Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Aprel 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
1234567
891011121314
15161718192021
22232425262728
2930     

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 26 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

Qo‘shtepa tumani hokimining tadbirkorlarga MUROJААTI

×

 2019-11-17 08:31:37    275

PDF yuklash
Chop etish


Hurmatli Tadbirkorlar!

Qo‘shtepa tumani nafaqat viloyatimizda, balki respublikamizda ham kundan-kunga rivojlanib borayotgan ilg‘or tumanlardan biriga aylanmoqda.

Bu zamin o‘ziga xos tabiatiga ega va to‘rt faslning tarovatini ko‘rish mumkin. Shunisi eʼtiborliki, tumanimizning maftunkor iqlimi, unumdor yerlari, eng muhimi, qulay tadbirkorlik va ishbilarmonlik muhiti mavjud.

Shu sababli ham Qo‘shtepada ko‘plab ishbilarmon tadbirkorlar muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqdalar. Ular tomonidan amalga oshirilgan yirik loyihalar, erishgan yutuqlar hududni jadal rivojlantirish va aholi turmush darajasini yaxshilashda muhim ahamiyatga ega ekanligini alohida taʼkidlash lozim.

Qadrli dostlar!

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish va biznesni yuritish uchun qulay muhit yaratish, tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy kafolatlarini mustahkamlash sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Аmalga oshirilayotgan ushbu saʼy-harakatlar tufayli tadbirkorlar ortiqcha ovoragarchilik, qog‘ozbozlik kabi byurokratik to‘siqlardan xalos bo‘ldi, vaqti va mablag‘ini tejash imkoniyati yaratildi. Barcha darajadagi davlat boshqaruvi idoralari, huquqni muhofaza qilish va nazorat organlari, tijorat banklari bilan o‘zaro munosabatlarda tadbirkor huquqlarining ustuvorligi prinsipi joriy etildi.

Bularning barchasi mamlakatimiz iqtisodiyotining tayanch nuqtasiga aylangan xususiy sektorning yanada jadal rivojlanishiga xizmat qilmoqda.

O‘z navbatida, tadbirkor nafaqat o‘zini va oilasini, balki xalqni ham, davlatni ham boqadi. Binobarin, yurtboshimiz taʼbiri bilan aytganda, “Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi”. Tadbirkorlik rivojlanishi natijasida aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash masalalari o‘z yechimini topadi.

Demak, bizning asosiy vazifamiz - kichik biznes va tadbirkorlik sohasini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, mamlakatimiz iqtisodiy qudratini, yurtimizda tinchlik va barqarorlik, ijtimoiy totuvlikni mustahkamlashda bu soha hissasini yanada oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berishdan iboratdir.

Davlatimiz rahbari boshchiligida 7 noyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi ham tadbirkorlarimiz uchun cheksiz imkoniyatlar eshigini ochib berdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Endilikda tadbirkorlar jamiyatda eng asosiy yetakchi kuchga aylanib, barcha mahalliy davlat idoralari faoliyatiga baho berish hamda ularning faoliyati, eng avvalo, tadbirkorlarning manfaatlariga xizmat qilishi ustidan taʼsirchan jamoatchilik nazorati o‘rnatiladi.

Аziz qoʼshtepaliklar!

 Qadim-qadimdan xalqimiz ziyoli va tadbirkor bo‘lgan. Tadbirkorlik qobiliyatini rivojlantirishda Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Har bir oila – tadbirkor” Davlat dasturi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Unga ko‘ra, joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida aholi bandligini taʼminlash maqsadida tumandagi 825 nafar fuqarolarga 15.4 mlrd. so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi. Natijada yuzlab muhtoj oilalarda uy mehnati, kasanachilik va boshqa turdagi tadbirkorlik tashkil etildi. O‘z navbatida shu yo‘l bilan oilalarning qo‘shimcha daromad manbai yaratildi. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, biz asosiy eʼtiborni kafolatlangan ish o‘rni tashkil etadigan va yalpi ichki mahsulot hajmi oshishiga taʼsir ko‘rsatadigan tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratamiz.

Hurmatli tadbirkorlar!

 Sizning faoliyatingizni rivojlantirish, samaradorligini oshirish, yangi ishchi o‘rinlar yaratish borasidagi harakatlaringizni qo‘llab-quvvatlash uchun tumanimizdagi 4 ta sektor rahbarlari hamda barcha darajadagi rahbarlarning kichik biznes sohasini rivojlantirish borasidagi ish uslubi tubdan o‘zgartirilmoqda.

Tumanimizda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlarning murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi tashkil etilgan bo‘lib, tadbirkorlik faoliyatidagi mavjud muammolarni o‘rganib boruvchi doimiy Shtablar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Shu kunga qadar tumandagi Bosh vazir qabulxonasiga kredit, bino va yer ajratish masalalarida tushgan 59 ta muammoli masalalar ijobiy hal etildi.

Bugungi kunda tumanimizda 6 ta xorijiy investitsiya ishtirokidagi qo‘shma korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Yil yakuniga qadar ularning sonini 10 taga yetkazish bo‘yicha ishlarni tashkil qilmoqdamiz.

Shuni alohida taʼkidlamoqchimanki, shaxsan mendan tortib, barcha sektor rahbarlari, xizmat ko‘rsatish idoralari, hatto jamoat tashkilotlari ham tadbirkorga xizmat qiladilar. Har bir idoraning kun tartibida ustuvor masala - tadbirkorlar bilan bevosita muloqot qilish, ularning dardini eshitish va muammolarini hal qilish bo‘ladi.

Аziz hamyurtlar!

 Tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan fuqarolarimizning biznes g‘oyalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz. Har bir loyiha shaxsiy nazoratimiz ostida bo‘ladi. Loyihani ishlab chiqishdan to uni amalga oshirishgacha bo‘lgan barcha jarayonda bevosita ko‘mak berish birinchi galdagi vazifamizdir.

Sizning loyihangiz - tumanimizning ertangi kelajagi va aholimiz farovonligining kafolatidir. Siz tufayli tumanda ishsizlik qisqaradi, daromadlar oshadi, oilalarimiz, ayollarimiz va farzandlarimiz turmushidan minnatdor bo‘lib, o‘z yurtida halovat topadi.

Tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan muammoli masalalarni ko‘rib chiqish va mavjud byurokratik, shu jumladan, yer uchastkalari va binolar, kreditlar ajratish, ruxsat beruvchi hujjatlarni olish masalalaridagi to‘siqlarni bartaraf etish choralari ko‘riladi.

Tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish bugungi kunda davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridandir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning so‘zlari bilan aytganda, biz faqat faol tadbirkorlik, tinimsiz mehnat va intilish orqali taraqqiyotga, farovon hayotga erisha olamiz.

Qadrli tadbirkorlar!

 Mavjud imkoniyatlarni hisobga olib, tumandagi katta tajribaga ega bo‘lgan, tadbirkorlik sohasida ko‘p yillar davomida mehnat qilib yetarlicha ko‘nikmalarga ega bo‘lgan tadbirkorlarning takliflarini umumlashtirib, shuningdek o‘tgan davr mobaynida tumandagi Bosh vazir qabulxonasiga tadbirkorlar tomonidan kelib tushgan murojaatlarni chuqur tahlil qilib, unda ko‘tarilgan masalalarni inobatga olgan holda tumanimiz tadbirkorlariga quyidagilarni maʼlum qilaman:

- kelgusida hamma narsa, davlat organlari va ularning mansabdor shaxslarining barcha saʼy-harakatlari faqat tadbirkorlar uchun bo‘lishi taʼminlanadi;

- bundan buyon tadbirkorlarga va ularning tadbirkorlik faoliyatiga hech qanday to‘siqlar bo‘lmasligi kafolatlanadi;

- tumandagi barcha rahbarlar tadbirkorlarga yaqindan ko‘makchi va hamkorlikda ishlashi taʼminlanadi;

- tuman hokimi hamda sektor rahbarlari har kuni tadbirkorlar va ularning muammolari bilan shug‘ullanishi kafolatlanadi;

- har bir davlat idoralariga tadbirkorlar tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamda tuman Bosh vazir qabulxonasi orqali kelib tushgan murojaatlarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqib, hal etishni so‘zsiz taʼminlash choralari ko‘riladi;

- tadbirkorlik faoliyatiga asossiz aralashish, ruxsatsiz tadbirkorlik mulklariga zarar yetkazish va boshqa turdagi g‘ayri qonuniy xatti-harakatlar qonuniy javobgarlikka tortilishi kafolatlanadi.

Muhtaram tadbirkorlar!

 Prezidentimizning “Ikkita ish o‘rni yaratgan tadbirkorni boshimga ko‘taraman” degan so‘zlari har biringizga kuch-quvvat bo‘lsin.

Butun kuch, bor bilim va tajribangizni tadbirkorlikni rivojlantirishga sarflang!


*****

Tadbirkorlarning murojaatlari uchun telefonlar:

 

Qoshtepa tumanining hokimi Ilyos Novikov

Tel:. 73 425-20-01

 

Tuman hokimining birinchi orinbosari Baxtiyor Taniqulov

 Tel:. 98 576-10-07,  73 425-12-02

 

Tuman hokimining orinbosari Xurshidjon Аhmedov

Tel:. 91 654-62-40