Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
MILLATLAR ARO TOTUVLIK
2020-11-04 21:48:57 259
Insoniyat tarixida insonlar orasidagi teng huquqlikning buzulishiga sabab bo’lgan omillardan biri bir din vakillarining boshqa bir din vakillariga diniy ayrimchilik asosida qarashidir. O’z diniga bo’lgan tarafkashlik tuyg’usi, o’zga dindagi kishilarga boshqacha nazar bilan qarashga olib borgan. Bu omildan esa siyosatchilar doimo o’z manfaatlari yo’lida foydalanib kelganlar. Qaysi bir urushni olib ko’rsak ham uning kelib chiqishida asosiy ayb siyosatchilarda bo’lib, o’sha siyosatchilar kim bo’lishidan qat'iy nazar, hatto o’zi dinsiz bo’lsa ham o’z maqsadiga erishish uchun kishilardagi diniy omilni yaxshilab ishga solish payidan bo’lganlar. Sirtdan esa, bir din bilan ikkinchi din urishgan, diniy urush deb nomlangan urushlar bo’lib ko’ringan.
Hozirgi kunimizda esa, insonlar dinlari qandoq bo’lishidan qat'iy nazar teng huquqli ekanliklari shiori oldinga surilmoqda. Maqsad yer yuzida tinchlikni ta'minlash. Bu albatta yaxshi xolat.
Islom dini musulmonlarga boshqa samoviy dinlarga, ularning payg’ambarlariga, muqaddas kitoblariga iymon keltirishni farz qilish bilan birga, o’sha dinlarga e'tiqod qiluvchi kishilarga yomonlik qilmaslik, ular bilan yaxshi muomalada bo’lish, yaxshi qo’shnichilik qilish, ziyofatga chaqirish, oilaviy aloqalar o’rnatishga ham ijozat berdi.
Biz Islomga zarar yetkazib qo’ymaslik naqadar muhimligini his etmagunmizgacha, buning katta bir mas'uliyat ekanligini anglab yetmagunimizgacha ancha qoqilamiz. Dinimizga yetkazilgan ma'naviy zarar ko’lami har qanday moddiy zarardan oshib tushadi.
Hukmdor qilishi, davlat amalga oshirishi kerak bo’lgan narsalarni o’zboshimchalik bilan ijro etish mutlaqo joiz emas. Agar Rasululloh sollallohu alayhi va sallam haqlarida chizilgan karikaturani o’quvchilarga ko’rsatgan o’qituvchi shu ishni farazan, Islom mamlakatida sodir qilganda ham uning tegishli jazosini avom kishisi emas balki, davlat rahbari o’z zimmasiga olishi kerak bo’lardi dinimizga ko’ra. Chunki, bu had jazosi kabi ish bo’lib, faqat va faqat hukmdor amalga oshira oladi. Hamma o’zicha jinoyatchilarni jazolab yursa, fasod yuzaga keladi. Bu shar'an joiz emas.
Chunki, dinimiz Islom va musulmonlar obro’si, irzi bu narsalardan ustun turadi. Haqqimiz yo’q, o’zboshimchalik bilan, shariatga bo’ysunmagan holda nojo’ya xatti-harakatlar ortidan Islomga zarar yetkazishga.
Ummat olimlarga bo’ysunmasa, ularga ergashmasa, o’zicha internet saytlaridan topilgan ma'lumotlar bo’yicha ish ko’rsa, zararga kirib boraveradi. 14 asr muqaddam Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning 23 yillik payg’ambarlik hayotlari davomida turli vaqtlarda, turli sharoitlarda sodir bo’lgan ishlardan mustaqil ravishda hukm ola biladigan, bir-biriga zohiran zid kelib qolgan voqyea va tutumlarga to’g’ri baho berib, ulardan kerakli xulosalar chiqara oladigan odamlar emasmiz. Buning uchun chuqur bilim, tafakkur va ulamolarning so’zlarini o’rganib chiqishga muhtojmiz. Aks holda, bunday ko’rguliklarning keti uzilmaydi.
Ma'lumki Yevropa mamlakatidagi bo’layotgan ishlar bir sinov bo’lib, xar bir musulmon kishining mustahkam mezoni bor. Musulmon inson his-tuyg’ular g’alayon qilganda shariat buyurmagan ishni qilmaydi. Bir yomonlikni o’zgartiraman deb, undan kattaroq yomonlikka yo’l ochmaydi. Radikal uslublarga murojaat qilmaydi. Aqlni hokim qiladi.
Zero, bu ishlar provokatsiya bo’lishi, siyosatchilarning chirkin o’yinlari bo’lishi ham mumkin. Musulmonlar bunday tuzoqlarga tushib, iflos o’yinlarning ishtirokchisi bo’lib qolishdan saqlanishlari lozim.
Z.Turdiyev,
Qo’shtepa tumani “Abdusamad Oxund” masjidi imomi.