Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
#ONALARGA_EHTIROM
2021-05-24 14:07:20 344
FOTOLAVHA: ONA – mo’'jizaviy xilqat, ONA muqaddas zot ...
Bir necha kundirki guvohi bo’layotganimizdek, viloyat hokimining tashabbusi bilan o’tkazilayotgan “Onalarga ehtirom” festivali xalqimizga xos ezgu fazilatlar va qadriyatlar bilan uyg’unlashib ketdi.
Ushbu festival doirasidagi turli tadbirlar Qo’shtepa tumanida ham bo’lib o’tmoqda. Har bir oilada, bolalar bog’chasidan tortib, korxona va tashkilotlar, ta'lim muassasalari-yu mahallalarda buvijonlarimiz, onajonlar, qaynona, rahbar, ustoz, xodima, kelin qo’yingki, barcha-barcha go’zal va nurli siymolarga hurmat va ehtirom ko’rsatilmoqda.
Tumanimiz bo’ylab keng quloch yoygan “Onalarga ehtirom” festivali doirasida bir necha yillardan buyon to’shakka mixlangan, yakka yolg’iz yashovchi, yozning issiq, qishning sovuq chillasiga qaramay har kuni erta tongdan ish boshlaydigan obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari, dalalarda javlon urib mehnat qilayogan, ipak qurti parvarishlayotgan ayollar hamda “Temir daftar”, “Ayollar daftari”ga kiritilgan onalarning alohida yo’qlangani har bir ona mehr va e'tiborga munosib ekanligining yana bir bora isboti bo’ldi.
Onasiga ehtirom ko’rsatish tadbirlarida tili endigina chiqqan bolakaydan tortib, tuman hokimi, sektor rahbarlari hamda tashkilotlar rahbarlarigacha volidai muhtaramalarini ko’ngillarining tub-tubidan chiqqan dil izhorlari bilan yo’qlamoqdalar.
Xullas, onasiga hurmati baland Qo’shtepa farzandlari festival doirasida o’tkazilayotgan barcha tadbirlarda, aktsiya, tanlov va chellenjlarda faol ishtirok etmoqdalar.
Kimdir onasiga dil izhori sifatida she'rlar bitib, qo’shiqlar kuylasa, yana kimdir suratlar chizib, poyiga gullar sochmoqda...
O’zlariga ko’satilayotgan hurmat va ehtiromdan to’lqinlangan xokisor onaxonlar esa hursandchilik ko’z yoshlariga hukmron bo’la olmayaptilar...
Men esa kasbim yuzasidan joylarda o’tkazilayotgan tadbirlarda ishtirok etishga va yoritib borishga harakat qilmoqdaman. Aslida insonga hayot bag’ishlovchi, uni yashashga undovchi hissiyotning borini to’kib solganda ham onalarning haqiqiy siymosini yaratish juda og’ir. Ularning farishtasimon fazilatlarini to’liq tasvirlab bo’lmaydi. Ona – shunday ulug’ zot, Ona – shunday buyuk yaratuvchi, Ona – shunday mo’'jizaviy xilqat, Ona – shunday muqaddas inson…
Mo’'jizaviy xilqat bo’lmish ONAjonlarni tariflashga so’z va qalam ojiz bo’lsada, ularning eng quvonchli va hayajonli lahzalarini imkon qadar foto tasmalarga muhrlashga harakat qilmoqdaman.
“Onalarga ehtirom” festivali doirasidagi tadbirlarda ishtirok etayotgan onaxonlarning har biri alohida e'tirofga loyiq, aslida. Lekin, turli nominatsiyalar bo’yicha g’olib bo’lib izzatu ikrom ko’rsatilayotgan onaxonlarga havas qilganlar: “Barchamizga farzandlarimiz ortidan mana shunday ehtiromlar nasib aylasin!” deyishmoqda.
Tuman hokimi Ilyosbek Novikov ishtirokida bo’lib o’tayotgan barcha tadbirlar, yo’qlovlar, tuman bosh otinoyisi Muqaddamxon O’rmonova, Qumtepa, Shahartepa va boshqa mahallalarda, o’quv muassasalarida, turli tashkilotlarda o’tkazilayotgan tadbirlarda o’nlab fidoyi va matonatli onalar quchog’i ehtirom gullari bilan limmo-lim to’lmoqda.
Qumtepa mahallasida o’tkazilgan tadbir ishtirokchisi Sohibkor mahallasida yashovchi Gulshanoy Hasanova shunday deydi:
– Qaynonam Davlatxon Yusupova hududdagi “Eng yaxshi rahbar ona” nomiga chindan ham munosiblar. Mahalla-ko’y onamizni el-yurtga kerakli farzandlar tarbiyalagan volida, ibratli qaynona, nabiralariga munosib tarbiya beruvchi buvi sifatida ham tilga olishadi.
O’sha kuni bo’lib o’tgan tadbir davomida Gulshanoyning qaynonasi Davlatxon va buvijonisi Ra'noxon xoji onaga yo’llagan mehr izhorlari barchani to’lqinlantirib yubordi.
24-umumiy o’rta ta'lim maktabida bo’lib o’tgan tadbirda 7-a–sinf o’quvchisi, yosh rassom Madinaxon Sultonova erta tongda maktabga kelib, asfaltga ona suratini muhrladi.
Tadbir doirasida maktabda bir necha yillar davomida faoliyat olib borib, hozirda nafaqada bo’lgan onaxon o’qituvchilar xolidan xabar olindi. Namunali o’quvchilarning onalariga hurmat va ehtirom ko’rsatilib, maktab ma'muriyati tomonidan tashakkurnomalar topshirildi.
Ushbu tashrifdan onalarning boshi osmonga yetib, ko’ngillari shod bo’ldi. Ko’zlarida sevinch yoshlari ila ushbu xayrli ishning tashabbuskorlariga minnatdorchilik bildirishib, ularning onalariga rahmat deyishdi.
Yorqinoy QOSIMOVA,
Qo’shtepa tumani hokimligi Axborot xizmati rahbari.