Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
Mening birinchi ovozim kelajagimga zamin yaratadi
2019-12-12 14:41:46 227
Yoshim o‘n to‘qqizdan oshdi. Shomirza qishlog‘ida tug‘ilib, voyaga yetdim. Dastlab 23-maktabda, keyin viloyat sport o‘yinlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabida disk, nayza va yadro uloqtirish turi bo‘yicha yetuk mutaxassislar qo‘lida taxsil oldim. Oldimga qo‘yilgan maqsadga erishish yo‘lida izlanishdan, mashg‘ulot qilishdan aslo charchamayman. Shuning uchun bo‘lsa kerak, meni viloyatimiz, keyinroq respublikamiz paralimpiyachilari terma jamoasiga qabul qilishdi.
Respublikamiz terma jamoasi tarkibida avvalgi yili Rio-de-Janeyroda yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan Para-Osiyo o‘yinlarida ishtirok etib, disk, yadro va nayza uloqtirish bo‘yicha uchta oltin medalni qo‘lga kiritdim. O‘tgan yili esa Dubay shahrida yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan III Para-Osiyo o‘yinlarida ana shu muvaffaqiyatlarimni takrorladim. Shu yilning 15-17 noyabr kunlari yana Dubayda 2020 yili Yaponiyaning Tokio shahrida o‘tadigan XVI Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi jahon chempionatida terma jamoamiz kuchli beshtalikdan o‘rin oldi. Shu kunlarda Paralimpiya o‘yinlariga qizg‘in tayyorgarlik ko‘ryapmiz.
Men bu yutuqlarimni nima uchun ayni bugun faxr va iftixor bilan tilga olyapman. Gap shundaki, bizning jonajon O‘zbekistonimizda yoshlarning har tomonlama barkamol bo‘lib ulg‘ayishlari uchun barcha sharoitlar muhayyo etib qo‘yilgan.
Shu kunlarda mamlakatimiz Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlari deputatligiga saylovlarga qizg‘in tayyorgarliklar ko‘rilyapti. Imkoniyatim cheklangan bo‘lishiga qaramay, O‘zbekistonimiz bayrog‘ini jahon arenalarida yuksaklarga ko‘targan bir farzand sifatida men ham fuqarolik huquqimdan foydalanib, birinchi marta saylov uchastkasiga chiqib, barcha vakillik organlariga o‘zim ishongan nomzod uchun ovoz beraman. Ishonchim komilki, mening birinchi ovozim barcha tengdoshlarim qatori jonajon O‘zbekistonimizning yaqin besh yildagi taraqqiyotiga zamin yaratadi. Bu taraqqiyot yurtni jahonga tanitadigan sport sohasida yanada salmoqli bo‘lishiga aminman.
Kelgusi yili Tokioda o‘tadigan Paralimpiya o‘yinlarida Vatanimning shuhratini yanada yuksaklarga ko‘tarishga bor kuch-quvvatimni bag‘ishlayman.
Yorqinbek ODILOV
Yoshlar o‘rtasida Para-Osiyo o‘yinlarining uchta oltin medali sohibi