Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
TILIMIZ-MADANIYATIMIZ KO’ZGUSI
2020-12-07 20:09:51 273
O’zbek tili dunyodagi qadimiy, go’zal va boy tillardan biri hisoblanadi. Tilning beqiyos imkoniyatlari qadimgi toshbitiklarda, xalqimizning zamonlar sinovidan o’tib kelayotgan maqol va hikmatli so’zlari, betakror iboralari, dostonlarida, shoir va yozuvchilarimiz asarlarida yaqqol ko’rish mumkin. Mahmud Qoshg’ariyning "Devoni lug’atit turk" kitobi, Ahmad Yassaviyning hikmatlari, Alisher Navoiyning "Xamsa"si, Zahiriddin Muhammad Boburning "Boburnoma"si, Abdulla Qodiriyning betakror romanlari, Cho’lpon, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuflarning o’tli she'riyati ona tilimizda yozilgan bebaho durdonalardir.Tilimizdagi hayo, ibo, andisha, oriyat, mehr-oqibat so’zlarini boshqa tilga aynan tarjima qilib bo’lmaydi. Ularni faqat o’zbek tilida ifodalash mumkin. Chunki bu tushunchalar xalqimizga xos va ularni aytishga faqat shu til qodirdir. Bizning ona tilimiz dunyodagi uch mingga yaqin til orasida turkiy tillar oilasiga mansub bo’lib, jonli til sifatida qipchoq, qarluq, o’g’iz lahjalarida namoyon bo’ladi. O’zbek adabiy tili esa ana shu lahjalardagi so’zlarning ma'lum bir me'yoriga keltirilgan shaklidir. U muttasil o’sib, rivojlanib bormoqda. Uning rivojida so’z mulkining sultoni Alisher Navoiyning xizmatlari beqiyosdir. Hazrat Navoiy til xaqida shunday yozadilar: "Ko’ngil xazinasining qulfi tildir. Ul xazinaning kalitidin so’z bil".
O’z ona tilimizga bo’lgan muhabbatni xalqimizning, odamlarning samimiy suhbatlarida, yuksak axloqiy fazilatlarida ko’rib, beixtiyor shunday el farzandi ekanligimizdan faxrlanamiz.
Til madaniyat ko’zgusi va ruhimizning qanoti. Biz ona tilimiz orqali xalqlar, millat va elatlar orasida hamisha aziz-u mukarram ekanligimizni aslo unutmasligimiz kerak. O’zbekona lutf, muomala, milliy qadriyatlar, odob-axloq esa ona tilimiz madaniyatining kalitidir.
Tongdek orombaxsh, quyoshdek nurli, ona og’ushidek issiq, bahordek tarovatli, yozdek haroratli, kuzdek saxovatli, qish qorlaridek beg’ubor tuyg’ularimizning tarjimoni bo’lgan, millatimiz ruhini ifoda etuvchi ona tilimiz, bizni yuksak ma'naviyatga, ma'rifatga, madaniyatga, istiqlolu istiqbolga yetaklovchi bebaho ne'matdir. Shu bois ham har birimiz ona tilimizni asrabavaylashimiz, e'zozlashimiz lozim. Zotan, tilimizga e'tiborli bo’lsak, millatimiz qalbi ona tilimiz hyech qachon zavol topmaydi.
Donishmand ota-bobolarimiz azaldan nutq madaniyatiga katta e'tibor berishgan. Ular qoldirgan asarlarni o’qir ekanmiz, har bir so’z o’z o’rnida qo’llanganiga guvoh bo’lamiz. So’z hissini doimo bilib yashashimiz kerak.
Shunday ekan, ona tilimizni asrab-avaylash, uni e'zozlash har birimizning zimmamizga katta mas'uliyat yuklaydi.
U.Xolmatov,
Qo’shtepa tumani hokimining maslahatchisi.