Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
14 YANVAR “VATAN HIMOYACHILARI KUNI”
2021-01-13 14:21:11 1577
VATAN HIMOYASI - MUQADDAS BURCH
Vatanni sevish, uni himoya qilish muqaddas burch va oliy sharafdir. Tinch, osuda, obod va go’zal vatanda istiqomat qilmoqdamiz. Buning uchun Yaratganga qancha shukrlar aytsak oz. Aslida, Vatanga bo’lgan muhabbat uning go’zal va viqorli tog’lari, sharqiroq soylari, boy vodiylari, so’lim bog’lari, shirindan shakar mevalari, shifobaxsh o’simliklariyu, zilol buloqlari uchun emas, balki, vatan sevgisi insonning tabiatiga singdirilgani, fitratida bor xislatlardan ekanligidandir. Agar vatanga bo’lgan muhabbat, tashqi go’zalliklar, qandaydir qulayliklar yoki moddiy omillarga bog’liq bo’lganida, bog’-rog’, soy va anhorlardan xoli cho’lu biyobonlarda yashayotgan sahro ahli tep-tekis qumliklardan iborat maskanlarini sevmas edilar.
Muqaddas Islom dini ta'limotida vatan muhabbati ardoqlanadi, targ’ib qilinadi, maqtaladi. Vatanga xizmat qilish, uni dushmanlardan asrash farz hisoblanadi hamda unga xiyonat qilish eng og’ir gunohlardan sanaladi va qattiq jazolanadi. Vatan himoyasi va xalq omonligi yo’lida dushmanga qarshi kurashda safni tashlab qochish ham katta gunohdir. Mashhur vatandoshimiz imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy rahmatullohi alayhining qalamiga mansub “Al-Adab al-Mufrad” asarida keltirilgan Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Abu Dardo roziyallohu anhuga qilgan to’qqiz vasiyatlarining orasida “Dushman bilan to’qnashilganda orqangga qarab qochma. Agar halok bo’lsang ham, sheriklaring qochib ketsa ham” - degan o’gitlari bor edi.
Vatan himoyasi faqat jang maydonlarida emas, balki barcha soha va yo’nalishlarda ham namoyon bo’lishi mumkin. Har jabhada Vatan erishgan muvaffaqiyatlardan quvonch, muvaffaqiyatsizliklardan qayg’u hissini tuyush, Vatan bilan g’ururlanish, uning har bir qarich yeriga, binosining har bir g’ishtiga, qadimiy obidalariga, ilm-fan va san'atdagi yutuqlariga mehr bilan qarash, ularni ko’z qorachig’idek asrab-avaylash bular hammasi vatanparvarlikdir.
Ona Vatan himoyasi mavzusida so’z borar ekan, Temur Malik, buyuk sarkarda Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi ulug’ yurtparvarlar, Vatan ozodligi yo’lida qo’lida tig’ ila jon bergan Shayx Najmiddin Kubro, Vatan hajri va dog’ida yonib o’tgan Bobur Mirzolar ibrati beixtiyor ko’z oldimizga keladi.
Buyuk davlat arbobi va sarkarda, sohibqiron Amir Temurning naqadar buyuk vatanparvar bo’lganliklarini tarix juda yaxshi biladi. Ulug’larimiz ta'kidlaganidek: "Millat g’amida yongan, uning istiqboli va istiqloli yo’lida fidokorlik ko’rsatib yashagan arbobni kelajak va tarix hyech qachon unutmaydi. Amir Temur ana shunday tarixiy va unutilmas shaxsdir".
Xulosa o’rnida shuni aytmoqchimanki, Vatan himoyasi barchamizning muqaddas burchimizdir! Aziz Yurtimizda istiqlol bergan ulkan imkoniyatlar haqida so’zlasak, shuncha oz. Zero, mustaqillik tufayli hayotimizda yorqin sahifalar ochildi, emin-erkin toat-ibodat qilish imkoniyatiga ega bo’ldik, diniy-ma'naviy qadriyatlarimiz qaytadan xalqimizga qaytarildi. Iymon-e'tiqodimiz va ertangi kunga bo’lgan ishonchimiz mustahkamlandi. Shaharu-qishloqlarimiz ko’rkam va obod bo’ldi. Hayotimizga beqiyos ma'no va mazmun olib kirgan tinchlik deya atalmish bu bebaho ilohiy ne'matlarning qadriga yetish, ularga shukur qilish, uni asrab-avaylash barchamizning burch va vazifamizdir.
Alloh taolo mustaqil Yurtimiz sarhadlarini sergaklik bilan qo’riqlayotgan Vatan himoyachilarini o’z panohida asrab, aziz diyorimiz osmonini musaffo, Vatanimiz tinchligini barqaror va halqimiz hayotini bundan ham farovon aylasin.
Abduxoshim AXMADALIYEV,
Qo’shtepa tumani bosh imom xatibi.