Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Noyabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930 

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 54 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

XOTIN-QIZLAR VA ERKAKLAR UCHUN TENG HUQUQ HAMDA IMKONIYATLAR EGA

×

 2020-11-19 12:56:02    285

PDF yuklash
Chop etish


Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to’g’risidagi Qonun Prezident tomonidan imzolandi (O’RQ-562-son, 02.09.2019 y.)

Qonunning maqsadi

Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta'minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini ta'minlashning asosiy prinsiplari

· qonuniylik;

· demokratizm;

· xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi;

· jins bo’yicha kamsitishga yo’l qo’yilmasligi;

· ochiqlik va shaffoflik.

Qonunga ko’ra, xotin-qizlar va erkaklarga davlat tomonidan teng huquq va imkoniyatlar kafolatlanadi, ularni jinsi bo’yicha kamsitishga yo’l qo’yilmaydi.

Bunda:

· bola tug’ish va ko’krak suti bilan oziqlantirish;

· muddatli harbiy xizmatga faqat erkaklarni chaqirish;

· ushbu Qonun asosida gender siyosati amalga oshirilishida vaqtinchalik maxsus choralar ko’rish;

· qamoqda saqlash, jazoni ijro etish joylarida saqlash tartibida farqlarni belgilash kabilar jinsi bo’yicha kamsitish hisoblanmaydi.

Endilikda qonun hujjatlaridagi jins bo’yicha kamsitilishiga yo’l qo’yadigan normalarni aniqlash va bartaraf etish maqsadida ushbu hujjatlar va ular loyihalarining gender-huquqiy ekspertizasi o’tkaziladi.

Davlat xizmatida gender tenglikni ta'minlash uchun bir jinsdagi xodimlar uchun lavozimlar vaqtinchalik kvotalanishi mumkin. Bunda kvotalash xotin-qizlar va erkaklar vakilligining mutanosibligiga erishilganda bekor qilinishi mumkin.

Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta'minlash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo’nalishlari

mazkur sohadagi normativ-huquqiy bazani shakllantirish va takomillashtirish;

mazkur sohadagi davlat dasturlarini, milliy harakatlar rejalarini va strategiyalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish;

xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar madaniyatini shakllantirish;

jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda xotin-qizlar va erkaklarning teng ishtirok etishini ta'minlash;

mehnatga oid va oilaviy majburiyatlarni birga bajarishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta'minlash;

oilani, bolalikni ijtimoiy jihatdan himoya qilish va qo’llab-quvvatlash, mas'uliyatli onalik va otalikni shakllantirish;

jins bo’yicha bevosita va bilvosita kamsitishga qaratilgan axborotdan jamiyatni himoya qilish;

mazkur sohadagi davlat dasturlarini, milliy harakatlar rejalarini va strategiyalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishga fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlarini, nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini jalb etish;

xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta'minlashga doir chora-tadbirlarni O’zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag’lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirish;

xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarga erishish maqsadida milliy, mintaqaviy va xalqaro darajalarda samarali hamkorlikni rivojlantirish.

Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta'minlash sohasidagi yagona davlat siyosati Gender tengligini ta'minlash bo’yicha komissiya tomonidan amalga oshiriladi.

Davlat xizmatidagi lavozimlarni, shu jumladan rahbarlik lavozimlarini egallash uchun tanlovda xotin-qizlar va erkaklarning teng ravishda ishtirok etishi ta'minlanishi kerak.

Xotin-qizlar va erkaklar hokimiyat vakillik organlariga saylash va saylanishda teng huquqlarga ega.

Davlat xotin-qizlar va erkaklarga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda teng huquq hamda imkoniyatlarni ta'minlaydi.

Xotin-qizlar va erkaklar ijtimoiy imtiyozlardan foydalanishda teng huquqlarga ega.

Davlat ta'lim olish huquqini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklarga teng imkoniyatlar yaratilishini ta'minlaydi.

Qonunga ko’ra agar shaxs o’zini jinsi bo’yicha kamsitishga duchor etilgan deb hisoblasa sudga murojaat qilish huquqiga ega. Bunda jinsi bo’yicha kamsitishga duchor etilgan shaxsdan davlat boji undirilmaydi.

Ushbu Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kiradi.

Ziyodbek Halimjonov,

Qo’shtepa tumani adliya bo’limi yetakchi maslahatchisi.