Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Noyabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930 

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 56 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

MASHAQQAT ORTIDA YENGILLIK BOR

×

 2020-05-22 11:22:01    595

PDF yuklash
Chop etish


Mittigina, ko’zga ko’rinmas maxluqning butun olamni qamrab olib, hammani uyda qolishga majbur etishi... Dunyo atalmish katta karvonni to’xtatib qo’yishi... Butun boshli megapolis shaharlar, katta-katta maydonlarning bo’shab qolishi... Bunday holatni biz-ku: ellik yoshning nari-berisidagi kishilar, hatto yuz bilan yuzlashgan bobolarimiz ham, momolarimiz ham eslay olishmaydi. Darhaqiqat bugun butun dunyo xalqlari imtihonli  kunlarni boshdan kechirmoqda. Shubha yo’qki, bu kunlar Yaratgan zotning bandalariga yuborgan sinovi...

Alloh taolo bandalarini sinash uchun ularga turli mashaqqat, ofat-balolar, kasallik va kulfatlar yuboradi. Ojiz odam ana shunday hollarda nima qilishini bilmay dovdiraydi, ne qilarini bilmay o’zini o’tga-cho’qqa uradi. Yordam va tasalli istab, kimlarningdir ostonasiga bosh uradi. Ammo mo’min kishi boshiga g’am-tashvish tushganida yeru osmonlarning haqiqiy Egasi, podshohlarning podshohi Alloh taoloni eslaydi. O’zining shu mulklar ichidagi bir mulk, mahluqotlar orasidagi bir mahluq ekanini xotirlaydi. Tun ortidan yorug’ kunni, kasallikdan so’ng sog’liqni, faqirlikdan keyin boylikni ato etuvchi Parvardigoriga shukrona keltiradi. U har ishda hikmat borligini bilgani uchun Alloh taolo uni bu qiyinchilikda qoldirmasligi va oqibatining go’zal bo’lishini Yaratgandan so’raydi.

Sinov kelsa, oqil kishi o’ziga tasalli beradi.

Alloh ta'olo qur'oni karimda bu haqda shunday marhamat qilgan: Mashaqqat ortida, albatta, yengillik bordir. Mashaqqat bor joyda yengillik ham bo’ladi. (Sharh surasi 5-6 oyatlar). Ya'ni  har qanday mashaqqat bor joyda yengillik ham bor.

Koronavirus sabab ko’pchiligimiz moddiy-moliyaviy manfaatlar ko’zimizni ko’r qilib qo’ygan bir davrda oilamiz borligi va ular bilan birgalikda vaqt o’tkazishimiz muhim ahamiyatga ega ekanligini ochiq-oydin tushunib yetdik. Ahli oilamiz va farzandlarimizdan mas'ul ekanimizni, ularning tarbiyasi qanchalik muhim, bu tarbiyada ota-onaning o’rni beqiyosligini angladik.

Oshna-og’ayni, do’stu yoronlar bilan yig’ilib, gap-gashtak, choyxonayu so’rilar... Hammasi bo’m-bo’sh hozir. Odamlar bir-birini bag’riga bosish u yoqda tursin, hatto qo’l berib so’rasholmay qoldi. Ikki metr masofada turib, niqob ostidan gaplashmoqda.

Pulimiz bo’lsa ham ba'zi xohishlarimizga erisholmay qoldik. Yegan-ichganlarimizga harom, shubha aralashganmi-yo’qmi deb o’ylamaydiganlarimiz ham, har luqmamizni alohida nazorat qila boshladik.

Demak, nima sodir bo’lsa bo’lsin, bizning vazifamiz hyech taraddudga, hyech vahimaga tushmasdan o’z vazifamizni ado qilish ekan. Chunki imonimiz komilki, sodir bo’ladigan har bir jarayon Allohning izni bilandir. Zero, Payg’ambarimiz sollollohu alayhi va sallam: “Qiyomat boshlansa ham qo’lingdagi niholni ekib qo’ygin!” deganlar. Bu bir fursat, bu bir imkoniyat. Ma'naviy kamchiliklarimizni to’g’rilash imkoniyati, amallarimizni sarhisob qilish fursati. Amal daftarimizni qo’limizdan olinishidan oldin, Allohga yetkazilishidan avval taftish qilib olish imtiyozidir bu... Ma'naviy, ruhiy, ong va shuurda, aqliy uyg’onish davri bu. Mana, qanaqa baholasak bo’ladi vaziyatni!

Qanchalab insonlar peshonasini sajdaga qo’yishga fursat topolmayotgan edi. Bitta sura yodlash uchun vaqt yo’q edi. Qazo namozlarini o’qishga, tahajjudga, zikr qilishga-chi?! Mana bizga imkoniyat, mana vaqt. Dunyoviy ilmlarning ahamiyati ham hyech bulardan kam emas, albatta. Bugun maktabda o’qimagan, darsda e'tibor bermagan ilmlarimizni uyda farzandlarimiz bilan o’qib, o’rganishga majbur bo’lyapmiz. Hurmat-ehtiromini vaqtida joyiga qo’ymagan ustoz-murabbiylarning holiga o’zimiz tushdik. Bularni bajarishimiz uchun Rabbimiz bizni bir muddat tashqi dunyodan uzib, ihotalab qo’ydi.

Mashaqqatli kunlarda barchamiz sabr qilib, hukumatimiz talab qilgan tartib-qoidalarga amal qilsak, bu sinovli kunlardan keyin,  albatta, bir yengillik va nusrat keladi inshaalloh.

Abduxoshim Axmadaliyev,

Qo’shtepa tumani bosh imom xatibi.