Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Iyul 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
1234567
891011121314
15161718192021
22232425262728
293031    

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 131 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

Qo’shtepa tumani hokimi I.Novikovning koronavirus pandemiyasi tufayli karantin cheklovlari joriy etilishi munosabati bilan tuman aholisiga MUROJAATNOMASI

×

 2020-07-14 10:16:03    177

PDF yuklash
Chop etish


Assalomu alaykum aziz qo’shtepaliklar!

Barchangizga ma'lumki, bugun dunyoning deyarli barcha mamlakatlari koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashmoqda. Dunyo bo’yicha bu kasallikka chalinganlarning soni 13 milliondan oshdi, u sababli vafot etganlar soni esa 572 ming nafarga yaqinlashdi. Ushbu raqamlar koronavirusning naqadar xavfli ekanligini yaqqol namoyish etmoqda.

Ming afsuski, koronavirus yurtimizni chetlab o’tmadi. Ayni vaqtda mamlakatimizda bu kasallikka chalinganlar soni 13 ming nafardan oshgani, eng qayg’ulisi, 60 nafardan ortiq hamyurtlarimizning hayotdan erta ko’z yumganlari bu ofatning qanchalar jiddiy ekanligini tasdiqlab turibdi.

Qadrli tumandoshlar!

Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda barcha bir tan-u bir jon bo’lib harakat qilmoqda. Kasallikka qarshi kurashda, uning mamlakatimiz bo’ylab keng tarqalib ketishining oldini olish maqsadida mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan belgilangan chora-tadbirlar, shifokorlarimizning kecha-yu kunduz tinim bilmay jonkuyarlik ko’rsatayotganlari tahsinga loyiq, albatta. Bu sa'yi-harakatlarga javoban, Siz - aziz tumandoshlar ham uyda qolgan holda ularga yordam bera olasiz.

Mutaxassislarning hisoblashicha, ushbu infeksiya bilan kasallangan inson 14 kungacha o’zida uning belgilarini his qilmaydi va uni boshqalarga ham yuqtiradi. Hisob-kitoblarga ko’ra, 1 kishi bu davrda ushbu infeksiyani kamida 400 kishiga yuqtirishi mumkin.

Ayrim yurtdoshlarimiz tomonidan o’zboshimchalik bilan qilinayotgan hatti-harakatlar, ayniqsa, tibbiyot xodimlariga o’z vaqtida murojaat qilmaslik, kasallik belgilari yuqori darajaga chiqqunga qadar o’zini-o’zi davolashga urinishlar og’ir salbiy holatlarga olib kelmoqda.

Eng achinarlisi, bu kabi oddiy e'tiborsizlik, o’zboshimchalik va joriy etilgan karantin qoidalariga rioya etmaslik nafaqat fuqaroning o’ziga, balki aksariyat hollarda butun boshli mahalla yoki ko’chadagi barcha aholining hayotini jiddiy xavotirga solib qo’ymoqda.

 Aziz tumandoshlar!

Davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, tibbiyot qanchalik rivojlangan bo’lmasin, davlat bunga qancha-qancha mablag’ ajratmasin, odamlarimiz shifokorlar tavsiyasiga amal qilmasa, tartib-intizomli bo’lib, karantin qoidalariga rioya etmasa, barcha ko’rilayotgan choralarimiz, pandemiyaga qarshi kurashish uchun safarbar qilingan yuz minglab fidoyi insonlarning mehnati behuda ketishi mumkin.

Shu bois, Hukumatimiz tomonidan 2020 yilning 10 iyulidan 1 avgustiga qadar qat'iy karantin e'lon qilindi. Xususan 10 iyuldan uy sharoitida davolanayotgan bemorlar hamda karantinga olingan shaxslarga tibbiy maslahat hamda axborot berishga qaratilgan tun-u kun uzluksiz faoliyat ko’rsatuvchi 1105 qisqa raqamli Call-markazi faoliyati yo’lga qo’yilmoqda.

Yuqoridagi raqamlarni inobatga olib, ushbu karantin davrini o’zingiz va oila a'zolaringizning sog’lig’i uchun uyda - yaqinlaringiz bilan birga o’tkazing, ko’chaga chiqishga oshiqmang.

Aziz tumandoshlar!

Bugun Sizlarga murojaat qilar ekanman, ushbu og’ir va sinovli kunlarda har bir tumandoshimiz nafaqat o’zi, balki oila a'zolari, yaqinlari sog’lig’i uchun ham mas'ul ekanligini yana bir bor ta'kidlamoqchiman.

Salomatligingizda biror noxushlik va kasallik alomatlarini his qilganingizda befarq bo’lmang, darhol shifokorlarga murojaat qiling va nazoratda bo’ling, o’zingizni yakkalang va zarur muolajalarni o’z vaqtida ko’ring.

Sizlardan har qanday vaziyatda ham birdamlikda, shifokorlar tavsiyalariga amal qilgan holda, tushkunlikka tushmasdan koronavirusga qarshi birga kurashishni so’rayman.

Vahimaga berilmasdan, hammamiz birlashsak, avvalo o’zimiz va yaqinlarimizning, shu bilan birga boshqalarning salomatligiga befarq bo’lmasdan uyda qolib, zaruratsiz, ehtiyojsiz ko’chaga chiqmasdan, oilada farzandlar tarbiyasiga yanada e'tiborli bo’lsak, sabr va matonatli, mehnatsevar, mehr-oqibatli xalqimiz bilan birga bu sinovni ham albatta yengib o’tamiz.

I.Novikov,

Qo’shtepa tumani hokimi.