Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
XALQARO TIJORAT ARBITRAJI TO’G’RISIDA QONUN QABUL QILINDI
2021-03-01 14:29:49 256
O’zbekiston Respublikasining “Xalqaro tijorat arbitraji to’g’risida” 2021 yil 16 fevraldagi O’RQ–674-son
Qonunining mohiyati va ahamiyati
I. Qonunning maqsadi
Xalqaro tijorat arbitrajlarining faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
II. Qonunning mazmun-mohiyati
Qonun O’zbekiston va boshqa davlat o’rtasida amalda bo’lgan kelishuvlarga rioya etgan holda xalqaro tijorat arbitrajiga nisbatan qo’llaniladi.
Xalqaro tijorat arbitrajiga taraflarning kelishuviga binoan tijorat xususiyatiga ega bo’lgan ham shartnomaviy, ham shartnomadan tashqari barcha munosabatlardan yuzaga keladigan nizolar berilishi mumkin.
Arbitrlar, ekspertlar, arbitraj muassasasi va uning xodimlari arbitraj muhokamasiga taalluqli harakatlar yoki harakatsizlik uchun, agar ular qasddan ekanligi isbotlanmasa, taraflar yoki boshqa shaxslar oldida javobgar bo’lmaydi.
Arbitraj sudlari o’z faoliyatida hech kimga bo’ysunmaydi va mustaqildir.
Taraflar o’rtasidani nizolarni ko’rib chiqish uchun ular o’rtasida arbitraj kelishuvi tuzilgan bo’lishi kerak.
Arbitraj kelishuvining predmeti bo’lgan masala yuzasidan o’ziga da'vo taqdim etilgan sud taraflarni arbitrajga yuborishi kerak.
Taraflar o’z xohishiga ko’ra arbitrlar sonini belgilashi mumkin. Bunday kelishuv bo’lmaganda uch nafar arbitr tayinlanadi.
Biror-bir tarafning iltimosiga ko’ra arbitraj sudi ta'minlash choralarini belgilashi mumkin.
Ta'minlash chorasi – har qanday vaqtinchalik choradan iborat.
Ta'minlash chorasi yordamida nizoni uzil-kesil hal qiladigan qaror qabul qilingunicha arbitraj sudi u yoki bu tarafning:
nizo hal etilayotgandagi holatni yoki hal etilgunigacha bo’lgan holatni saqlab turishi yoki tiklashi;
zararning oldini olish maqsadida choralar ko’rishi yoki bunday zarar yetkazishi mumkin bo’lgan choralarni ko’rishdan tiyilishi;
aktivlarni saqlash uchun mablag’larni arbitrning keyinchalik qabul qilinadigan hal qiluv qarori bu mablag’lar hisobidan ijro etilishi mumkin bo’lishi uchun berishi;
dalillarni saqlash to’g’risida farmoyish beradi.
Taraflar ta'minlash chorasining maqsadlariga zarar yetkazmaslik majburiyatini biror-bir tarafning zimmasiga yuklatuvchi dastlabki qarorni chiqarish haqida ariza berishi mumkin.
Belgilangan ta'minlash chorasi majburiy kuchga ega deb tan olinadi va sudga murojaat etish orqali ijroga qaratiladi.
Sud O’zbekistonning protsessual qonunchiligiga muvofiq va xalqaro arbitrajning o’ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda arbitraj joyidan qat'i nazar arbitraj muhokamasi munosabati bilan ta'minlash choralarini belgilash vakolatiga ega.
Arbitraj muhokamasida taraflarga nisbatan teng munosabatda bo’lish ta'minlanadi va har bir tarafga o’z nuqtai nazarini bayon etish uchun oqilona imkoniyatlar berilishi kerak.
Taraflar arbitraj joyi to’g’risida o’z xohishiga ko’ra kelishib olishi mumkin. Bunday kelishuv mavjud bo’lmagan taqdirda, arbitraj joyi arbitraj sudi tomonidan ish holatlarini, shu jumladan taraflar uchun qulaylik omilini inobatga olgan holda belgilanadi.
Taraflar arbitraj muhokamasida foydalaniladigan til to’g’risida o’z xohishlariga ko’ra kelishib olishi mumkin. Bunday kelishuv mavjud bo’lmaganda, muhokamada qo’llanilishi kerak bo’lgan tilni yoki tillarni arbitraj sudi belgilaydi.
Arbitraj sudi nizoni taraflar nizoning mazmuniga nisbatan qo’llanilishi uchun tanlagan huquq normalariga muvofiq hal etadi.
Arbitraj muhokamasi jarayonida taraflar nizoni hal qilsa, arbitraj sudi muhokamani tugatadi.
Arbitrajning hal qiluv qarori yozma shaklda qabul qilinishi va yakka tartibdagi arbitr tomonidan yoki arbitrlar tomonidan imzolanishi kerak.
Arbitrajning hal qiluv qarori ustidan sudga shikoyat qilish faqat quyidagi hollarda bekor qilish to’g’risida ariza berish yo’li bilan amalga oshirilishi mumkin:
1) bekor qilish to’g’risida ariza berayotgan taraf quyidagilarning dalilini taqdim etsa:
arbitraj kelishuvining taraflaridan biri qaysidir darajada muomalaga layoqatsiz ekanligi dalilini;
arbitraj kelishuvining haqiqiy emasligi dalilini;
arbitr tayinlanganligi yoki arbitraj muhokamasi to’g’risida xabardor qilinmaganligi dalilini;
arbitrajning hal qiluv qarori arbitrajda hal qilinishi nazarda tutilmaganligi dalilini;
arbitraj sudining tarkibi yoki arbitraj tartib-taomili taraflarning kelishuviga muvofiq emasligi dalilini;
2) agar sud:
nizo predmeti O’zbekiston qonunchiligiga ko’ra arbitraj muhokamasiga tegishli emasligini;
arbitrajning hal qiluv qarori O’zbekiston ommaviy tartibiga zid ekanligini aniqlasa.
Arbitrajning hal qiluv qarori, u qaysi mamlakatda qabul qilinganidan qat'i nazar, majburiy deb tan olinadi va sudga yozma ariza berilgan taqdirda tan olinishi va ijroga qaratilishi kerak.
Mazkur Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran 6 oy o’tgach kuchga kiradi va arbitraj bitimiga muvofiq u qachon tuzilganidan qat'i nazar ushbu Qonun kuchga kirganidan keyin boshlangan xalqaro tijorat arbitrajiga nisbatan qo’llaniladi.
Qo’shtepa tuman adliya bo’limi.