Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Noyabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930 

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 36 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

QO’SHTEPADA 27 TA INVESTITSIYA LOYIHALARI AMALGA OSHIRILADI

×

 2020-10-20 07:29:40    250

PDF yuklash
Chop etish


Viloyat hokimi Xayrullo Bozarov Qo’shtepa tumanini ijtimoiy iqtisodiy rivojlantirish dasturiga ko’ra amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishishni “Paxtakor” mahalla fuqarolar yig’inidagi 152 gektar maydonda intensiv usulda 66 gektarda o’rik, 8,4 gektarda gilos yetishtirishga ixtisoslashtirilgan aksionerlik jamiyatidan boshladi. Bog’da “Manbo”, “Kolorado”, “Linfa” kabi Ispaniyadan keltirilgan 6 turdagi o’rik ko’chatlari ekilgan. 32 nafar ish o’rni yaratilgan. O’rik bog’ida tomchilatib sug’orish tizimi joriy qilingan. Yetishtirilgan mahsulotlarning 80 foizi Turkiya, Rossiya, Qozog’iston, Qirg’iziston va Yevropa davlatlariga eksport qilinishi hamda qolgan 20 foizi ichki bozorga sotilishi ko’zda tutilgan. 1 gektaridan yiliga o’rtacha 352,0 mln.so’m daromad olinishi rejalashtirilgan. Jarayon bilan tanishgan viloyat xokimi qator oralaridan bir yilda kamida 2 marta daromad olishda ilmiy yondashuv zarurligi, bunda tarvuz ekilishi maqsadga muvofiq ekanligini ta'kidladi.

Viloyat hokimi sut mahsulotlarini qayta ishlash va qatiq, smetana, qaymoq, saryog’ singari mahsulotlar tayyorlash loyihasi bilan tanishdi. Ko’p tarmoqli fermer xo’jaligida 810 bosh sog’in sigirlar mavjud bo’lib, yaqinda Estoniyadan yana 300 bosh zotdor mollar keltirildi. Har bir sigirdan kuniga 30 litrgacha, jami 5 tonna sut sog’ib olinyapti va qayta ishlanmoqda. Marg’ilon shahri va Qo’shtepa tumani tibbiyot muassasalariga arzon narxlarda yetkazib berilmoqda. E'tiborlisi, xo’jalikda go’sht yetishtirishga ham e'tibor qaratilgan. Shu maqsadda Avstraliyadan ANGOS zotli mollar keltirilib, parvarishlanmoqda. Loyihaning afzalligi Turkiyadan yana bitta 24 bosh sigirni bir vaqtda sog’ishga mo’ljallangan texnologiya olib kelib o’rnatiladi. Sutni qayta ishlash kengaytiriladi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozarov Qo’shtepa tumanidagi “Tibbiy antiseptik vositalar” ishlab chiqarishga mo’ljallangan korxonada ham bo’ldi. Loyihaning umumiy qiymati 3,2 mlrd.so’m. To’liq ishga tushgach 36 ta yangi ish o’rinlari yaratilishi belgilangan. Bir kunlik 5,0 tonna xom ashyoni qayta ishlash quvvatiga ega. Hozirda korxona tomonidan 20 ming dona tibbiy antiseptik vositalar maxsus idishlarga qadoqlanib, tashkilot va korxonalarga yetkazib berilmoqda. Kelgusida jamiyat tomonidan mahsulotlarni diversifikatsiyalash evaziga spirtli eritmalar va tabiiy giyohlardan damlamalar tayyorlash rejalashtirilgan.

Solijonobod mahalla fuqarolar yig’ini cho’l hududida tashkil etilayotgan quyonchilik kompleksida olib borilayotgan ish jarayoni ham ko’zdan kechirildi. Loyihaning umumiy qiymati 7 mlrd.so’mni tashkil etadi. Hozirda qurilish ishlarining yakuniy bosqichlari amalga oshirilmoqda. Rossiya davlati bilan 5 000 bosh “Xikol” zotli ona quyonlar sotib olish yuzasidan qiymati 200 ming dollarlik shartnoma imzolangan bo’lib, joriy yilning oktyabr oyida dastlabki 1000 bosh quyonlar qabul qilib olinadi. 60 nafar ish o’rni yaratiladi hamda eksportbop, sifatli quyon go’shti ishlab chiqarilishi ko’zda tutilgan.

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 5-6 iyun kunlari Farg’ona viloyatiga tashrifi davomida belgilab berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan o’tkazilgan yig’ilish bayonidagi vazifalar bo’yicha investitsiya dasturiga ko’ra Qo’shtepa tumanida paxta tozalash va paxtani qayta ishlashni tashkil etish klasteri tashkil etilgan. Qiymati 71,4 milliard so’m, shundan tadbirkorning o’z mablag’i 43 milliard so’m, 28,4 milliard so’m bank kredetidan iborat. Ushbu mablag’lar o’zlashtirilishi natijasida 300 nafar yangi ish o’rinlari yaratildi. Klaster korxonasi 80 ming tonna paxtani qayta ishlash quvvatiga ega. Kuniga 330 tonna paxta qayta ishlanib, undan chigit, tola, lint, puf ajratib olinadi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozarov bu yerda yaratilgan sharoitlar va ishlab chiqarish sexlari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Qo’shtepa tumanidagi dala maydonlarini 2021 yil paxta xosili uchun tayyorlashga mo’ljallangan mavjud texnikalarni ko’zdan kechirdi. Haydovni me'yorida amalga oshirish uchun texnikani tayyorlash bo’yicha o’z tavsiyalarini berdi.

Paxtani qayta ishlash va tayyor mahsulot tarzida eksport qilinishi daromadni bir necha barobarga oshiradi. Shu bois, viloyat hokimi paxta yetishtirish uchun yangi yerlarni o’zlashtirish va buning uchun yangi texnikalar harid qilish bo’yicha tavsiyalar berdi.

Tumanda paxta yig’im-terim ishlarini munosib tashkil etgan, terimda faollik bilan qatnashgan, rejani ortig’i bilan bajargan bir qator fermer xo’jaliklariga qimmatbaxo sovg’alar tantanali ravishda topshirildi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozarov Qo’shtepa tumani dala maydonlaridagi yetishtirilgan paxta hosilini to’liq, misqolini yerda qoldirmay terib olish bo’yicha tashkil etilgan terim otryadlari faoliyati bilan ham tanishdi.

2020 yil paxta hosilini yig’ib terib olishda ixtiyoriy ravishda fidoiylik ko’rsatayotgan faollar, terimchilar bilan suhbatda bo’ldi. Ularning mehnatlari samarasi evaziga reja ortig’i bilan bajarilganligini ta'kidlab, terimda ishtirok etayotganlarga sovg’alar ulashdi.

Ma'lumki, viloyat hokimi tomonidan shahar va tumanlarda sektorlar kesimida ishchi guruhlari tashkil etish, mahallalardagi xonadonni o’rganib, haqiqiy holat bilan tanishish va ishsizlikni bartaraf etish bo’yicha aniq chora-tadbirlar belgilash topshirig’i berilgan edi. Viloyat hokimi Xayrullo Bozarov tumanda Yoshlar bandligini ta'minlash bo’yicha tashkil etilgan shtab faoliyati bilan tanishdi. Sektorlar kesimida amalga oshirilgan ishlar bilan qiziqdi.

Asosiy maqsad yoshlar bandligini ta'minlash, tumanni ijtimoyi-iqtisodiy rivojlantirishdagi ishlarda ularning faolligini oshirishdan iborat, - dedi viloyat hokimi. Shunday ekan bu masalaga e'tiborsizlik bilan qarab bo’lmaydi, aniq maqsadni tushungan holda ishni tashkil etish zarur. Viloyat rahbari ishsiz yoshlarni kredit olishlarida ko’maklashish va tadbirkorlikka yo’naltirish, qurilish ishlariga jalb etish, bo’sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bo’yicha tavsiyalar berdi. Hamda shu yerning o’zida tashkil etilgan yoshlar kutbxonasi faoliyati bilan tanishdi. Yoshlarni kitobxonlikka jalb etish masalasi oqsayotganligini tanqid ostiga oldi.

- Kitob ilm o’chog’i. Yoshlarni ilmli, yuksak ma'naviyatli, Vatanga sodiq, fidoiy bo’lishlarida katta xazina ekan, bunga e'tiborsizlik bilan qarab bo’lmaydi, - dedi viloyat rahbari. Kutubxona ishining xo’ja ko’rsinga tashkil etilganligi, ishni tubdan yaxshilash choralarini ko’rish zarurligiga e'tibor qaratdi.

Qo’shtepa tumanida 27 ta investitsiya loyihalari amalga oshirilishi belgilangan bo’lib, loyihalarning umumiy qiymati 421,2 mlrd.so’mni tashkil etadi. Bunda loyiha tashabbuskorlarining o’z mablag’i hisobidan 145,6 mlrd.so’m, bank krediti hisobidan 8,7 mlrd.so’m, xorijiy kredit liniyalari bo’yicha 480 ming AQSh dollari hamda to’g’ridan-to’g’ri 26 million AQSh dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar o’zlashtiriladi. 1 301 ta yangi ish o’rinlari yaratiladi. Viloyat hokimi bu borada tashkil etilgan kichik sanoat zonasi faoliyati bilan tanishdi. Tekstil yo’nalishida amalga oshirilayotgan loyihalarning natijadorligi bilan qiziqdi va o’z tavsiyalarni berdi.

Farg’ona viloyati hokimligi