Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
SO’Z DEPUTATLARGA
2020-09-03 13:42:49 244
Xabaringiz bor, “So’z deputatlarga” rukni ostida tuman Kengashiga saylangan deputatlarimizning faoliyatlari bilan tanishtirib borishga harakat qilmoqdamiz.
Bugun 1-Quvurboshi saylov okrugidan tuman Kengashiga saylangan deputat, "Adolat" sotsial-demokratik partiyasi tuman Kengashi deputatlar guruhi, "Ijtimoiy-madaniy sohalarni rivojlantirish, oila, xotin-qizlar va yoshlar masalalari" bo’yicha doimiy komissiyasi a'zosi, Marg’ilon shahridagi "Shahzodabonu omad fayz" xususiy korxonasi rahbari A'zamjon AHMADJONOVning fikr-mulohazalari bilan tanishamiz.
ODAMLAR DEPUTATGA ISHONADI
Gapning ochig’ini aytganimda, deputatlikka intilgan emasman. Mahalla ahli vakillarining talabini yerda qoldirmay, nomzodim tuman Kengashi deputatligiga qo’yilishiga rozilik berganman. Saylovchilarning 85 foizdan ortig’i mening nomzodimni qo’llab-quvvatlabdi. Bu, bir tomondan siyosiy jarayonlarga ko’pam aralashmaydigan mendek bir tadbirkorni hayratga soldi. Nima uchun mahalladoshlarim menga bu qadar ishonishdi, deya savol berdim o’zimga-o’zim. Javobni ham o’zimdan qidirdim.
Yashirishning hojati yo’q. Ota-onam ham savdogar bo’lishgan, hozirda nafaqadalar. Bir paytlar oilamiz iqtisodiy jihatdan og’ir ahvolga tushib qoldi. To’rt o’g’il, ikki qizli oilani bu vaziyatdan chiqarib olish oson kechmagan. Shukrki, Allohning inoyati, harakat, mehnat-mashaqqat bilan mushkulotlar ortda qoldi. Ana shu qiyinchilik paytlarida "agar oyoqqa turib olsak, zarracha imkon topsam, qiynalib qolgan odamlarning qo’lidan tutay, yordamimni ayamay" degan niyatni dilimga tugdim. Niyatni xolis qilgan ekanman, mana, unga yetib turibman. Xayru ehson qilishni yaxshi ko’raman. Saxovatpesha odamlarni atrofimga jamlab, biror xonadon yoki mahalladagi muammoni bartaraf etishda tashkilotchilik qilish tabiatimga singib ketgan. Bir nochorga qilgan yordamim menga baland ruh va kuch-quvvat bag’ishlaydi. Ana shuning uchun ham saylovchilar menga ishonishgan bo’lsalar kerak-da.
Partiyamiz maqsadlaridan kelib chiqib tayyorlagan dasturimda asosan adolatlilik, imkoniyatlar tengligi, ijtimoiy himoyaga alohida ahamiyat qaratganman. Adolat hayotimizning bosh tamoyiliga aylanishi, u har bir inson uchun xizmat qilishi uchun kurashish maqsadlari dasturda mujassam etilgan.
Deputat sifatida odamlarni qiynayotgan ayrim muammolar yuzasidan tegishli tashkilotlar rahbarlariga yozma yoki og’zaki so’rov chiqarib, masalaga beparvolik bilan, mas'uliyatsizlarcha munosabatda bo’layotgan rahbarlarni uchratganimda, hayratim ortadi. Axir biz odamlarning turmushini ertaga emas, bugun yaxshilashga bel boylagan emasmiz-mi?
Xususan, Tegirmonboshidagi transformator odamlar uchun xavfli holatga kelib qolgani haqidagi og’zaki murojaatimga elektr ta'minoti korxonasidagi mutasaddilar pinak ham buzishmadi.
Bir necha murojaatlardan so’nggina u tartibga keltirildi. Mahallamizdagi oilaviy poliklinikaning sanitariya holati bugunning talabiga mutlaqo javob bermaydi. 4-maktabgacha ta'lim tashkiloti tom qismi yaroqsiz holatga kelib qolgan. To’g’ri, hozir karantin sharoitida tashkilot faoliyat ko’rsatmayapti. Ammo ertami indin u yana odatiy faoliyatga qaytadi-ku! Bu muammolar bo’yicha so’rovlarimga ham tegishli rahbarlardan hamon biror ijobiy javob ololganim yo’q.
Lekin muammolar hal bo’lmaguncha o’zim ham tinchimayman, mutasaddilarni ham tinchitmayman.
Ichimlik suvi masalasi ancha yillardan buyon muammo bo’lib turibdi. Kunduzi ikki soatgagina suv beriladi. Uyda bo’lganlar uni g’amlab oladi, ammo bu paytda ishda bo’lganlar toza suvni qayerlardandir tashib kelishlariga to’g’ri keladi. Mahalla faollari bilan kelishib, suv minorasi o’rnatishni rejalashtirib turibmiz.
Xalq deputatlari tuman Kengashida har bir deputatning o’rni, vakolati, odobi, saylovchilari oldidagi mas'uliyati, ularga hisob berib borishi singari jihatlarni bizga berilgan qo’llanma asosida o’rganyapman. Bu borada katta tajribaga ega bo’lgan deputatlardan bilmaganimni so’rab o’rganishga harakat qilyapman.
O’tgan davr mobaynida menga murojaat qilgan ehtiyojmand oilalardan ikkitasiga saxovatpeshalar yordamida skvajin-quduq suvi chiqarishga ko’maklashdik. Bir oilaga gaz olib kirdik va plita keltirib berib, quvonchiga sherik bo’ldik. Nogironi bor yana bir oilaga darvoza qurib berildi. Umuman, pandemiya davrida okrugimiz hududi hamda Marg’ilon shahridagi 300 dan ortiq daromadidan ajrab qolgan, nochor oilalarni oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlashni zimmamizga olib, buning uddasidan chiqyapmiz.
Inson uchun salomatlikdan ko’ra kattaroq boylik bo’lmasa kerak. Avtohalokat tufayli bosh miyasidan qattiq jarohat olgan qizning hayotini saqlab qolishga Yaratganning inoyati bilan hissa qo’shdik. Miya uchun Toshkentdan protez tayyorlatib kelib, Farg’onada qilingan jarrohlik amaliyoti uchun uch ming AQSh dollari sarfini ehsonli insonlar bilan birgalikda ko’tardik. Qo’li yengil shifokorlar ham kam bo’lmasinlar. Hozir qizning salomatligi tiklanganidan xursandmiz.
Qiyqi mahallasidan bir ayol "deputat ekansiz, o’n ikki yoshli o’g’ilcham qattiq bemorlikdan holdan ketib, yo’lida yurolmay qoldi. Doktorlar uni Toshkentga olib borishni tavsiya qilishdi. Iltimos, yordam bering" deb qoldi. Men ayolga bu mening okrugim emas, deya olarmidim. Yigitchani o’zim mashinamda o’sha aytilgan shifoxonaga onasi bilan yetkazib bordim. Muolajalar uchun sarf-xarajatni savobtalab odamlar bilan birga zimmamizga oldik. Aniq tashxis bilan qilingan muolajalar em bo’lib, bola o’n kun ichida oyoqqa turdi. Uni Toshkentdan sog’-omon olib kelganimizda buvisining quvonch ko’z yoshlarini ko’rsangiz, haqimizga qilgan duolarini eshitsangiz edi!
O’tgan sakkiz oydan ko’proq vaqtda shunga amin bo’ldimki, odamlar deputatga ishonadi. Unga qilgan murojaati yerda qolmaydi, deb hisoblaydi. Ammo yana bir anglaganim, hali oramizda odamlar dardiga befarqlar, o’z ishi mas'uliyatini anglab yetmayotganlar bor. Bundaylarning rahbarlar orasida uchrashiga aslo toqat qilib bo’lmaydi. Shunday ekan, biz, deputatlar, odamlar turmush darajasini ko’tarishdek olijanob maqsad yo’lida, ayniqsa, mutasaddilardagi bu illatga qarshi turmog’imiz ham qarz, ham farz, deb hisoblayman.
Faoliyatim davomida yana bir qancha masalalarni ko’tarishni o’z oldimga maqsad qilib qo’yganman. Xususan, bir masalani yaqin kunlarda doimiy komissiya muhokamasiga kiritmoqchiman. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan "Besh tashabbus" doirasida maktablardagi sport zallaridan to’g’ri va samarali foydalana olinmayapti. Masalan, 50-maktab misolida buni yaqqol ko’rish mumkin. Hududdagi bolalarning hammasida ham yo’l kira, vaqt sarflab sport maktablariga borish imkoniyati bo’lmaydi. Agar haftaning ma'lum kunlarida sport maktablaridan olis joylardagi muassasalar zallarida tegishli murabbiylar tomonidan to’garak mashg’ulotlari olib borilsa, hamma bolalarni jalb qilib olish mumkin bo’lardi. Ana shunda jismoniy chiniqish, vaqtini mazmunli o’tkazish uchun hamma o’g’il-qizlar, yoshlarga birdek imkoniyat yaratilardi.
A'zamjon AHMADJONOV,
Xalq deputatlari tuman Kengashi deputati