Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Aprel 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
1234567
891011121314
15161718192021
22232425262728
2930     

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 15 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

CUD TIZIMIDAGI ISLOHOTLARDAN ASOSIY MAQSAD ODIL SUDLOVNI TA'MINLASHDIR

×

 2021-01-11 16:38:34    132

PDF yuklash
Chop etish


Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomalarining har birida sud tizimidagi islohotlar, sud hokimiyatining mustaqilligi himoyasini ta'minlash va odil sudlovga erishish masalalariga alohida e'tibor qaratib kelmoqda.

Davlatimiz rahbari ta'biri bilan aytganda, “adolat davlatchilikning mustahkam poydevoridir, adolat va qonun ustuvorligini ta'minlashda esa, sud hokimiyati hal qiluvchi o’rinni egallaydi”.

Mamlakatimizda sud-huquq tizimini isloh qilish bo’yicha so’nggi to’rt yilda muhim qadamlar qo’yildi. Mazkur sohada yillar davomida yig’ilib qolgan muammoli masalalarni hal qilish borasida 40 dan ortiq qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi.

Oliy sudda ma'muriy ishlar bo’yicha sudlov hay'ati, hududlarda ma'muriy sudlar tashkil etildi. Bundan ko’zlangan maqsad - davlat organlari va mansabdor shaxslarining g’ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish borasidagi konstitutsiyaviy huquqni ta'minlashdir. O’tgan qisqa davrda ma'muriy sudlar hayotiy zarurat sifatida faoliyat ko’rsatishga haqli ekanini isbotladi. Birgina

2019-2020 yillar davomida ma'muriy sudlar tomonidan 29,6 mingdan ziyod ish ko’rilib, ulardan qariyb 20,2 mingtasi yoki har uchtadan ikkitasi qanoatlantirilgan. Jumladan, 2,6 mingga yaqin qarorlar noqonuniy deb topilib, fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari tiklangan. Yuqorida qayd etilganlardan ko’ranidaki, jamiyatimizda qonun ustuvorligi va adolat tamoyillarini ta'minlashda ma'muriy sudlar muhim o’rin tutmoqda.

Joriy yilda Prezidentimiz tomonidan sudlar faoliyatini raqamlashtirish, sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligiga, sudyalarning chinakam mustaqilligini ta'minlash, sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilishga qaratilgan bir qator farmon va qarorlar qabul qilindi.

Qonunchiligimizda eskidan qolgan “ishni qo’shimcha tergov”ga qaytarish instituti tugatildi. Jinoyat ishini qo’shimcha tergovga qaytarish instituti butkul bekor qilinib, sud tomonidan ish bo’yicha barcha holatlar va dalillarga xolisona baho berilishiga zamin yaratildi. Natijada oqlov hukmlari ko’paydi. Xususan, o’tgan to’rt yilda 2 ming 750 dan ortiq oqlov hukmi chiqarilgan. 2020 yilning o’zida 763 nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi. Shuningdek, 1 ming 610 nafar fuqaroga asossiz qo’yilgan moddalar ayblovdan chiqarildi va o’zgartirildi.

Jinoiy jazolarni liberallashtirish borasidagi islohotlar natijasida bu yil sudlangan shaxslarning 74 foiziga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog’liq bo’lmagan jazolar tayinlandi.

Jazo muddatini o’tayotgan va tuzalish yo’liga qat'iy kirgan  616 nafar fuqaro afv etildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga joriy yilning 29 dekabrdagi navbatdagi Murojaatnomasida mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilish, qonun ustuvorligini ta'minlashga qaratilgan islohotlar 2021 yilda izchil davom ettirilishi ta'kidlandi.

Bu haqda fikr yuritganda, davlatimiz rahbarining 2020 yil 24 iyulda qabul qilingan “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi farmoni sud-huquq islohotlarining yangi bosqichini amalga oshirishning huquqiy asosini yaratganini ta'kidlash lozim.

Joriy yilda inson huquqlari to’la-to’kis ta'minlanishi yo’lida sud qarorlarini qayta ko’rish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to’g’risidagi, Ma'muriy sud ishlarini yuritish to’g’risidagi, Jinoyat-protsessual, Iqtisodiy protsessual hamda Fuqarolik protsessual kodekslariga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish haqida beshta qonun loyihalari tayyorlandi. Ular parlamentning quyi palatasi tomonidan qabul qilinib, yaqinda Senatning o’ninchi yalpi majlisida ma'qullandi.

Davlatimiz rahbari tomonidan “bir sud - bir instansiya” tamoyilining ilgari surilishi sud qarorlarini qayta ko’rish tizimida yillar davomida to’planib kelingan muammolarning hal qilinishida ayni muddao bo’ldi. Ta'bir joiz bo’lsa, bu tamoyil ushbu tizimni tubdan ko’rib chiqishga asos soldi.

Kelgusi yildan bir-birini takrorlaydigan sud bosqichlari qisqartiriladi. Xalqaro standartlarga mos ravishda  uch bosqichli sud tizimi yaratiladi. Ya'ni, birinchi instansiya - tuman (shahar) sudlari, ayrim toifadagi murakkab ishlar bo’yicha - viloyat sudlari, apellyatsiya instansiyasi - viloyat darajasidagi sudlar, kassatsiya instansiyasi - Oliy suddan iborat bo’ladi. Natijada sudlarda ishlarning yakuniy yechim topmasdan, qayta-qayta ko’rilishiga, fuqarolarning huquqlari buzilishi holatlariga, ayniqsa, ularning yillar davomida ovora va sarson bo’lib, sudma-sud yurishiga barham beriladi. “Bir sud - bir instansiya” tamoyilining ilgari surilishi fuqarolar va tadbirkorlarning sud idoralariga nisbatan ishonchi oshishiga, sud qarorlarining barqarorligini ta'minlashga xizmat qiladi. Endilikda yangi yildan, viloyatlarda jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy sudlar asosida yagona umumyurisdiksiya sudlari tashkil etilmoqda. Bu o’rinda viloyat darajasidagi 3 ta sud bitta sud sifatida birlashtirilishi xususida gap bormoqda. Ushbu yangilik albatta, aholi va tadbirkorlarga katta qulayliklarni yaratadi.

Shuningdek, xalqaro tashkilotlar va ekspertlarning e'tiroziga sabab bo’layotgan, odil sudlovga xos bo’lmagan ishlarni nazorat tartibida ko’rish amaliyoti bekor qilinadi.

Kelgusi yildan sud muhokamasiga qadar sudda ishlarni dastlabki eshitish amaliyoti yangi tartib sifatida joriy etiladi. Bunda ishni to’xtatish yoki tugatishga asos yetarli bo’lsa, sud ishni avvalgiday tergov yoki prokurorga qaytarmasdan, o’zining yakuniy qarorini qabul qiladi.

Yana bir muhim yangilik - investorlar huquqlarini munosib himoya qilish maqsadida Oliy sudda investitsiyaviy nizolar va raqobatga oid ishlarni ko’rish bo’yicha maxsus sudlov tarkibi tashkil etildi. Endi yirik investorlar, o’z xohishiga ko’ra, nizoni hal qilish uchun to’g’ridan-to’g’ri Oliy sudga murojaat qilishi mumkin.

Sud tizimida raqamlashtirish yanada kengaytirilib, fuqarolarimizga sud binosiga kelib yurmasdan, onlayn tartibda murojaat qilish imkoniyati yaratilmoqda. Shuningdek, fuqarolar o’z arizalarining ko’rib chiqilishi jarayonini masofadan turib kuzatib borishi mumkin bo’ladi.

Sohadagi barcha islohotlarning asosiy maqsadi - jamiyatda adolat, qonun, odil sudlovni ta'minlash, inson haq-huquqlari va erkinliklarini himoya qilishdir.

Bugungi kunda bu borada sudyalar va sud xodimlari oldiga katta va o’ta mas'uliyatli vazifalar qo’yilgan.

Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, O’zbekistonda sudyalar qonunlarning tolmas himoyachilari, adolatning mustahkam ustunlari bo’lishi lozim.

Avazjon ERGASHEV,

Jinoyat ishlari bo’yicha Qo’shtepa tuman sudining raisi.