Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Noyabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930 

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 38 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

SUDLANGANLIK HOLATI QACHON TUGALLANADI?

×

 2020-10-17 21:23:24    388

PDF yuklash
Chop etish


Sudlanganlikni muddatidan oldin olib tashlash mumkinmi?

Ko’p fuqarolarimiz “sudlangan” degan qora tamg’adan yiroqroq yurishga harakat qilishadi. Dunyoda hyech bir inson jinoyatchi bo’lib tug’ilmaydi, balki ana shu salbiy illatni hayoti davomida o’ziga orttirib oladi. Taqdir taqozosi bilanmi yoki bilib-bilmay adashib jinoyat ko’chasiga kirib qolganlar keyinchalik o’z bo’ynilariga “sudlangan” degan tamg’ani olishga majbur bo’lishadi.

Sudlanganlik o’zi nima? Amaldagi Jinoyat kodeksiga ko’ra, sudlanganlik shaxsning sodir etgan jinoyati uchun hukm etilganligidan kelib chiqadigan huquqiy holatdir. Aslida, sud tomonidan jazo tayinlangan ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab shaxs sudlangan deb hisoblanadi.

Har qanday hatti-harakat yoki harakatsizlikning oqibati bo’lgani kabi, jinoyat sodir etishning ham o’ziga yarasha huquqiy oqibati mavjud va bu ham bo’lsa sudlanganlikdir.

Sudlanganlik esa shaxs manfaatlariga ta'sir etuvchi bir qator huquqiy oqibatlarga sabab bo’ladi. Ular qo’yidagilar:

- jinoyat kvalifikatsiyasiga ta'sir etuvchi, ya'ni jinoiy javobgarlikni kuchaytiruvchi holat hisoblanadi;

- muayyan hollarda shaxsni “o’ta xavfli retsidivist” deb topilishiga asos bo’ladi;

- jazoni og’irlashtiruvchi holat sifatida e'tirof etiladi;

- ilgari sodir etilgan jinoyati uchun jazo o’tayotgan shaxs tomonidan yangi jinoyat sodir etilgan hollarda, hukmlar majmui bo’yicha jazo belgilashda sudlanganlik qattiqroq qoidalar qo’llanilishiga sabab bo’ladi;

- tugallanmagan va olib tashlanmagan sudlanganlik holatining mavjudligi ayrim asoslar bo’yicha, masalan, jabrlanuvchi bilan yarashganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod etilishiga to’sqinlik qiladi.

Qo’yidagi holatlarda shaxs sudlanmagan hisoblanadi:

- jazo tayinlanmagan holda ayblov hukmi chiqarilganda;

- tibbiy yo’sindagi majburlov choralari qo’llanilgan bo’lsa;

- javobgarlikka tortish muddatining o’tib ketganligi munosabati bilan jazodan ozod qilinganda;

- qilmish yoki shaxs ijtimoiy xavfliligini yo’qotganligi munosabati bilan jazodan ozod qilinganda;

- aybdor o’z qilmishiga amalda pushaymon bo’lganligi munosabati bilan jazodan ozod qilinganda;

- jinoyat sodir etgan shaxs jabrlanuvchi bilan yarashganligi munosabati bilan jazodan ozod qilinganda;

- jinoyat sodir etgan shaxs kasalligi tufayli jazodan ozod qilinganda;

- amnistiya yoki afv etish asosida jazodan ozod qilinganda;

Sudlanganlik muddatining o’tib ketganligi yoki sudlanganlikning olib tashlanishi munosabati bilan uning barcha huquqiy oqibatlari bekor bo’ladi.

Ko’pchilikka sudlanganlik holati qachon yo’qolishi qiziq. Shu masalaga to’xtaladigan bo’lsak, demak, jinoyat qonuni bo’yicha shaxsning sudlanganlik holati quyidagi paytlarda tugallanadi:

- shartli hukm qilinganlarga nisbatan - sud tomonidan shaxsga belgilangan sinov muddati tugagan kundan boshlab;

- majburiy jamoat ishlari, xizmat bo’yicha cheklash yoki intizomiy qismga jo’natish tarzidagi jazolarini o’tab chiqqach;

- jarima jazosi ijro etilgan kundan keyin, shuningdek muayyan huquqdan mahrum qilish yoki axloq tuzatish ishlari jazolari o’talganidan keyin bir yil o’tgach;

- ozodlikni cheklash jazosi o’talganidan keyin - ikki yil o’tgach;

- besh yildan ko’p bo’lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi o’talganidan keyin - to’rt yil o’tgach;

- besh yildan ortiq, lekin o’n yildan ko’p bo’lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi o’talganidan keyin - yetti yil o’tgach;

- o’n yildan ortiq, lekin o’n besh yildan ko’p bo’lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi o’talganidan keyin - o’n yil o’tgach.

Qonunchiligimizda fuqarolarimiz bilishi lozim bo’lgan muhim qoidalar mavjud. Bu sudlanganlikni muddatidan oldin olib tashlash masalasidir.

Jinoyat kodeksiga ko’ra, agar shaxs ozodlikdan mahrum qilish jazosini o’tab bo’lganidan keyin unga nisbatan ma'muriy jazo yoki intizomiy ta'sir choralari qo’llanilmagan bo’lsa, jamoat birlashmasi, fuqarolarning o’zini-o’zi boshqarish organi, mehnat jamoasi, jazoni o’tab chiqqan shaxsning o’zi yoki vakilining bergan iltimosnomasiga ko’ra ham sud Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan yuqorida qayd etilgan muddatlarning kamida yarmini o’tganidan keyin uning sudlanganligini olib tashlashi mumkin.

Shuningdek, qonunchiligimizda imtiyoz tariqasida iqtisodiyot asoslariga qarshi ayrim jinoyatlar uchun, xususan Jinoyat kodeksning 178-184, 185-1852, 189-192-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlik uchun hukm qilingan shaxslarning sudlanganligi ular davlatga juda ko’p zarar yetkazmaganda (bazaviy hisoblash miqdorining besh yuz baravari va undan ortiq bo’lgan miqdor), Jinoyat kodeksning 78-moddasida nazarda tutilgan muddatlarning kamida to’rtdan bir qismini o’tganidan keyin sud tomonidan olib tashlanishi mumkinligi belgilangan.

Bundan tashqari, qonunchiligimizda o’n besh yil va undan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini o’tab chiqqan shaxslar hamda o’ta xavfli retsidivistlar, agar ular jazoni o’tab chiqqanidan keyin o’n besh yil mobaynida yangi jinoyat sodir etmasalar, sud ularning sudlanganligini olib tashlashi mumkinligi belgilangan.

Sudlanganlikni muddatidan ilgari olib tashlash to’g’risidagi iltimosnoma sudlanganlik holati mavjud shaxs, uning himoyachisi yoki qonuniy vakilining yoxud jamoat birlashmasi yoki jamoa tomonidan jazoni o’tab chiqqan shaxs yashash joyidagi jinoyat ishlari bo’yicha tuman (shahar) sudiga berilishi mumkin.

Shuningdek, sudlanganlik afv etish yoki amnistiya akti asosida ham olib tashlanishi mumkin.

Sudlanganlik holatining tugallanish yoki sudlanganlikni olib tashlash muddatlari qanday hisoblanadi?

Sudlanganlik holatining tugallanish yoki sudlanganlikni olib tashlash muddatlari sud tomonidan jazoga hukm qilingan shaxsning asosiy va qo’shimcha jazolari o’tab bo’lingan yoki ijro etilgan kundan boshlab hisoblanadi.

Asosiy va qo’shimcha jazo o’tab bo’lingach Jinoyat kodeksining 78-moddasida belgilangan, ya'ni sudlanganlik muddatlari o’tishi bilan shaxs sudlanmagan hisoblanadi.

Sudlanganlik muddatlarini hisoblashda bir qator qoidalar mavjud:

Masalan agar shaxs tayinlangan jazodan qonunda belgilangan tartibda muddatidan ilgari ozod qilingan yoxud jazo yengilrog’i bilan almashtirilgan bo’lsa, sudlanganlik muddati muddatidan ilgari ozod qilingan yoki yengilrog’i bilan almashtirilgan jazoning amalda o’tab bo’lingan qismidan hisoblanadi;

Agar shaxsga tayinlangan jarima va ahloq tuzatish ishlari jazosini sud boshqa jazo bilan almashtirgan bo’lsa, sudlanganlik muddati jazoning amalda o’tab bo’lingan yoki ijro etilgan qismidan hisoblanadi;

Agar jazoni o’tab chiqqan shaxs sudlanganlik holatining muddati tugamay, yana jinoyat sodir etsa, sudlanganlik holatini tugatuvchi muddatning o’tishi to’xtatiladi. Ilgari sodir etilgan jinoyat uchun sudlanganlik holatining tugash muddati oxirgi sodir etilgan jinoyat uchun jazoni amalda o’tab bo’lganidan boshlab hisoblanadi.

Xulosa o’rnida shuni aytmoqchimanki, jamiyatda o’rnatilgan tartib-qoidalardan ko’zlangan asosiy maqsad ham fuqarolarni O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etish hamda ularni qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalashdan iborat. Shunday ekan, barchamiz mamlakatimiz ravnaqi uchun amaldagi qonunlarimizda o’rnatilgan huquq va erkinliklarimizni bilishimiz, majburiyatlarimizni bajarishimiz hamda ularga amal qilishimiz, zarurat bo’lganda esa atrofdagilarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishimiz ham qarz ham farzdir.

Avazjon Ergashev,

jinoyat ishlari bo’yicha

Qo’shtepa tuman sudining raisi.