internetga ulangan va Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimisha kirish imkoniyatiga ega kompyuterlar, seyf, kantselyariya tovarlari) bo’lishi kerak.

SAYLOVLAR SOAT 8.00 DAN 20.00 GAChA O’TKAZILADI. Ilgari soat 6 dan soat 20 gacha o’tkazilgan.

Saylovchi ovoz berish binosiga kelgach uchastka saylov komissiyasining a'zosiga o’z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko’rsatadi hamda saylovchilar ro’yxatiga imzo qo’yadi. Shundan keyin unga saylov byulleteni beriladi.

Saylov byulleteni yashirin ovoz berish kabinasi yoki xonasida to’ldiriladi. Saylov byulletenini to’ldirish vaqtida ovoz beruvchidan boshqa shaxslarning hozir bo’lishi taqiqlanadi.

Saylovda saylovchi o’zi yoqlab ovoz berayotgan nomzodning familiyasi ro’parasida, o’ng tomonda joylashgan bo’sh kvadratga “+” yoki “√” yoxud “x” belgisini qo’yadi.

PREZIDENT SAYLOVI NING O’ZIGA XOS XUSUSIYaTLARI

Prezident 5 yil muddatga saylanadi va bir shaxs surunkasiga 2 muddatdan ortiq Prezident bo’lishi mumkin emas.

35 yoshdan kichik bo’lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, saylovgacha kamida 10 yil O’zbekiston hududida muqim yashayotganf fuqaro Prezident etib saylanishi mumkin.

Prezident saylovida ishtirok etish uchun siyosiy partiya saylovga kamida 75 kun qolganida Markaziy saylov komissiyasiga tegishli hujjatlarni taqdim etadi.

Prezidentlikka nomzodlar ko’rsatish saylovga 65 kun qolganida boshlanadi 45 kun qolganida tugaydi.

Prezident saylov natijalari e'lon qilingan kundan kechi bilan 2 oyda Oliy Majlis palatalarining qo’shma majlisida qasamyod qilgan paytdan e'tiboran o’z lavozimiga kirishadi.

QONUNChILIK PALATASI DEPUTATLARI SAYLOVINING O’ZIGA XOS XUSUSIYaTLARI

Qonunchilik palatasi 5 yilga saylanadigan 150 deputatdan iborat.

Deputatlar hududiy bir mandatli saylov okruglari bo’yicha ko’ppartiyaviylik asosida saylanadi.

Deputatlikka nomzodlar siyosiy partiyalar tomonidan ko’rsatiladi.

Nomzodlar saylov kuni yigirma besh yoshga to’lgan hamda kamida 5 yil O’zbekiston hududida yashayotgan bo’lishi lozim.

Deputat etib saylangan shaxslar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro’yxatga olingan paytdan e'tiboran Qonunchilik palatasi deputati maqomiga ega bo’ladi.

  SENATNI ShAKLLANTIRISh TARTIBI

Oliy Majlis Senati hududiy vakillik palatasi bo’lib, Senat a'zolaridan tarkib topadi.

Senat a'zolari Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda – olti kishidan saylanadi.

Senatga saylov Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimiyat vakillik organlari deputatlarining qo’shma majlislarida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yo’li bilan o’tkaziladi.

Senatning o’n olti nafar a'zosi eng obro’li fuqarolar orasidan Prezident tomonidan tayinlanadi.

Senatning vakolat muddati – besh yil.

MAHALLIY KENGAShLARGA SAYLOVLARNING O’ZIGA XOS XUSUSIYaTLARI

Mahalliy Kengashlarga saylov hududiy bir mandatli saylov okruglari bo’yicha ko’ppartiyaviylik asosida 5 yil muddatga o’tkaziladi.

Saylov kunigacha 21 yoshga to’lgan hamda kamida 5 yil O’zbekiston hududida muqim yashayotgan fuqarolar mahalliy Kengashlar deputatligiga saylanish huquqiga ega.

SAYLOV NATIJALARINI E'LON QILISh

Prezident saylovi, Oliy Majlisga saylov yakunlariga ko’ra Markaziy saylov komissiyasining qarori saylovdan keyin 10 kundan kechiktirmay qabul qilinadi va Markaziy saylov komissiyasining ramiy veb-saytida va boshqa manbalarda e'lon qilinadi.

Mahalliy Kengashga o’tkazilgan saylov yakunlari to’g’risidagi qaror tegishli saylov komissiyasi tomonidan saylovdan keyin 10 kundan kechiktirmay qabul qilinadi va matbuotda e'lon qilinadi. Shuningdek ommaviy axborot vositalarida hammaga ma'lum qilinadi.

Avazjon ERGAShEV,

jinoyat ishlari bo’yicha Qo’shtepa tuman sudining raisi.




Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook, Telegram