Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
SАYLOV VА SIYOSIY PАRTIYALАR
2019-11-20 10:21:57 333
Siyosiy partiyalar mamlakatni mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlantirish hamda demokratiyani taʼminlashda favqulodda muhim rol o‘ynaydigan jamoat birlashmasidir.
Partiyalar fuqarolarning siyosiy hayotda, davlat boshqaruvida ishtirokini taʼminlash, demokratik davlatda davlat hokimiyatining birdan bir manbai bo‘lmish - xalqni siyosiy irodasini ifodalashning muhim vositasidir.
Siyosiy partiyalar ko‘p hollarda hokimiyatning ijro etuvchi va qonun chiqaruvchi tarmoqlari o‘rtasida bog‘lovchi bo‘g‘in vazifasini o‘tab, mazkur davlat hokimiyati organlarining mamlakat ichki va tashqi siyosati bo‘yicha harakatlar dasturini belgilab olishda ham samarali taʼsir ko‘rsatishi mumkin.
Ushbu muhim institut fuqarolarning uyushish, fikrlash, yig‘ilish erkinliklariga asoslanadi. Saylovchilarga ijtimoiy rivojlanishning yaxlit modelini taklif qilish va hokimiyatga kelib, ushbu takliflarni amalga oshirish imkoniyati siyosiy partiyalarni boshqa jamoat tashkilotlaridan farqlovchi xususiyatlardan hisoblanadi.
Shuning uchun ham O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida fuqarolarning siyosiy partiyalarga uyushish huquqi mustahkamlandi, siyosiy partiyalar turli tabaqa va guruhlarning siyosiy irodasini ifodalashi va o‘zlarining demokratik yo‘l bilan saylab qo‘yilgan vakillari orqali davlat hokimiyatini tuzishda ishtirok etishi eʼtirof etildi. Yurtimizda siyosiy partiyalarning bevosita faoliyatiga oid yaxlit uchta qonun qabul qilingan.
Ushbu qonunlarda YeXHTning Insoniylik mezonlari bo‘yicha konferensiyasining Kopengagen kengashi hujjatida belgilangan alohida shaxslarning yoki shaxslar guruhlarining to‘la erkinlik sharoitida o‘z siyosiy partiyalarini yoki boshqa siyosiy tashkilotlarni tuzish huquqini hurmat qilish hamda bunday siyosiy partiyalar va tashkilotlarga huquq va davlat organlari oldida tenglik asosida, bir-biri bilan musobaqalashish imkonini beruvchi zarur yuridik kafolatlar o‘z aksini topgan. “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi Qonunda davlat siyosiy partiyalar huquqlari va qonuniy manfaatlari muhofaza etilishini kafolatlashi, ustavda belgilangan o‘z maqsadlari va vazifalarini bajarishlari uchun ularga teng huquqiy imkoniyatlar yaratib berishi qayd etildi.
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida davlat va jamiyat hayotida siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish bo‘yicha ulkan islohotlar amalga oshirildi.
Аyniqsa, 2017 yil 13 iyulda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda O‘zbekiston Ekologik harakati vakillari bilan videoselektor yig‘ilishidagi maʼruzasi partiyalar faoliyatini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishda hal qiluvchi omil bo‘lib xizmat qildi. Prezidentimiz ushbu maʼruzada “bugun zamonning o‘zi barchamizdan, birinchi navbatda, siyosiy partiyalarning vakillari, deputat va senatorlardan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning nafaqat ishtirokchisi, balki tashabbuskori va asosiy ijrochisi bo‘lishni, boshqalarga namuna ko‘rsatishni talab etmoqda” - deb taʼkidladilar.
Ushbu vazifalar ijrosi o‘laroq o‘tgan davr mobaynida siyosiy partiyalarga davlat boshqaruvida yanada keng ishtirok etish uchun zarur huquqiy asoslar qabul qilindi. Xususan, Vazirlar Mahkamasi aʼzoligiga nomzod u Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari tomonidan dastlabki tarzda ko‘rib chiqilganidan keyin Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqilishi va maʼqullanishi tartibi belgilandi, Bosh vazir hukumat aʼzolari bilan birgalikda har chorakda Qonunchilik palatasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan, tegishli yilga mo‘ljallangan davlat dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risida hisobot taqdim etadigan bo‘ldi. Qonunchilik palatasining fraksiyalari Vazirlar Mahkamasining hisobotini dastlabki tarzda ko‘rib chiqishi hamda Qonunchilik palatasining majlisida majburiy ravishda va har tomonlama muhokama qilinishi lozim bo‘lgan fikrlar va takliflarni ishlab chiqishi mustahkamlab qo‘yildi. Joylardagi partiya guruhlari tuman (shahar) hokimining, shuningdek tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari mansabdor shaxslarining qoniqarsiz faoliyati to‘g‘risida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, viloyat yoki Toshkent shahar hokimiga xulosa taqdim etish huquqiga ega bo‘ldi.
Keyingi paytlarda kadrlar siyosatida yangi tajriba qo‘llanilib, partiya vakillari davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimidagi turli yuqori vazifalarga o‘tkazilmoqda. Siyosiy partiyalar fraksiyalari aʼzolari tomonidan qonunchilik tashabbusi, deputatlik so‘rovlari miqdori sezilarli ortdi. Siyosiy partiyalar qonunchilkka asosan muayyan huquqlarga ega bo‘lib, ularni ichida eng muhimlaridan biri bu - qonunda belgilab qo‘yilgan tartibda davlat hokimiyati organlari saylovlarida ishtirok etish hisoblanadi. Saylov siyosiy partiyalar uchun hokimiyatga ega bo‘lish, davlat hokimiyati organlarini shakllantirishda ishtirok etish, o‘z vakillari orqali davlat va jamoat ishlarini idora etishda qatnashish, jamiyat muayyan qismining siyosiy irodasini ro‘yobga chiqarish, mamlakat ichki va tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, saylab qo‘yiladigan davlat organlaridagi o‘z vakillari orqali tegishli qarorlarni tayyorlashda ishtirok etish va nihoyat ustavda nazarda tutilgan faoliyatini davlat tomonidan moliyalashtirish imkoniyatini beradi.
Milliy saylov qonunchiligimizda siyosiy partiyalarning saylov jarayonidagi barcha ishtiroki erkin, mustaqil, teng va adolatli sharoitlarda taʼminlanishi uchun zarur qonuniy kafolatlar belgilangan.
Saylov kodeksining yangiliklaridan biri bu - siyosiy maydon to‘liq siyosiy partiyalarga berilishi, Ekologik harakatga qo‘yilgan kvota chiqarib tashlangani, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlariga fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan nomzod ko‘rsatish huquqining chiqarib yuborilganida namoyon bo‘ladi. Endilikda siyosiy partiyalar Qonunchilik palatasiga bo‘lib o‘tadigan saylovda 135 emas, balki to‘liq 150 ta saylov okrugida nomzodlarini ko‘rsatish huquqiga ega bo‘ldilar. Bunday yangiliklar siyosiy maydonda partiyalarning yanada o‘zini namoyon qilishiga, ko‘ppartiyaviylikni va partiyalararo raqobatni rivojlantirishga, parlamentda ko‘proq o‘rin olishiga imkoniyat yaratadi.
Saylov kodeksda siyosiy partiya vakolatli vakilining huquqlari ham kengaytirildi. Endilikda vakolatli vakil saylov komissiyasining majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirishda, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish huquqiga ega. Аvvalgi qonunlarda uning faqat saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish huquqigina qayd etilib, shuningdek partiya vakolatli vakilni o‘z aʼzolari orasidangina tayinlashi belgilangan edi.
Partiyalar saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda avvalgi qonunlar bo‘yicha faqat bittadan kuzatuvchi berishi mumkin bo‘lgan bo‘lsa, Saylov kodeksida bittadan bo‘lishga oid cheklov chiqarib tashlandi. Bu ham ochiqlik, oshkoralikni, jamoatchilik nazoratini oshirishga xizmat qiladi.
Qonunchiligimizga asosan partiyalar nomzodlarni o‘zlari mustaqil, demokratik asoslarda tanlaydilar. Qonunchilik palatasi deputatlari hududiy bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ko‘ppartiyaviylik asosida saylanadi. Siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi eʼlon qilingan kundan kamida to‘rt oy oldin Аdliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan va o‘zining saylovda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlovchi kamida qirq ming saylovchining imzosini to‘plagan taqdirdagina deputatlikka nomzodlar ko‘rsatishi mumkin. Bunday talab bejizga o‘rnatilmagan. Har qanday demokratik saylovning muhim sharti bu - siyosiy partiyalar o‘rtasidagi haqiqiy raqobat muhiti hisoblanadi. Bunga esa partiya saylovgacha bo‘lgan muayyan davr mobaynida shakllanib, mamlakatning turli hududlarida ijtimoiy qo‘llab-quvvatloviga ega bo‘lgandagina erishish mumkin.
Deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish siyosiy partiyalarning yuqori organlari tomonidan amalga oshirilib, nomzodlarni tanlash tartibi siyosiy partiyalar tomonidan mustaqil belgilanadi. Siyosiy partiyalar o‘z partiyasi aʼzolarini yoki partiyasizlarni deputatlikka nomzod etib ko‘rsatishga vakolatlidir. Hech kim ularning nomzodlarni tanlash ishiga aralasha olmaydi. Siyosiy partiya u yoki bu shaxsni nomzod etib ko‘rsatish to‘g‘risidagi o‘z qarorini saylovga kechi bilan o‘n besh kun qolganida bekor qilish huquqiga ega, bu shaxs tegishli saylov komissiyasi tomonidan nomzodlik maqomidan mahrum etilishi mumkin. Siyosiy partiya nomzodlar ko‘rsatish muddati tugaguniga qadar tegishli saylov komissiyasiga yangi nomzodni ro‘yxatga olish to‘g‘risida taklif kiritishi mumkin. Barcha partiyalar uchun teng sharoit taʼminlanadi. Saylov komissiyalari siyosiy partiyalarga saylov kampaniyasini o‘tkazish uchun teng shart-sharoitlarni, saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish uchun ajratilgan byudjet mablag‘larining adolatli taqsimlanishini, ovoz berishning va saylov yakunlarini chiqarishning halol bo‘lishini taʼminlash yuzasidan zarur choralar ko‘radi.
Tashviqot maqsadida ommaviy axborot vositalaridan foydalanish tartibi, hajmi va vaqti ham siyosiy partiyalar bilan kelishilgan holda tegishli saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Siyosiy partiyalarga bosma, ko‘rgazmali, audiovizual materiallarni, fonogrammalarni, bosma mahsulotning elektron shakllarini va boshqa tashviqot materiallarini moneliksiz chiqarish hamda tarqatish, saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali tashviqot uchun teng sharoitlar yaratiladi. Saylovchilar bilan uchrashuvlar siyosiy partiyalar tomonidan mustaqil ravishda o‘tkaziladi.
Siyosiy partiyalarning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovda, mahalliy Kengashlarga saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining ana shu maqsadlar uchun ajratiladigan mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Deputatlikka nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyalar organlari saylov komissiyalarining qarorlari ustidan ushbu qarorlar qabul qilinganidan keyin o‘n kun ichida yuqori turuvchi saylov komissiyasiga yoki sudga shikoyat qilish huquqlari qonunchilik bilan kafolatlab qo‘yilgan.
Xulosa o‘rnida qayd etish joizki, bo‘lajak saylovlarda fuqarolarimizning siyosiy partiyalarga talabi yuqori, siyosiy partiyalar o‘rtasidagi raqobat har qachongidan ko‘ra keskin sharoitda o‘tishi bilan avvalgi saylovlardan mutlaqo farq qiladi. Zero bugungi saylovchi bundan besh yil avvalgi saylovchidan o‘zining ijtimoiy-siyosiy ongu, tafakkuri bilan farq qiladi. Shuningdek, mamlakatimizda demokratik jarayonlar yangi bosqichga ko‘tarilgan, ommaviy axborot vositalarining yanada erkinlashgan, blogerlik faoliyati keng rivojlanayotgan, ijtimoiy tarmoqlar taʼsiri kuchaygan, mamlakatimizning jahon hamjamiyatiga yanada keng uyg‘unlashayotgan sharoitda faqatgina kuchli siyosiy partiyalargina munosib o‘rinni egallaydilar hamda Hukumatni shakllantirishda ishtirok eta oladilar.
Miravzal MIRAKULOV,
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori