Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
Qo’shtepa tumani hokimi o’rinbosari - tuman investitsiyalar va tashqi savdo bo’limi boshlig’i Xurshidjon Axmedovning tuman aholisiga, ishbilarmon va tadbirkorlariga MUROJAATI:
2020-07-14 15:43:49 259
O’z sog’lig’imizni, o’z oilamizni o’zimiz asraylik!
Joriy yilning 8 iyul kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida o’tkazilgan videoselektor yig’ilishi avvalida butun dunyoda ming-minglab odamlarning o’limiga sabab bo’layotgan koronavirus degan xatarli ofatga aslo beparvo va yengil qarab bo’lmasligi yana bir bor o’ta kuyunchaklik bilan ta'kidlandi. Odamlarimiz «O’z sog’lig’ingni, o’z bolangni, o’z oilangni o’zing asra!» degan shiorga amal qilib yashashga chaqirildi.
Davlatimiz rahbarining xalqimiz salomatligiga e'tibori, boshqa odamlar tashvishini o’z tashvishi deb qabul qilayotgani, otalarcha g’amxo’rligi har birimizning ruhimizni ko’tarib, ertangi kunga ishonchimizni mustahkamlash bilan birga, o’zimiz va o’zgalar salomatligiga mas'uliyatimizni oshirishi shart.
Koronavirusning keng tarqalishi bilan bog’liq bugungi holat dunyo bir butunlik ekanligini yana bir bor namoyon etdi. Bugun tashvishlar bir - taqdirlar bir. Odamzod eng katta boyligi - sog’lig’ini asrash, hayotning davom etishi va ko’nikkan turmush tarziga yana qaytishi uchun tinimsiz kurash olib bormoqda. Eng yomoni, qarshi kurashilayotgan dushman - ko’rinmas dushman. Uning tahdidi, uning zarbasi zalvari 14 kungacha sezilmasligi mumkin. Lekin shu vaqt ichida u insonni tamoman mahv etadi. Odam bilib-bilmay uning qo’shiniga, quroliga aylanib qoladi.
Mutaxassislarning ta'kidlashlaricha, niqob taqqan odamning virus yuqtirib olish ehtimoli 70 foizgacha kamayar ekan. Demak niqob taqish, antibakterial spreylar va sovunlab qo’l yuvishni kundalik odatga aylantirishimiz kerak.
Bu kurashda tibbiy choralar bilan birga yuksak tafakkur, qat'iy intizom, sabr-toqat va ulkan mas'uliyat ko’rsatishimiz lozim. Bu sifatlar bizning eng asosiy va eng ta'sirchan qurolimizga aylanishi shart.
Pandemiya barcha sohalarga o’z ta'sirini o’tkazmasdan qolmayapti. Shu bois karantinga moslashish va shunday sharoitda ishlashga o’rganishni hayotning o’zi taqozo etmoqda. Tumanimizda ham kichik biznes va tadbirkorlikka qulaylik yaratish, korxonalarni qo’llab-quvvatlash, investitsiya loyihalarini o’z muddatida amalga oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Korxonalarning barqaror ishlashi yo’lida barcha sa'y-harakatlar ishga solinyapti. Shunday ekan, sarosimaga va vahimaga berilmay, karantin qoidalariga amal qilgan holda ishlashga va yashashga moslashishimiz lozim.
Prezidentimiz ta'kidlaganidek, hammamiz yanada jipslashib, sabr-matonatli bo’lsak, shifokorlar tavsiyalariga to’liq amal qilsak, albatta, bu kasallikni tezroq yengib o’tamiz!
Xurshidjon Axmedov,
Qo’shtepa tumani hokimi o’rinbosari - tuman investitsiyalar va tashqi savdo bo’limi boshlig’i.