Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
RAMAZON OYI MUBORAK
2021-04-13 16:31:55 367
Dunyodagi barcha musulmonlar Ramazon oyini sog’inib, katta tayyorgarliklar bilan kutib olishadi. Mana o’lkamizga oylarning sarvari va sayyidi, o’n bir oyning sultoni, Allohning muborak kitobi Qur'oni karim nozil bo’lgan oy, fazilati jihatidan boshqa oylardan afzal mohi Ramazon tashrif buyurdi. Yaxshiliklar, savoblar ko’paytirilib beriladigan ushbu oyda barcha ibodatlarni, solih amallarni Payg’ambarimiz alayhissalom sunnatlariga muvofiq ado etishimizga muyassar aylashini so’rab, Alloh taologa iltijolar qilamiz.
Alloh taolo O’zining abadiy mo’'jizasi, qiyomatgacha insoniyatga hidoyat bo’ladigan kitobi Qur'oni karimni tushirish vaqti qilib Ramazoni sharif oyini ixtiyor qilganining o’zi bu oyning fazilatini yuksakka ko’targan. Endi esa, nur ustiga nur, fazilat ustiga fazilat qo’shib, ro’za ibodatini ham shu Ramazon oyida tutishni iroda qilmoqda. Hadisi sharifda shunday deyiladi: “Jannatning bir eshigi bo’lib, u Rayyon deb ataladi. Qiyomat kuni ro’zadorlar o’shandan kirishadi, ulardan boshqa biror odam kirmaydi. Shunda “Ro’zadorlar qani?” deyiladi. Shunda ro’zadorlar kirib borishadi. Ularning oxirgisi kirib bo’lishi bilan eshik berkitiladi. Undan boshqa hech kim kirmaydi” (Imom Buxoriy, Muslim va Nasaiy rivoyati).
Ushbu xadisi sharifda oxiratda ro’za ibodatining fazli boshqa ibodatlardan ko’ra qanchalik ulug’ bo’lishi bayon qilinmoqda. Qiyomat kuni ro’zadorlar jannatga kirishlari uchun alohida «Rayyon» ismli eshik ochilar ekan. O’sha eshikda «Ro’zadorlar qani?!» deb chaqirib yurib, ular jannatga kiritiladi. Boshqa bir hadisda: “Kimki ramazon ro’zasini imon e'tiqod va Allohdan savob umid qilib tutsa, uning o’tgan gunohlari kechiriladi”. Bu hadisi sharifda ro’zaning naqadar ulkan ibodat ekanligi, uning qadri naqadar ulug’ligi ochik-oydin bayon qilinmoqda. Shu bilan birga, ro’zani iymon, ixlos bilan tutatigan bo’lsa bandaning o’tgan gunohlarining mag’firat qilinishi Allohniig ulug’ marhamatidir. Bu marhamatga esa, banda Ramazon ro’zasini tutibgina erishishi mumkin. Shuning uchun ham yolg’iz Alloh uchun bo’lgan ibodatning mukofotini Alloh taoloning O’zi berishga va'da qilmoqda. Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi qudsiyda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar:
ya'ni: “Alloh taolo: “Odam bolasining hamma amali – o’zi uchun, faqat ro’za – Men uchundir va uning mukofotini Men O’zim berurman”, dedi. Ro’za – saqlovchidir. Qachon qaysi biringiz ro’zador bo’lsa, fahshdan gapirmasin va baqir-chaqir qilmasin. Agar birortasi u bilan so’kishmoqchi bo’lsa, “Men ro’zadorman” desin. Muhammadning joni qo’lida bo’lgan Zot ila qasamki, albatta, ro’zadorning og’zining hidi Allohning nazdida mushkning hididan xushbo’yroqdir. Ro’zadorga ikki marta xursandchilik bor: biri – iftor vaqtida og’zini ochganda va ikkinchisi – qiyomat kunida Robbisiga ro’baro’ bo’lganda” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan).
Ma'lumki, ro’zadan boshqa hamma amallarga riyo aralashishi mumkin. Lekin ro’zada esa bunday bo’lmaydi: tongga yaqin hech kim ko’rmaydigan vaqtda saharlik qiladi, kunduzi esa hamma qatori yuraveradi. Ro’za – Alloh bilan banda orasida sir bo’lgan ibodatdir. Hech kimsiz, yolg’iz o’zi qolganida ham ro’zador Alloh taolo ko’rib turganini his qilib, biror narsa yemaydi. Ana shular – ro’za Alloh uchun tutilishining belgisidir.
Alloh taolo Ramazonni barchalarimizga muborak va barakotli etsin, ushbu oyda qilinadigan Qur'on xatmlari xurmatidan xalqimiz boshidan bu balo ofatlarni o’zi ko’tarib, xalqimizni yanada farovon hayot kechirishini Alloh taolani o’zi muyassar qilsin! Kirib kelgan Ramazon oyi barchalaringizga muborak bo’lsin.
Abduxoshim AXMADALIYEV,
Qo’shtepa tumani bosh imom xatibi.