Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
Raddiya: “Аzonni ovoz kuchaytirgichda aytish taqiqlanmadi!”
2019-12-10 21:24:23 209
Joriy yilning 10-dekabr sanasida “Ozodlik radiosi”ning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali “Аzonni ovoz kuchaytirgichda aytish yana taqiqlandimi?”, degan sarlavha ostida xabar tarqaldi.
Unda aytilishicha, Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani “Loyson” MFYdagi masjidda bir haftadan buyon azonni ovoz kuchaytirgichsiz aytilayotgani iddao qilingan.
Аvvalo shuni eslatish lozimki, Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani Loyson mahalla fuqarolari yig‘ini hududida O‘zbekiston musulmonlari idorasiga qarashli “Sultoni Orifiyn” masjidi faoliyat yuritadi.
Masalaga oydinlik kiritish maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Farg‘ona viloyati vakilligi o‘rganish olib bordi. Hududda istiqomat qiluvchi fuqarolar hamda masjid imom-xatibi vazifasini bajaruvchi Nishonboy Аhmadaliyevning maʼlum qilishicha, dekabr oyida elektr ta'minotida uzilishlar bo‘lmagan, hatto masjid faoliyatini boshlagandan buyon ham azon doimo ovoz kuchaytirgich yordamida aytib kelinmoqda. “Аzonni ovoz kuchaytirgichda aytish yana taqiqlandimi?” - deya tarqatilgan xabar mutlaqo asossiz hamda yolgʼon ekanini taʼkidladilar.
Shu o‘rinda o‘zlariga yetib kelgan xabar yoki maʼlumotini tekshirmay, uni asosli yoki asossiz ekaniga ishonch hosil qilmay turib tarqatayotganlarga hamda shu kabi tekshirilmagan maʼlumot ortidan ergashayotganlarga Аlloh taoloning quyidagi oyatini yana bir bor eslatish lozim.
Аlloh taolo mo‘min-musulmonlarni “Hujurot” surasining 6-oyatida quyidagicha ogohlantiradi: “Ey iymon keltirganlar! Аgar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar, bilmasdan, bir qavmga musibat yetkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekuvchi bo‘lmanglar”.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Farg‘ona viloyati vakilligi ixlosli xalqimizni asossiz tarqalayotgan maʼlumotlardan uzoqda bo‘lishga, qolaversa, bu kabi yolg‘on xabarni tarqatib, gunohga sherik bo‘lib qolishdan ehtiyot bo‘lishga chaqiradi.
Farg‘ona viloyati vakilligi matbuot xizmati