Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
SO’Z DEPUTATLARGA
2020-06-11 15:07:04 175
Deputat - xalqning ishongan vakili. U xalq nomidan gapiradimi, demak o’zi ham shu xalqqa munosib bo’lishi kerak. Jamiyatda izlanuvchan, fidoyi bo’lmagan deputat bilan hyech qanday yutuqqa erishib bo’lmaydi. Shu sababli deputatlikni ikki karra mas'uliyat deb qabul qilish darkor. Saylovda ovoz bergan insonlarning tanlovda adashmaganliklarini isbotlash uchun deputatlarimiz xalqimiz farovonligi yo’lida qanday mehnat qilmoqdalar? Bugungi deputat talabchan bo’lish bilan birga, odamlar tashvishi bilan ham yashashi kerak.
“So’z deputatlarga” rukni ostida deputatlarimizning faoliyatlari bilan tanishtirib borishga harakat qilmoqdamiz.
Bugun 28 - Shahartepa saylov okrugidan tuman Kengashiga saylangan deputat, O’zbekiston xalq demokratik partiyasi Qo’shtepa tuman Kengashi raisi Shavkatjon Sharopovning fikr mulohazalari bilan tanishamiz.
DEPUTAT - XALQ XIZMATCHISI BO’LISHI KERAK
Deputatlik - juda mushkul, o’ta mas'uliyatli va bir vaqtda sharafli vazifadir. Deputat - saylovchilar oldidagi mas'uliyatni doimo his qilishi va xalqning dardu-tashvishi bilan yashashi, xalq bilan ijro hokimiyati o’rtasidagi ko’prik bo’lishi lozim. Qolaversa, partiyaning mavqyeyi deputatlarining soni va sifati, ularning mas'uliyatni his qilishi, bilimi, ishchanlik qobilyati, xalq orasidagi salohiyati bilan o’lchanadi.
O’zbekiston xalq demokratik partiyasi tuman kengashi deputatlar saylovigacha bo’lib o’tgan davr mobaynida Xalq deputatlari tuman kengashida bir nafar deputat bilan ish olib bordi. Kengash na deputatlik guruhi tuza oldi, na bironta masalani sessiyaga ko’tarib chiqa oldi. 2019 yilning dekabr oyida bo’lib o’tgan saylovoldi jarayonlarda o’tgan davrdagi kamchilik va xatolardan to’g’ri hulosa chiqarib, deputatlikka munosib nomzodlar tanlab olindi. Natija esa shunga yarasha bo’lib, Xalq deputatlari viloyat kengashida bitta o’rin, tuman kengashida 8 ta o’rin olishga erishildi. Xalq deputatlari tuman kengashidagi 7 ta doimiy komissiyadan 4 tasida O’zbekiston XDPdan saylangan deputatlarning rahbarlik qilayotgani partiyadan munosib deputatlar borligini ko’rsatib turibdi.
Saylovdan keyingi besh oy davomida 5 ta dolzarb masalalar doimiy komissiyalarda muhokama qilinib, tegishli yechimlari topildi. 6 marotaba deputatlik guruhining yig’ilishlari o’tkazildi. Bo’lib o’tgan yig’ilishlarda tuman hayotiga oid kommunal xizmat ko’rsatish sohasidagi yo’l qo’yilgan kamchiliklar, maktabgacha va maktab ta'limi, sog’liqni saqlash, nogironligi bo’lgan fuqarolar bilan ishlashdagi amalga oshirilishi zarur bo’lgan ishlar muhokama qilinib, tegishli chora-tadbirlar belgilandi. Shu qisqa davr mobaynida deputatlarimiz tomonidan 70 dan ortiq deputatlik so’rovlari tegishli tashkilotlar va mas'ul shaxslarga yuborilib, muammolarni xal qilish bo’yicha tegishli javoblar olindi.
Darhaqiqat, bugun xalq vakili bo’lish deputatdan juda katta mas'uliyat va tashabbusni talab etadi. Ayniqsa, tuman Kengashi deputatlari o’zlari saylangan okrug hududidagi ijtimoiy, iqtisodiy muammolarni chuqur o’rganib chiqishlari, ushbu hududni rivojlantirish bo’yicha tuman hokimligi tomonidan qabul qilingan dasturning ijrosini ta'minlash yuzasidan jamoat nazoartini kuchaytirish kerak. Chunki, har bitta mahallada aholini hayot tarziga salbiy ta'sir ko’rsatayotgan muammolar mavjud va ulardan biz ko’z yumib ketaversak, bu masalalar hyech qachon o’z yechimini topmaydi. Bular maktabgacha yoki maktab ta'limi, tibbiy xizmat, elektr, gaz, suv ta'minoti, yo’l nosozligi va boshqa masalalarga doir bo’lishi mumkin. Bu masalalar bo’yicha har bir tuman Kengashi deputatining qo’lida yo’l xaritasi bo’lishi kerak.
Tuman Kengashida partiya guruhlari alohida-alohida emas, balki har bir masala bo’yicha birlashib, yechim izlasalar, bundan ko’zlangan samara yuqori bo’lardi. Sessiyalarda ko’riladigan har qanday masalalarni, avvalo, deputatlar, partiya guruhlari, doimiy komissiyalar joylarda o’rganishlari va o’zlarining aniq taklif-mulohazalarini bildirishlari kerak.
Hozirgacha ko’pchiligimiz deputat deganda chiroyli bo’yinbog’ taqib zalda o’tiradigan odamni tushunamiz. Vaholanki, deputat deganlari, Prezidentimiz aytganlaridek, avvalo, vatanparvar bo’lmog’i lozim. O’zi saylangan hududning obodonchiligidan tortib, odamlarni qiynayotgan muammolar, ularni bartaraf etish yo’llari, davlat boshqaruvi organlari mas'ul rahbarlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o’rnatishga mas'ul bo’lishi kerak. Nima qilsa, hudud yanada obod bo’ladi, odamlar turmushi yaxshilanadi, ishlab chiqarish kengayadi kabi muhim savollar o’y-fikrini band etishi darkor. Bu borada turli tashabbus va g’oyalar uning miyasida charx urishi kerak. Shaxsan men deputat sifatida shunday faoliyat olib borishni o’zim uchun tanladim. Boshqa deputatlarni ham shunga da'vat etmoqdaman.
Shavkatjon Sharopov,
Xalq deputatlari tuman kengashi deputati.