Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
HAR TOLASI “KUMUSH”DAN
2020-05-12 16:56:32 187
Qo’shtepa tumani pillakorlari chilgi hosil - pilla terimini boshlab yubordilar. Qo’shtepalik pillakorlarning bir oylik sa'y-harakatlari bugun o’zining amaliy natijalarini ko’rsatdi. Har tolasi “kumush”dan bo’lgan hosilni yig’ishtirish ishlari qizg’in suratda olib borilmoqda. Pillakorlar pandemiya sharoitida ham karantin qoidalariga amal qilgan holda sara pilla hosili yetishtirdilar.
Bu yilgi mavsumda tumanda 1850 quti ipak qurti urug’lari parvarishlandi. Bu 102 tonnadan ziyod “kumush tola” yetishtirish imkoniyatini beradi. Shu maqsadda 259 ta fermer xo’jaligi, 132 ta kasanachi bilan belgilangan tartibda mehnat shartnomalari imzolandi, 1270 dan ortiq aholi mavsumiy ishlarga jalb etildi.
Pillakorlar pillaning ilk hosilini yig’ishtirishga astoydil kirishdilar. Tuman hokimi I. Novikov bugun ham joylarda bo’lib, pillakorlar bilan uchrashdi. Topshirilayotgan hosil sifati bilan yaqindan tanishib, xirmonga baraka tiladi. Pillachilikda yaxshi natijalarni qo’lga kiritgan pillakorlarga tuman hokimi esdalik sovg’alari topshirdi.
Pillakorlarning sidqidildan qilingan mehnatlari barakali bo’lmoqda. Ular bir tomondan bir oy ichida mo’maygina daromad olsalar, ikkinchi tomondan yillik mehnat ish stajiga ham ega bo’lmoqdalar.
Pilla mavsumida mahallalardagi ijtimoiy nochor oilalar, ishsiz fuqarolar kasanachilik asosida ipak qurti boqish ishlariga jalb etildi. Bu ish usuli ehtiyojmand oilalarga har jihatdan foyda keltirib oila farovonligini ta'minlamoqda. Yetishtirilgan mahsulotga tarozining ustida, ya'ni birdaniga hisob-kitob qilinmoqda.
Taroziga kelib tushayotgan pilla xirmonlarining dastlabki salmog’i chakki emas. Tumanda davlatga pilla topshirish davom etyapti.
Qo’shtepa tumani hokimligi Axborot xizmati