Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
PREZIDENT QO’SHTEPADA FERMERLAR BILAN UCHRASHDI
2020-06-09 16:37:04 176
- QANDAY MEHNAT QILSAK, SHUNDAY HAYOT BO’LADI, - DEDI SHAVKAT MIRZIYOYEV
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev aholi hayoti, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan tanishish maqsadida 5-6 iyun kunlari Farg’ona viloyatida bo’ldi.
Davlat rahbari korteji dastlab Qo’shtepa tumanidagi “Tursunov Yusufjon yeri” fermer xo’jaligi yonida to’xtadi.
Bu yerda 50 gektar g’alla, 30 gektar paxta yetishtirilmoqda. Prezidentimiz g’alla rivojini ko’zdan kechirdi. Gektaridan 82 sentner hosil olish kutilmoqda.
Shu yerda qishloq xo’jaligi sohasi mutasaddilari va fermerlar bilan muloqot bo’ldi.
- Har bir hududning yeri, resurslari, imkoniyatlari o’ziga xos. Bugun Farg’onaga kelishimizdan maqsad - bu imkoniyatlarni to’liq safarbar qilib, odamlarga ish o’rni, daromad manbai uchun sharoit yaratish, har bir tuman bo’yicha aniq reja shakllantirish. Qanday mehnat qilsak, shunday hayot bo’ladi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashrfi qo’shtepaliklar ko’nglini tog’dek ko’tardi. Yurtboshimizning qishloq xo’jaligi sohasi mutasaddilari, fermerlar va nuroniylar bilan bo’lgan muloqoti har bir qo’shtepalikka ruhiy madad, ishonch va ko’tarinki kayfiyat baxsh etdi. Ayniqsa, bu uchrashuv «Tursunov Yusufjon yeri» fermer xo’jaligi rahbari A'zamjon Yusupov uchun bir umrga unutilmas voqyea bo’lib qoladi.
A'zamjon Yusupov, Qo’shtepa tumanidagi «Tursunov Yusufjon yeri» fermer xo’jaligi rahbari:
-27 yoshda katta bir fermer xo’jaligini boshqaryapman. Dastlab tender g’olibi sifatida 30 gektar yerda dehqonchilik qilishni boshlaganmiz. Bu yil fermer xo’jaligimizning 53 nafar a'zolari bilan 50,2 gektar yerda g’allaning «Semurg’» navini parvarishladik. Hosil cho’g’i juda ham mo’l. Har gektar yerdan o’rtacha 85 sentnerdan g’alla olishni maqsad qilganmiz. 29,6 gektar yerda parvarishlanayotgan «Namangan-77» navli paxtamiz ham baravj rivojlanmoqda.
Yurtboshimizning qutlug’ tashrifi sharofati bilan hosilimiz yanada barakali bo’lishiga ishonamiz. Demak, xalqimizning rizq-nasibasi hamisha ulug’. Fermer xo’jaligimiz dalalariga tashrif buyurgan davlatimiz rahbari hayotiy o’git va maslahatlari bilan ko’nglimizni tog’dek yuksaltirdi. Darhaqiqat, bugun fermerlar qishloqda bosh islohotchi bo’lishi, faollik va fidoyilik borasida bir qadam oldinda yurishi kerak.
Bu tashrif shaxsan o’zimning hayotimda, xo’jaligimiz a'zolari va qo’shtepalik fermerlar uchun unutilmas taassurotlar qoldirdi. Yaxshi niyat bilan amalga oshirayotgan ishlarimiz davlatimiz e'tiborida ekanligini yana bir bor anglab yetdik.
Ota-bobolarimiz yangi yerlarni o’zlashtirib, dehqonchilik qilish mashaqqatini oila qurib, yaxshi farzandlarni tarbiyalashdek sharafli yumushga qiyoslashlari bejiz emas. Fermer sifatida elimizning rizq-nasibasi butun bo’lishi uchun bundanda samarali mehnat qilaman.
Qo‘shtepa tumani hokimligi Axborot xizmati