Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Noyabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930 

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 26 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

COVID-19 PANDEMIYASI DAVRIDA QISHLOQ HAYOTI:

×

 2020-05-26 15:28:31    361

PDF yuklash
Chop etish


QALB QO’RIDAN YARALAYOTGAN MO’'JIZALAR

Mittigina, ko’zga ko’rinmas maxluqning butun olamni qamrab olib, hammani uyda qolishga majbur etishi... Dunyo atalmish katta karvonni to’xtatib qo’yishi... Butun boshli megapolis shaharlar, katta-katta maydonlarning bo’shab qolishi... Bunday holatni biz-ku: ellik yoshning nari-berisidagi kishilar, hatto yuz bilan yuzlashgan bobolarimiz ham, momolarimiz ham eslay olishmaydi. Darhaqiqat bugun butun dunyo xalqlari imtihonli  kunlarni boshdan kechirmoqda.

Mamlakatimizda koronavirus kasalligi aniqlangach karantin e'lon qilinib, harakatlanish cheklandi, ommaviy tadbirlar bekor qilindi. Jamoat transportlari qatnovi to’xtatildi. Ammo hayot to’xtagani yo’q. O’z vaqtida tezkor qabul qilingan chora-tadbirlar tufayli u yangi sharoitlarga moslashgan holda davom etyapti.

Odamlar avvalgidan farqli ravishda, boshqacha tarzda hayot kechirmoqdalar. Bugungi covid-19 pandemiyasi davrida qishloq odamlari qanday yashamoqdalar, nimalar bilan shug’ullanmoqdalar? Ushbu savollarga javob topish maqsadida Qo’shtepa tumanidagi “Soxibkor” mahalla fuqarolar yig’inida bo’ldik.

“Soxibkor” mahalla fuqarolar yig’inining aholisi 4164 nafarni tashkil qiladi. Qishloq odamlari asosan dehqonchilik, kosibchilik, hunarmandchilik bilan shug’ullanadi. Dehqonlari         yer bilan tillashib, to’rt fasl davomida meva-sabzavotlar yetishtiradi. Ular yetishtirgan uzumlar juda mashhur. Chunki yetishtirgan uzumlariga bor mehrini berib qarashadi. Aslini olganda bir yillik uzumning daromadi chakki bo’lmaydi. Hosil so’ngida kimdir mashina oladi,  kimdir to’y qiladi yoki ro’zg’orning kamini to’ldiradi. Shunday bo’lsada, soxibkorliklar yerni bir qarichini ham qarovsiz qoldirmay uzum tagiga ham ekin ekishadi. Ayniqsa, soxibkorlik sohibjamol ayollarni aytmaysizmi?

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 18 fevral kungi 5938 sonli farmonida xotin-qizlarning bandligini ta'minlash, mehnat sharoitlarini yaxshilash, ularni oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandchilikka keng jalb etish masalalarida har tomonlama manzilli qo’llab-quvvatlash vazifasi belgilangan. Shunga ko’ra Qo’shtepa tumanidagi barcha mahalla fuqarolar yig’inida bu borada jadal ishlar olib borilmoqda. Ayollar hunarmandchilikka jalb etilib, ularning bandligi ta'minlanmoqda. “Soxibkor” mahallasidagi ayollar asosan hunarmandchilikning turli yo’nalishlarida faoliyat olib borishadi. Mahallada 100 dan ziyod ayollar hunarmandchilik bilan shug’ullanishgan bo’lsa, pandemiya davrida ularning safi yanada kengaydi. Qo’li gul opa-singillarimiz do’ppi tikishadi, gilam to’qishadi, ko’rpa-to’shak tayyorlashib, tikuvchilik qilishadi. Mehnatda toblangan bu ayollar tomorqa ishlarini bajarishib, mol-qo’yga qarashadi. Shuncha ishdan ortinib, kashta tikkani, xatto qoshga o’sma surgani ham vaqt topishadi.

Oltmish yoshga borib, yetmish yoshdan oshgan ayollarning g’ayrati o’ziga yetarli. Ularning aksariyati shu yoshda ham do’ppi tikadi.

Do’ppi yurtimizning turli hududlarida o’ziga xos uslub va ko’rinishda tayyorlanadi. Tikilish jarayonida aholi turmush tarzi, urf-odatlari, mahalliy an'analar va tabiat uyg’unligi aks etadi. Do’ppining turlari ko’p. Ular tashqi ko’rinishiga ko’ra, gilam, iroqi, chust, duxoba, qalampir, zar do’ppi, deya ataladi. Soxibkorlik ayollar esa dunyoga mashhur Marg’ilon do’ppilarini tikishadi. Qisqasi, do’ppida xosiyat ko’p. Ular mehr nuri qo’shib tikiladi. Ularda urf-odat va an'analarimizning in'ikosi bor.

Hududdagi bir nechta oilallarda bo’lib, ish faoliyatlari bilan tanishdik. Suhbatdoshimiz Raximaxon aya do’ppido’zlik sulolasining davomchilaridan ekan. Uy sharoitida Raximaxon aya Sotvoldiyeva boshchiligida oilaviy do’ppi tikilib, tayyor holatga keltiriladi. Ular ajdodlardan meros bo’lib kelayotgan kasb sirlarini puxta o’zlashtirgan. Raximaxon ayaning o’zi ham Marg’ilon do’ppisining o’nlab yangi nusxalarini yaratdi.

- Pandemiya bizni yanada ko’proq harakat qilishimizga turki bo’lmoqda, - deydi Raximaxon aya Sotvoldiyeva biz bilan bo’lgan suhbat chog’ida. - Bu yil uzumlarning hosili yaxshi. Yerdan unumli foydalandik. Yurtboshimiz aytganlaridek, tomorqadan bir necha marotaba hosil olishga harakat qilmoqdamiz. Oila daromadiga ko’proq foyda keltirish maqsadida qo’l mehnatini ham ko’paytirmoqdamiz. Tayyor mahsulotlarimizni xaridorlarning o’zi uyimizdan olib ketishadi.

Mahallada qiziq manzaraga duch kelasiz. Qizaloqlar bo’sh vaqt topib o’yin o’ynashga chopsa, soxibkorliklar qo’llariga igna-ip ushlab buvijonisining yoniga chopishadi: “Men ham do’ppi tikaman” deb. Chunki bu joylarda do’ppi tikish san'ati ajdodlardan oshib, onadan qizga meros bo’lib kelmoqda.

Do’ppido’zlik qon-qoniga singib ketgan yana bir ayolning xonadonida bo’ldik. Lolaxon Xolboyeva yoshlikdan do’ppi, kashta tikib, paypoqdan tortib kamzulgacha to’qiydi. Bu ishlar uning jonu dili. Taqdirning hukmini qarangki, Lolaxon ish joyida baxtsiz hodisa tufayli yiqilib, og’ir ahvolda shifoxonaga yotqizildi. Shifokorlar ko’rsatgan muolajalarga qaramay uning oyoqlari ishlamay qoldi. Shiftga termulib bir joyda yotib qolishdan og’irrog’i yo’q ekan... Shunday og’ir damlarda Lolaxon o’zini-o’zi chalg’itishni yo’lini topib, barmoqlari bilan tillashdi. Qo’liga do’ppi olib tika boshladi.

- 1 guruh nogironiman, ikki yildir bir joydaman. - deydi Lolaxon Xolboyeva. - Mahallada kam ta'minlangan oilalar ro’yxatida turamiz. Sog’ bo’lishsin, hokimiyatdan, Shaxzodaxon opam bosh mahalla fuqarolar yig’inidan doim xabar olib turishadi. Yurtboshimizning tashabbuslari bilan “Saxovat va ko’mak” umumxalq harakati yo’lga qo’yildi. Muhtaram Prezidentimizning bu g’amxo’rliklari meni juda to’lqinlantirdi. Ramazon kunlari hokimimiz Ilyosbek Novikovning o’zlari yo’qlab keldilar. Bu e'tibordan juda mamnun bo’ldim. 

Men dastlab o’zimni ovutish uchun qo’limga igna olgan bo’lsam, keyinchalik oilaviy byudjetimizga hissa qo’shayotganimdan ruhlana boshladim. Ikki yildan buyon tunni kunga ulab qancha do’ppi tikib bitirganimni sanog’iga yeta olmayman. Allohning bergan bu sinoviga shukur qilaman.

Ha, Lolaxonning ikki yillik qismati barcha-barchamizni har bir o’tayotgan kunimizning qadriga yetib yashashimizga undaydi va bizga ibrat bo’ladi.   

Vatanimiz hunarmandchilik, qadimiy madaniyat va xalq amaliy san'ati durdonalariga boy. Bunga gilamdo’zlik san'ati ham yorqin misoldir. Shunday ekan, soxibkorlik gilamchi qizlarning faoliyatiga ham qisqacha to’xtalib o’tishni joiz deb bildik.

Mahalladagi aksariyat xotin-qizlar Qo’shtepa tumanidagi “Ismoiljon gilamlari” korxonasida kasanachilik asosida ishlashadi. Ular har kuni ishga borishmaydi, aksincha uy sharoitida gilam to’qishadi. Shuning uchun bu ayollar pandemiya davrida ham ishsiz, daromadsiz qolgani yo’q. Gilam to’qish dastgohi ixcham bo’lganligi uchun uni bemalol uyga o’rnatish mumkin. Kattaligi 1 metrga 1,5 metrlik ipak gilamlari 6 oydan 1 yilgacha to’qiladi. Shu jihatdan uyda to’qish ishchilarga qiyinchilik tug’dirmaydi.

Ayollar uy sharoitida korxonadan berilgan buyurtmaga asosan kichik hajmdagi yodgorlik gilamchalarini to’qishadi. Bu gilamlar uchun xom ashyo sifatida yuqori sifatli tabiiy ipakdan foydalanilishi, gilam tugunchalarining o’ta zichligi, naqsh va gullar rangining nafisligi, ranglarning o’ngimasligi, buning ustiga yuz foiz qo’l mehnati bilan tayyorlanishi ushbu mahsulotning halqaro bozorda o’ta xaridorgir bo’lishini ta'minlamoqda. Aksariyat gilamlar chet ellik mijozlarning yakka tartibdagi shaxsiy buyurtmalari asosida tayyorlanadi. Shuning uchun bu gilamlar o’ta e'tibor, sabr-toqat, yuqori sifatni talab etadi. Kichik o’lchamdagi bir dona gilamchani belgilangan nusxa asosida to’qib tayyorlash uchun har bir to’quvchi ko’z nurini, qalb qo’rini baxsh etgan holda oylab mehnat qilishiga to’g’ri keladi.

Lolaxon Yusupova ham 10 yildan buyon gilam to’qib bu ishning hadisini olganlardan hisoblanadi. Uning gilamlari Turkiya davlatiga eksport qilinmoqda. Ha aytgancha, ularning maoshlari oyma-oy gilamning to’qib bitkazilgan qatoriga ko’ra hisob-kitob qilib boriladi.

Soxibkorda Lolaxon kabi gilamchi qiz-u juvonlar juda bisyor. Ular haqida qancha ko’p yozsak, shuncha kamlik qiladi. Gapning indallosini aytganda Soxibkorda hayot bir maromda davom etmoqda. Ular bugungi sinovli damlarda ertangi yaxshi kunlarga umid va ishonch bilan yashamoqdalar.      


Izoh: Suratga olish jarayonida vaqtincha tibbiy niqoblardan foydalanilmadi.

Qo’shtepa tumani hokimligi Axborot xizmati.