Shrift o'lchami Rang Rasm

<< Mart 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
25262728293031

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 37 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

Meva-sabzavotchilikni yanada rivojlantirish va eksportini oshirish chora-tadbirlari belgilab berildi

×

 2019-11-06 09:17:20    134

PDF yuklash
Chop etish


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-noyabr kuni meva-sabzavotchilik tarmogʻini yanada rivojlantirish va eksportini oshirish, aholi tomorqalaridan samarali foydalanishni taʼminlash masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazdi.

Oʻzbekiston meva-sabzavot ishlab chiqarishda ulkan imkoniyatlarga ega. Aholi farovonligini doimo oshirib borishda xalqimiz turmush tarziga eng yaqin va tez natija beradigan yoʻnalish qishloq xoʻjaligida yuqori daromadli intensiv ishlab chiqarishni tashkil etishdir.

Mavjud salohiyatimizni toʻliq ishga solishimiz, unga yarasha katta daromad olishimiz zarurligini inobatga olgan holda soʻnggi yillarda mamlakatimizda mazkur soha yuqori shiddat bilan isloh qilinmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan bogʻdorchilik tarmogʻi va issiqxona xoʻjaliklarida boshqaruv tizimini yaxshilash, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini joriy etish, qishloq xoʻjaligida kooperatsiyani yoʻlga qoʻyish, zamonaviy resurs tejamkor texnologiyalar asosida yuqori sifatli, raqobatbardosh va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, oziq-ovqat sanoatini jadal surʼatlarda rivojlantirish maqsadida qator farmon va qarorlar qabul qilindi.

Shunga qaramasdan, jahon bozorida meva-sabzavot mahsulotlari savdosi 205 milliard dollarni tashkil etgan bir paytda, bizning ulushimiz bir foizga ham yetmayapti.

Bugungi yigʻilishda qayd etilganidek, kelgusi yilda meva-sabzavot eksportini 2,5 milliard dollarga yetkazish, keyingi uch yilda bu koʻrsatkichni 5 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlari mavjud.

Davlatimiz rahbari taʼkidlashicha, bunga erishish uchun ekin va navlarni toʻgʻri tanlash, hosildorlik va daromadni kamida ikki-uch barobarga oshirish, isrofgarchiliklarni oldini olish, mahsulotlarni saqlash, logistika masalalari, eksportni toʻgʻri tashkil etish lozim.

Bugungi kunda dunyo bozorlarida gilos, oʻrik, olxoʻri, anor, uzum, bodom, sitrus mevalar kabi mahsulotlarga talab yuqori va ushbu mahsulotlar eksport tushumining asosiy qismini tashkil etmoqda.

Oʻzbekistonda bunday mevazorlar, ayniqsa intensiv usuldagi bogʻlar yetarlicha tashkil etilmayotgani, bogʻ va tokzorlar yaroqsiz holatga kelib qolgani sababli ularning iqtisodiy samaradorligi oʻta past darajada qolayotgani, qator tumanlarda minglab gektar eski bogʻlar yillar davomida hosil bermayotgani tanqid qilindi. Hanuzgacha “mahsulot yetishtirish – xarid qilish – saqlash va qayta ishlash – eksport” zanjirini tashkil etadigan kooperatsiya tizimi joriy qilinmagan.

Yana bir salbiy holat uzumchilikni rivojlantirishda vinochilik korxonalarining oʻrni sezilmayotgani bilan bogʻliq.

– Bu kabi muammolar taʼsirida mamlakatimizda mahsulotlarni yigʻishtirish va saqlashdagi yoʻqotishlar hajmi 30 foizdan kamaymayapti, – dedi Prezident. – Yaʼni, olingan meva nobud boʻlib, tuproqqa qorilmoqda. Bunday sharoitda qanday yangi bogʻ va tokzorlar haqida gapirish mumkin?

Qayd etilganidek, bir qator tumanlar paxta yetishtirishni qisqartirib, meva-sabzavotchilikka ixtisoslashtirildi. Afsuski, ushbu yoʻnalishda ham ishlar qoniqarli darajada boʻlganicha yoʻq.

Seleksiya borasida ilmiy tadqiqotlar yetarlicha yoʻlga qoʻyilmagani bois mamlakatimiz urugʻlikni import qilishga majbur boʻlmoqda.

– Mineral oʻgʻitlar taʼminoti, zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurashish ishlari tizimli tashkil etilmagani ham dehqonning ortiqcha ovora boʻlishiga olib kelib, hosildorlikni oshirishga salbiy taʼsir qilmoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bir soʻz bilan aytganda, sohada yechimini topishi lozim boʻlgan masalalar talaygina. Shuning uchun eskirgan tizimdan butunlay voz kechib, mutlaqo yangi uzluksiz zanjirni yaʼni, kooperatsiya va klaster tizimini tashkil etish kerakligi taʼkidlandi. Bunday yoʻl jahon tajribasida oʻzining samaradorligini isbotladi, klasterning joriy etilishi sohada yuqori natijalarga olib kelayotganini koʻrsatmoqda.

Shu munosabat bilan Prezidentimiz Oʻzbekistonda bir nechta yirik eksportyor klaster tashkil etish, qishloq xoʻjaligida qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish va daromadni oshirish, mahsulot ishlab chiqaruvchilarni aniq bozor, aniq moliyaviy manba bilan ishlaydigan tadbirkorga biriktirish zarurligini taʼkidladi.

Xorijiy mutaxassislar koʻmagida tashkil etilgan Surxondaryo tajribasi asosida 55 ta tumanni eksportbop muayyan mahsulotlar turini yetishtirishga ixtisoslashtirish vazifasi qoʻyildi.

Bundan tashqari, har bir viloyat va tuman hokimi klasterlar bilan meva-sabzavotni toʻgʻri joylashtirishga, agrotexnik tadbirlarning oʻtkazilishiga, yetishtirilgan mahsulotni eksportyor yoki qayta ishlovchiga toʻliq yetkazilishiga shaxsan javobgarligi belgilandi.

Moliya vazirligiga yangi tizim asosida eksportbop mahsulotlar yetishtirishni ragʻbatlantirish boʻyicha moliyalashtirish yuzasidan taklif kiritish topshirildi.

Qishloq aholisi bandligini taʼminlash maqsadida yangi tashkil qilinayotgan kooperatsiyalar negizida 1 gektardan 5 gektargacha ijara asosida yer ajratib beriladi. Yangi bogʻ va tokzorlarni barpo etishga “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida 1 trillion soʻm yoʻnaltiriladi.

Kam taʼminlangan oilalar bandligini taʼminlash maqsadida Fargʻona vodiysining 22 ta tumanida 31 ta namunaviy kooperatsiya tashkil qilinadi. Har bir kooperatsiyaga kamida 50 nafardan ishsiz fuqaro aʼzolikka qabul qilinib, ularga foydalanilmayotgan yerlar, subsidiyalar hamda imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Xalqaro hamda mahalliy moliya tashkilotlaridan mablagʻlar jalb etish orqali gilos, oʻrik, anor, shaftoli, olxoʻri, yongʻoq kabi mevalarga ixtisoslashgan yangi zamonaviy bogʻ tashkil qilish hisobiga hosildorlikni keskin oshirish zarurligi taʼkidlab oʻtildi. Shu bilan birga, eksportbop uzumzorlarni tashkil etish yuzasidan “manzilli dastur” tasdiqlash vazifasi yuklatildi.

Oziq-ovqat va spirtli ichimliklar sanoatida zamonaviy boshqaruv tizimini joriy etish, ishlab chiqarish hajmini keskin oshirish, marketing va innovatsiyani keng qoʻllagan holda eksportbop mahsulotlar assortimentini koʻpaytirish va sifatini yaxshilash, yangi bozorlarni topishga qaratilgan yangicha tizim tashkil etish zarurligi taʼkidlandi.

Prezidentimiz bogʻdorchilik rivoji uchun avvalo koʻchat zarurligi, shuning uchun har yili 20 million dona koʻchat yetishtirishni yoʻlga qoʻyish va eksport qilish imkoniyati borligi koʻrsatib oʻtdi. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligiga manfaatdor tashkilotlar bilan birga kelgusi yili oʻrik, gilos, shaftoli, xoʻraki va sanoatbop uzum, anor, yongʻoq, bodom koʻchatlari yetishtirish plantansiyalari tashkil etish vazifasi qoʻyildi. Shuningdek, Jahon banki mablagʻlari hisobidan Mahmud Mirzayev nomidagi Bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutining hududiy uchastkalarida “in-vitro” laboratoriyalari tashkil etish boʻyicha ham koʻrsatma berildi.

Intensiv koʻchatlar va payvandtaglarni sotib olish xarajatlarining bir qismini fermerlarga subsidiya sifatida qoplab berish, 2020-yil 1-apreldan boshlab “sogʻlomlik” sertifikatiga ega boʻlmagan koʻchatlarni yurtimizga olib kelib, ekishni toʻxtatish zarurligi qayd etildi.

Mamlakatimiz aholisining oziq-ovqatga boʻlgan talabini qoplash va eksport hajmini oshirish uchun meva-sabzavot yetishtirishni yiliga 8-10 foizga koʻpaytirish va qoʻshimcha 1 million tonnadan ortiq mahsulot yetishtirish zarur. Shu bois Qishloq xoʻjaligi vazirligi, viloyat va tumanlar hokimlariga 2020-yilda qayta foydalanishga kiritiladigan 77 ming gektar maydonga oziq-ovqat ekinlari, ertagi mahsulot yetishtirish uchun 200 ming gektarda toʻqsonbosti usulida sabzavotlar ekilishini taʼminlash boʻyicha topshiriqlar berildi.

Oʻsimliklarga kimyoviy ishlov berish va zararkunandalarga qarshi kurashish ham muhim masalalardan. Prezident Shavkat Mirziyoyev buning uchun ixtisoslashgan tumanlarda mineral oʻgʻitlar doʻkonlarini tashkil etish, fermerlar va aholi tomorqalariga shu borada xizmat koʻrsatish tizimini yaratish zarurligini taʼkidladi.

Yigʻilishda aytilgan chora-tadbirlar ijrosini samarali tashkil etish uchun har bir yoʻnalishga mutasaddi rahbarlar masʼul etib belgilandi.


O'zA