Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Noyabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930 

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 21 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

Pandemiya davrida yashashni va mehnat qilishni o’rganishimiz lozim

×

 2020-08-24 11:25:31    215

PDF yuklash
Chop etish


MILLIY HUNARMANDLIK E'ZOZI

Yurtimizda hunarmandchilikni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilgan. Urf-odat va an'analarimizni o’zida jamlagan holda avloddan-avlodga o’tib kelayotgan ko’p asrlik tarixga ega hunarmandchilik iqtisodiyotimiz taraqqiyotida ham samarali ta'sirga ega. Qo’shtepa tumanida ham o’z hunari ortidan oilasi byudjetiga daromad qo’shib kelayotgan qo’li gul hunarmandlar ko’pchilikni tashkil qiladi.

Xo’sh, bugungi murakkab sharoitda, hunarmandlarimizning faoliyati qanday ketmoqda? Pandemiya davrida mahalla hayoti va aholining yashash tarzi bilan yaqindan tanishish maqsadida, 1-sektor hududidagi Yangi do’kon mahalla fuqarolar yig’inida bo’ldik.

Yangi do’kon mahallasiga kelsangiz ajoyib manzaraga guvoh bo’lasiz. Marg’ilon-Oltiariq yo’lida joylashgan mahalla go’yoki hunarmandlar shaharchasiga o’xshaydi. Ko’chaning ikki chetiga did bilan terilgan bir-biridan chiroyli so’ri, xontaxta, stol-stul va dala hovli mebellari ko’zni quvontiradi. Yangicha uslubda, yangicha dizaynda yasalgan har bir buyumning o’zi bir san'at asariga o’xshaydi. Bu mahsulotlar o’zining sifati, badiiy jihatdan yuksakligi, tabiiyligi va milliy o’zligimiz, tarixiy an'analarimizni o’zida uyg’unlashtirgani bilan ham ahamiyatlidir. Shundan bo’lsa kerak, bu buyumlarning bozori juda chaqqon.

Qiziq, bugungi kunda ham bu buyumlarga avvalgidek talab bormi? Umid bilan mehnat qilayotgan hunarmandlarning qora qozoni qaynab turibdimi? Ushbu savollarga javob topish maqsadida eng avvolo Yangi do’kon mahalla fuqarolar yig’ini raisi Roxatoy opa Yuldasheva bilan suhbatlashdik.

- Yurtimizga koronavirus pandemiyasining kirib kelishi barchamiz uchun kutilmagan holat bo’ldi - deydi, Roxatoy opa Yuldasheva. - Davlatimiz rahbari boshchiligida mamlakatimizda bu tahdidga qarshi samarali kurash olib borilmoqda. Bu borada dolzarb ahamiyatga ega bo’lgan bir nechta muhim qarorlar qabul qilindi. Ko’rib turganingizdek, barchamiz pandemiya sharoitida yangicha hayot tarziga moslashib, ishlashga va yashashga o’rgandik. Bunungi kunda mahallamiz odamlari ahillik bilan o’z ishlarini davom ettirmoqdalar. Qolaversa, "Sahovat va ko’mak" umumhalq harakati doirasida mahallamizdagi “Temir daftar”ga kiritilgan  va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga ham oziq-ovqat va bir marotabalik yordam pullari berilmoqda.

Yuqorida ta'kidlab o’tganimizdek, Yangi do’kon mahallasida yashovchilar asosan hunarmandchilik bilan shug’ullanishadi. Tarixga yuzlanadigan bo’lsak, mahalladagi hunarmandchilikni 1900 yillar boshida rivojlanganligiga guvoh bo’lamiz. O’sha yillarda hunarmand ustalar G’ulomjon G’ofurov va Oxunjon Qodirovlar qo’l mehnatlari bilan arava yasab kelishgan. Ularning kasblari esa farzandlariga meros bo’lib qolgan. Keyinchilik bu sulola vakillari so’ri, eshik-rom, xontaxta, sandal, stol-stul kabi juda ko’plab hunarmandchilik buyumlarini yasay boshlaganlar. Shu zayl ular o’z an'analarini qo’llab-quvvatlash orqali zamonaviylashtirib borishgan. Qolaversa, ular asriy an'analarni bugungacha davom ettirib kelmoqdalar. Shundan bo’lsa kerak, bugungi kunda mahallada istiqomat qiluvchilarning 60 foizdan ziyodi  hunarmandchilik bilan shug’ullanib kelishadi.

Koronavirus pandemiyasi tufayli barchamizning yashash tarzimiz o’zgardi. Lekin hayot bir maromda davom etmoqda. Shuning uchun mahalla ahli ham yurtimizda joriy etilgan karantin talablariga amal qilgan holda, o’z mehnat faoliyatlarini davom ettirmoqdalar. Hozirgi kunda Yangi do’kon mahalla fuqarolar yig’inida 3040 ta aholi, 639  ta xonadon, 841 ta oilalar mavjud. Yangi do’konliklar asosan tadbirkorlik, hunarmandchilik bilan shug’ullanishib, tomorqaga ham mehr bilan qarashadi. Ular uzum yetishtirish borasida ham juda mirishkor bo’lib ketishgan. Mahallaning uzumchi bobodehqonlari yer bilan tillashish va dillashish hadisini olgan. Elimizning rizq-nasibasini yaratuvchi mirishkorlarda uzumning «Husayni», «Rizamat ota», «Kelin barmoq» singari o’nlab navlarini parvarishlash bo’yicha juda katta hayotiy tajriba bor.

- Mahallamiz odamlari juda mehnatkash. Deyarli har bir xonadonda uzum yetishtiriladi - deydi mahalla raisi R. Yuldasheva. - Yangi do’konda ham uzumchilikning o’ziga xos yo’nalishi yo’lga qo’yilgan. Hozir uzumlar pishdi, bu degani dehqonning qo’li pul ko’rdi degani. Ayni kunlarda bir kilogram uzumning ulgurji narxi 5-10 ming so’mga to’g’ri kelmoqda.

Mahalla fuqarolar yig’inidagilar bilan hamkorlikda mahalla aylanib, odamlarning yashash tarzi bilan tanishdik. Eng avvalo tadbirkor Ilhomjon Yuldashevning xonadoniga tashrif buyurdik. Xonadon egalari hunarmandchilikka meros sifatida qarab, oilaviy shug’ullanishadi. Har bir yasalayotgan buyum bir oilaning mehnati evaziga tayyor holatga keladi. Hamjihatlikda yasalgan stol-stullar 1.500.000 so’m, so’rilar 1.200.000-2.500.000 so’mgacha sotilmoqda.

- Yurtimizda joriy etilgan karantin talablariga amal qilib ish faoliyatimizni davom ettirmoqdamiz - deydi, hunarmand Ilhomjon Yuldashev. - “Karvon ko’p rizqi bo’lak” deganlaridek, mahalladagi barcha hunarmandlarning buyumlari o’z mijozlariga sotilmoqda. Karantin joriy etilgan dastlabki kunlarda barchamizda biroz hadiksirash bo’ldi. Bunday vaziyatda xaridorlar yasagan bumlarimizni sotib olisharmikin, deb ikkilandik. Lekin karantin talablariga, sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilib, ishimizni davom ettiraverdik. Mana, yasalgan buyumlarimizning bozori chaqqon bo’lmoqda. Shuning uchun oilamizda ham qiyinchilik va kamchilik bo’lmayapti.

Darvoqye, mahalladagi Ilhomjon Yuldashev singari hunarmandlar murakkab shariotda ham mehnat qilishdan, izlanishdan to’xtamadilar. Ular bugungi kunda ham o’z faoliyatlarini bir maromda davom ettirmoqdalar.

Mahalladagi xotin-qizlarning mehnat faoliyatlari bilan tanishish maqsadida bir necha xonadonlarga tashrif buyurdik. O’zbek ayollari qadimdan o’zining mehnatsevarligi, sabrliligi bilan  ham jamiyatda, ham oilada o’z o’rniga ega. Sardoba ko’chasida yashovchi Arofatxon Xolmatova ham ana shunday mehnatsevar, qo’li gul ayollardan biridir. U bir necha yildan buyon hunarmandchilikning vodiyga xos yo’nalishi bo’yicha faoliyat yuritib kelmoqda. Barchamizga ma'lumki, vodiyda milliy ufr odalarimizga ko’ra kuyovlarimiz uchun to’n tikiladi. Arofatxon Xolmatova to’n tikishning havosini olgan, tumanda el og’ziga tushgan mashhur chevarlardan hisoblanadi. 

Arofatxon Xolmatova to’ndo’zlikni mahalla chevrasida davom ettirish maqsadida o’z hunarini 5 nafar ayolga mukammal ravishda o’rgantib, ularni ish bilan bandligini ta'minlamoqda. Serg’ayrat ayol barcha ishlardan ortinib, xovlisidagi uzum va manzarali gullarni parvarishlashga ham vaqt topadi.

Soy bo’yi ko’chasida yashovchi Ziyodaxon Qodirova esa bir necha yillardan buyon tikuvchilik bilan shug’ullanib kelgan. Oiladagi moddiy yetishmovchilik tufayli qo’shimcha tikuv mashinasi sotib ololmayotgan edi. Yurtimizda xotin-qizlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, o’tgan yili imtiyozli kredit asosida 3 ta tikuv mashinasi xarid qildi. Juda qisqa muddat ichida o’z ishini yo’lga qo’yib, hozirda 6 nafar qizlarga tikuvchilik sirlarini o’rgatib kelmoqda. Xuddi shuningdek, Sardoba ko’chasida yashovchi Maxfuzaxon Abduqayumova ham imtiyozli kredit asosida 3 ta tikuv mashinasi olib, shogirdlari bilan birga o’z faoliyatini davom ettirmoqda.

Yangi do’kon ko’chasida yashovchi Dilraboxon Mamajonova esa mahalladagi eng tajribali tikuvchilardan. U tikuvchilik sexi ochib, mahalladagi bir necha ishsiz ayollarni ish bilan ta'minladi. Hozirgi kunda ham bir maromda karantin qoidalariga amal qilgan holda ish faoliyatini davom ettirmoqda. U yoshlarga tikuvchilik sir-asrorlarini o’rgatish bilan birga, turli korxona va tashkilotlarga buyurtma asosida sifatli kiyim-bosh tikib berishni yo’lga qo’ygan.

Yurtimizda milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash ustuvor vazifalardan biriga aylangan. Shu maqsadda Yangi do’kon mahallasidagi usta hunarmandlar yon-atrofiga qiziquvchan yoshlarni yig’ishib, usta-shogird maktabini yaratganlar. Qolaversa, ular tomonidan kam ta'minlangan oila farzandlariga ham beg’araz hunar o’rgatish tizimi yo’lga qo’yilgani alohida tahsinga sazovordir.

Mahallaga tashrifimiz so’ngida shuni aytishimiz kerakki, yangi do’konliklar pandemiya sharoitida yangicha hayot tarziga moslashgan holda mehnat qilmoqdalar va yashamoqdalar.

Qo‘shtepa tumani hokimligi Axborot xizmati