Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Aprel 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
1234567
891011121314
15161718192021
22232425262728
2930     

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 78 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

Volontyorlik o’zi nima? Bu faoliyat haqida bilgan va bilmaganlaringiz!

×

 2020-09-14 11:08:48    11160

PDF yuklash
Chop etish


Volontyorlar ko’ngilli tarzda (yanada tushunarliroq qilib aytilsa, xolis, fidokorona, savob uchun) insonlar va jamiyat uchun manfaatli bo’lgan, faoliyatida aniq maqsadga ega bo’lgan guruhlar hisoblanadi.

Dunyodagi boshqa mamlakatlarda volontyorlik faoliyati rivojlanib borayotganini istisno etmagan holda aytaman-ki, yurtimizda ushbu zamonaviy ijtimoiy harakat azaldan chuqur ildiz otgan.

Hozirgi vaqtda yer yuzida 100 ga yaqin mamlakatda yirik professional volontyorlik tashkilotlari mavjud. Ular davlatlar tomonidan har tomonlama qo’llab-quvvatlanayotganligi bois, ko’ngillilar sektori jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining muhim tarkibiy bo’lagiga aylanib bormoqda.

Mamlakatimizda volontyorlar faoliyatini tartibga soluvchi aniq mexanizm mavjud bo’lmaganligi sababli, qonunchilikdagi bo’shliqni to’ldirish hamda ushbu faoliyat turi bilan bog’liq holda sodir bo’lishi mumkin bo’lgan noqonuniy hatti-harakatlarning oldini olish maqsadida 2019 yil 2 dekabrda O’RQ-585-son “Volontyorlik faoliyati to’g’risida”gi Qonun qabul qilindi.

Qonunning 3-moddasi faoliyat to’g’risidagi asosiy tushunchalarni belgilaydi:

volontyor - volontyorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxs;

volontyorlik - fuqarolar, ularning guruhlari yoki volontyorlik tashkilotlari tomonidan jismoniy va (yoki) yuridik shaxslarning manfaatlarini ko’zlab ixtiyoriy faoliyatni amalga oshirish;

volontyorlik faoliyati - jismoniy va (yoki) yuridik shaxslarning manfaatlarini ko’zlab bepul asosda amalga oshiriladigan, erkin xohish-irodaga ko’ra bajariladigan, ijtimoiy jihatdan yo’naltirilgan, jamoat uchun foydali bo’lgan ixtiyoriy faoliyat turi hisoblanadi.

Volontyorlik faoliyatining maqsad va vazifalari:

Volontyorlik faoliyatining maqsadlari jismoniy va yuridik shaxslarga, umuman jamiyatga yordam ko’rsatish, atrof-muhitni muhofaza qilish, ijtimoiy ahamiyatga molik tadbirlarda ularni tashkil etuvchilarning roziligi bilan ishtirok etish, jamiyatda fuqarolik nuqtai nazarini, o’zini o’zi tashkil etishni, ijtimoiy mas'uliyat, birdamlik, o’zaro yordam berish va rahm-shafqat tuyg’ularini shakllantirishdan iboratdir.

Qonunga ko’ra volontyorlik faoliyatining vazifalari quyidagilardan iborat:

fuqarolarni aholining turmush sifatini yaxshilashga qaratilgan turli xil jamoat faoliyatiga jalb etish mexanizmlarini shakllantirish;

ijtimoiy vazifalarni hal etishda jamiyatga yordam ko’rsatish;

volontyorlik faoliyatini tashkil etishga qaratilgan fuqarolik tashabbuslarini rivojlantirish va qo’llab-quvvatlash;

aholida sog’lom turmush tarzi ko’nikmalarini shakllantirish, vatanparvarlik tuyg’usini tarbiyalash;

fuqarolar tomonidan ijtimoiy vazifalarni hal etish uchun o’zini o’zi namoyon etish va o’zini o’zi tashkil etish ko’nikmalarini olish.

Qonunga muvofiq o’n sakkiz yoshga to’lgan jismoniy shaxslar volontyorlik faoliyatini amalga oshirishi mumkin.

O’n olti yoshdan o’n sakkiz yoshgacha bo’lgan jismoniy shaxslar volontyorlik faoliyatini, basharti bu faoliyat ularning sog’lig’iga hamda axloqiy rivojlanishiga zarar yetkazmasa va o’quv jarayonini buzmasa, amalga oshirishi mumkin.

Favqulodda vaziyatlar oqibatlarining oldini olish va ularni bartaraf etishga doir ishlarni amalga oshirish uchun faqat o’n sakkiz yoshdan katta bo’lgan volontyorlarga ijozat beriladi.

Shuningdek, volontyorlik volontyor va volontyorlik faoliyatining tashkilotchisi o’rtasida ushbu Qonunning qoidalariga rioya etgan holda yozma shaklda tuzilgan shartnoma asosida amalga oshirilishi mumkin.

Volontyorlik faoliyatining tashkilotchisi, agar u volontyorlik faoliyati bilan oyiga 20 soatdan ko’proq band bo’lsa, volontyor bilan volontyorlik shartnomasini tuzishi shart.

Volontyorlik shartnomasi ikki nusxada rasmiylashtiriladi, ulardan biri volontyorlik faoliyatining tashkilotchisida, ikkinchisi esa volontyorda saqlanishi lozim.

Davlat organlari volontyorlik faoliyati bilan shug’ullanuvchi nodavlat notijorat tashkilotlari bilan birgalikda volontyorlik faoliyati sohasidagi xizmatlarni e'tirof etish bo’yicha turli festivallar o’tkazishi mumkin. Bu bilan jamiyatda volontyorlar hatti-harakatini olqishlash, ularning samarali mehnatini ijobiy baholash va ijtimoiy gumanitar yordam ko’rsatuvchilar safini yanada kengaytirish mumkin bo’ladi.

2020 yil ko’plab dunyo mamlakatlari qatori yurtimizga ham sinovli keldi. Koronavirus epidemiyasi davrida ko’ngilli tarzda ko’makka oshiqqan yuzlab yoshlarning hatti-harakati aynan volontyorlik faoliyatining o’rni, maqsad va vazifalari jamiyat uchun naqadar muhim ekanligini isbotladi.

Ziyodbek HALIMJONOV,

Qo’shtepa tuman adliya bo’limi

yetakchi maslahatchisi.